"Navbahor" legioneri: “Nasaf”dan revansh olish niyatidamiz
Cuperliga 23-turidan o‘rin olgan bahsda Namanganning “Navbahor” jamoasi o‘z maydonida Qarshining “Nasaf” klubini qabul qiladi. Sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borayotgan mazkur jamoalar o‘rtasidagi o‘yinning keskin kurashlar ostida o‘tishi ehtimoli yuqori.
“Navbahor”ning tojikistonlik mahoratli yarim himoyachisi Amirbek Jo‘raboev bo‘lajak uchrashuv borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
- Bizni oldinda juda muhim o‘yin kutib turganligini barchamiz tushunib turibmiz. Bundan tashqari, o‘z maydonimizda to‘p suramiz. Anchadan buyon yirik hisobda g‘alaba qozona olmayapmiz va kam gol uryapmiz. Murabbiylarimiz mashg‘ulotlarda ushbu kamchilikni bartaraf etish ustida ish olib borishmoqda. Xudo xohlasa, bo‘lajak bahsda ijobiy natijaga erishamiz, degan umiddaman.
O‘zbekiston kubogining chorak finalidan o‘rin olgan o‘yinda “Nasaf”ga yutqazib qo‘ydik (0:1) va o‘z oldiga yuksak maqsad qo‘ygan jamoamiz bu alamli mag‘lubiyat bo‘ldi. Shu bois, bo‘lajak uchrashuvda qarshiliklardan o‘sha mag‘lubiyat uchun ham revansh olib, muxlislarga quvonch ulashamiz, degan niyatdaman.
“Nasaf”ga qarshi kechadigan o‘yinda muxlislardan jamoamizni 12-o‘yinchi sifatida bevosita stadionda qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rayman.
Bu esa bizga qo‘shimcha kuch-quvvat bag‘ishlaydi hamda ishqibozlarga bayram kayfiyatini ulashish uchun maydonda barcha imkoniyatimizni ishga solamiz, - dedi futbolchi.

Fikrlar