
"Navbahor" bilan shartnomam tugadi, O‘zbekiston futbolida yaqqol ko‘zga tashlangan narsa..." yoxud Boyan Tsiger bilan intervyu
Kecha Qatardagi Jahon chempionati nihoyasiga etdi. Mundialga bo‘lgan qiziqish o‘ta yuqori darajada bo‘ldi va unda Argentina terma jamoasi tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonda esa mavsum yakuniga etgan va jamoalar yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish rejalarini ishlab chiqmoqda. Shuningdek, ayrim klublarni etakchi futbolchilar tark etmoqda.
Bu mavsum Superliga va O‘zbekiston kubogida g‘oliblik uchun kurash olib borgan "Navbahor" klubi yakunda chempionliksiz qoldi. Biz shu kabi mavzular borasida jamoaning legioner himoyachisi Boyan Tsigerning fikrlari bilan qiziqdik.
U o‘tgan mavsumda qayd etilgan natijalar, Babayan bilan munosabati va unga eng ko‘p qiyinchilik tug‘dirgan hujumchilar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Xayrli kun, Boyan! "Navbahor"dagi ilk to‘liq mavsum qanday o‘tdi? Superliga va kubokdagi natija siz uchun qanchalik qoniqarli?
- Bizning maqsadimiz ligada birinchi o‘rinni egallash edi va albatta, kubokni qo‘lga kiritishni istagandik. Ikkala sovrin uchun ham afsusdamiz. Lekin bu futbol. Buni qabul qilib, kelasi safarga yanada yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.
- O‘zbekiston futbolida yaqqol ko‘zga tashlangan narsa nima bo‘ldi?
- O‘zbekistonda rivojlanish uchun salohiyat bor. Mamlakatda ichki futbol saviyasini ko‘tara oladigan yangi yosh futbolchilar bor. Aynan ular evaziga O‘zbekiston yuksak natijalarni qo‘lga kiritishi mumkin.
- O‘tgan mavsum yarmida namanganliklar bilan shartnoma imzoladingiz. Ammo dastlab ko‘p vaqtingiz zaxira o‘rindig‘ida o‘tdi. Bu sizga noqulaylik tug‘dirmadimi?
- Ha, men namanganliklar bilan shartnoma imzoladim. Ammo "Nasaf" bilan birinchi o‘yindan keyin jarohat oldim va 3 tadan kam bellashuvda harakat qilmadim. Shuning uchun men deyarli hamma bahsda o‘ynadim. Yo‘q, hech qanday noqulaylik bo‘lmadi. Sababi, bunga asos yo‘q edi.
- Klubingiz ikki frontda chempionlik uchun kurash olib bordi. Ammo yakunda omad "Navbahor"dan yuz o‘girdi. Bunga qanday munosabat bildirasiz?
- Yuqorida aytib o‘tganimdek, har ikkala sovringa da’vogarlar ko‘p edi. Afsuski, omad bizdan yuz o‘girdi. Shunga qaramay, men mavsumni muvaffaqiyatli yakunladik, deb ayta olaman! Chunki raqobat juda kuchli edi va biz jadvalning eng yuqori o‘rinlaridan birida bo‘ldik. Bu ajoyib natija bo‘ldi.
- Bilamizki, bosh murabbiy Babayan asosan, o‘zi ko‘proq taniydigan futbolchilarga ishonch bildiradi. Siz esa uning taklifi bilan klubga chaqirilmagansiz. Murabbiy bilan o‘zaro munosabat qay darajada?
- Kimga ishonch bildirish borasida murabbiyning o‘zi qaror chiqaradi. Yo‘q, siz noto‘g‘ri ma’lumot olgandirsiz, men klubga murabbiyning taklifiga binoan kelganman. U bilan yaxshi munosabatdamiz.
- O‘zbekistonda alohida xususiyatlari bilan e’tiboringizni qozongan klublar bo‘ldimi?
- To‘g‘ri, har kimning o‘z o‘yin falsafasi bor. O‘xshashlari va farq qiladigan uslublar bor. Lekin aniq bir jamoani ajratib ko‘rsatmagan bo‘lardi. Albatta, har bir klub o‘ziga yarasha kuchli va barchasi bizga qiyinchilik tug‘dira oldi.
- Yangi mavsumni "Navbahor"da davom ettirasizmi yoki qulay taklif bo‘lsa, boshqa jamoaga o‘tishni afzal ko‘rasizmi? Umuman kelgusi rejalar nimalardan iborat?
- Biz klub bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. Umuman olganda, bu erda faoliyatimni davom ettirmoqchiman. Ammo hozircha "Navbahor" bilan shartnomam tugadi.
- Superligada sizga eng ko‘p qiyinchilik tug‘dirgan ikki hujumchi nomini ayta olasizmi?
- Bunday futbolchilar ko‘p bo‘ldi. “Nasaf”ning ikki hujumchisi (Norchaev va Lima), Cheran ("Paxtakor"), Norxonov ("So‘g‘diyona), Boake (AGMK), “Surxon”ning markaziy hujumchilari va “Qizilqum” hujumchilari. Ularning hammasi zo‘r va har birining o‘ziga xos uslubi bor.
Qolganlarini ham alohida ajratib ko‘rsatishim mumkin. Ular ham aytib o‘tilganlardan past darajada emas. Ochig‘i, hujumchilarning ko‘pi bizga qarshi yaxshigina muammo yarata oldi.
- Javoblar uchun katta rahmat! Kelgusi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!!!
- Sizga ham taklif uchun tashakkur! Fursatdan foydalanib, namanganlik muxlislarga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Ular har o‘yinda bizni mukammal darajada qo‘llab-quvvatlab turishdi. Futbol muxlislar uchun o‘ynaladi va ular bilan doim qiziqarli bo‘ladi. "Navbahor" ishqibozlari O‘zbekistonda alohida o‘ringa egaligi bilan ajralib turadi.
Shohrux Zoirov suhbatlashdi.
Fikrlar