
Namanganlik polvonlarimiz Ufa shahri mezbonlik qilgan xalqaro turnirda kuchlilar qatoridan joy oldi
Joriy yilning 9-11 oktyabr kunlari Rossiyaning Boshqirdiston Respublikasi Ufa shahrida belbog‘li kurash buyicha xalqaro Do‘stlik kubogi turniri o‘tkazildi.
2022 yil sentyabr oyida Namangan shahrida Boshqirdiston Respublikasi sport delegatsiyasi va Namangan viloyati hokimligi o‘rtasida sportni rivojlantirish buyicha tuzilgan memorandumga muvofiq tashkil etildi. Mazkur xalqaro turnirda Baxtiyor Turg‘unpo‘latov bosh murabbiyligidagi etti nafar polvonlarimiz belbog‘li kurash bo‘yicha Namangan viloyati terma jamoasi tarkibida yurtimiz sharafini himoya qilishdi.
Xalqaro turnirda shuningdek, Jahon belbog‘li kurash federatsiyasi (JBKA) prezidenti Aziz G‘aniev, Osiyo belbog‘li kurash konfederatsiyasi raisi Mo‘min Muratov, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, Namangan viloyati Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon To‘ychievlar ham ishtirok etishdi. Alohida ta’kidlash lozim, Ufa shahriga tashrif buyurgan delegatsiyamizni mezbonlar hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasining Boshqirdiston Respublikasi Ufa shahridagi vakillari munosib tarzda kutib oldi.
Musobaqada sportchilarimizdan 52 kg vazn toifasida Mohigul Ibragimova, 68 kgda Murodjon Hamidov, 75 kgda Abdurasul Habibullaev, 82 kgda Muhiddin Nuraliev, 90 kgda Iskandar Ismoilov, 100 kgda Rustam Umarov, +100 kgda Latifjon Badalov ishtirok etib, jamoaviy bellashuvlarda finalga qadar etib kelishdi. Hal qiluvchi so‘nggi bosqichda polvonlarimiz mezbonlar jamoasiga qarshi kurash tushishdi va 4-3 natijasi bilan Boshqirdiston jamoasining qo‘li baland keldi.
Final bahslarida polvonlarimizdan Murodjon Hamidov, Muhriddin Nuraliev, Rustam Umarovlar raqiblaridan ustun kelib, g‘alaba qozondi. Sportchilarmiz esa yakuniy natijalarga ko‘ra, shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy oldi. Musobaqa yakunlangach, tantanali taqdirlash marosimi tashkil etildi.
Xalqaro turnir doirasida o‘zaro hamkorlikni davom ettirish xususida kelishib olindi.
Fikrlar