
“Nasaf” “Neftchi”ga nega stadion projektorlarni yoqib bermadi? Vaziyatga oydinlik kiritamiz!
Ertaga O‘zbekiston Superligasida burilish yasashi mumkin bo‘lgan “Nasaf” – “Neftchi” bahsi bo‘lib o‘tishidan xabaringiz bor. Bugun jamoalar o‘yin oldi rasmiy mashg‘ulotlarni o‘tkazishi kerak edi. Ijtimoiy tarmoqlarda aynan shu bahs atrofidagi bir video keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Unga ko‘ra, “Nasaf”ning “Markaziy” arenasiga tashrif buyurgan “Neftchi” klubi futbolchilari uchun stadion ma’muriyati projektorlarini (chiroq) yoqib bermagan va “yo‘lbarslar” mashg‘ulotni kunning qorong‘i qismida o‘tkazishga majbur bo‘lgan. Ushbu video anchagina bahslarga sabab bo‘lgani bois uni o‘rganish maqsadida “Neftchi” va “Nasaf” klublarining rasmiy vakillari bilan bog‘landim.
Unga ko‘ra, farg‘onaliklar stadionga mashg‘ulot vaqtidan 5 daqiqa avval etib kelgan. Jamoa rasmiylari stadion rahbariyatidan "agar mashg‘ulotning so‘nggi qismi (oxirgi 20 daqiqasi nazarda tutilmoqda) chog‘ida projektorlarni yoqishga ehtiyoj bo‘lsa, yoqib berishni imkoni bormi?", - deb so‘ragan. “Markaziy” stadion rasmiylari buni iloji borligini aytgan. Mashg‘ulotning so‘nggi qismi boshlangach, “Neftchi” tomoni arenani yoritishni iltimos qilgan, ammo stadion xodimlari bu ishni texnik sababga ko‘ra uddalay olmagan. Mashg‘ulotning so‘ngiga borib stadion ma’muriyati ikkita projektorni kichik hajmda ishga tushira olgan, xolos. Yorug‘lik kamlik qilgani bois, “Neftchi” mashg‘ulotlarni erta yakunlashga qaror qilgan. “Nasaf” rasmiylari bilan suhbatlashganimizda, ular vaziyatni quyidagicha izohlashdi.
“Ajdarlar” shu kunga qadar o‘z uyida biror marotaba bunday holatga duch kelmagan. Har qanday kuchli raqib bo‘lmasin, behurmatlik yoki ayyorlik qilmaganmiz. Boz ustiga, atayin bu ishga qo‘l urish bizga to‘g‘ri kelmaydi. Hozirgi video "pashshadan fil yasashdek" gap. “Al Sadd” bilan o‘yindan avval projektorlar yangilangan edi. Aynan shu sababli uni yoqish borasida ayrim texnik nosozliklarga duch kelingan”.
“Neftchi” tomonidan qaralganda, voqealar rivojining ko‘rinishi biroz boshqacharoq. Jamoa, o‘zi xohlagandek mashg‘ulotlarda ishtirok eta olmagani sababli asabiylashgan. Shu bois, o‘rinli e’tiroz bildirgan.
“Biz “Markaziy”ga belgilangan vaqtdan 5-10 daqiqa ilgari keldik. Kun hali kech bo‘lmagani bois, projektorsiz mashg‘ulot o‘tkazishimiz mumkin edi. Shunga qaramay, "agar zarur bo‘lsa yoqib bera olishadimi", - deb so‘radik. Ular buni imkoni borligini aytishdi. 30 daqiqa o‘tgach, qorong‘u tushdi. Stadion ma’muriyatidan projektorlarni yoqib berishini so‘radik. Ular bunga harakat qilayotganini, ammo imkoni bo‘lmaganini aytishdi. Natijada, biz rasmiy mashg‘ulotni o‘zimiz istagandek o‘tkaza olmadik. Yakunda, stadion rahbariyati bizdan yuzaga kelgan muammo sababli uzr so‘radi. Biz “Nasaf” jamoasidan xafa emasmiz. Ularga hurmatimiz baland. Shunchaki, yuzaga kelgan muammodan jamoamiz jabr ko‘rgani uchun jahlimiz chiqdi”.
P.S. Superliganing so‘nggida intriga keskin oshib ketgani sababli, kichik detallar ham ko‘zga tashlana boshladi. Bu vaziyat qurboni “Neftchi” ekanligi rost, ammo “Nasaf”ni bunda ayblash noo‘rin. Stadion ma’muriyati yangi projektorlar bilan yuzaga kelgan muammoni tez orada hal etishini ma’lum qildi. Qisqasi, tushunmovchilik yuzaga kelgan. Ikki tomon ham muammoni ortiqcha emotsiyaga berilmay hal qilib oldi. Umid qilamanki, ertaga bu dilxiralikni chiroyli o‘yin yuvib ketadi.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar