
"Navbahor"ga qarshi o‘yinlarda "Lokomotiv" ustunlikka ega. Ammo Namangandagi uchrashuvlar buning aksi
Bugun Superliga 25-turi doirasida Namanganning “Navbahor” klubi Toshkentning “Lokomotiv” jamoasini o‘z maydonida qabul qiladi. "Navbahor" klubi matbuolt xizmati uchrashuvga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Mazkur klublar O‘zbekiston chempionatlarining Superliga (oliy liga) bahslarida o‘zaro 31 marta kuch sinashishgan. Mazkur o‘yinlarning 18 tasida “temiryo‘lchilar” zafar quchishgan bo‘lsa, 8 ta uchrashuvda “lochinlar” g‘alaba qozonishgan. Yana 5 ta o‘yinda esa jamoalar durangga imzo chekishgan. To‘plar nisbatidagi ko‘rsatkich – 55-39, “Lokomotiv” foydasiga.
Ushbu klublarning o‘zaro o‘yinlaridagi eng yirik hisob 2016 yili qayd etilgan bo‘lib, unda “temiryo‘lchilar” o‘z maydonlarida 5:0 hisobida zafar quchishgan. “Lochinlar”ning “Lokomotiv” ustidan qozongan eng yirik hisobdagi g‘alabasi 2007 yili Namanganda qayd etilgan bo‘lib, unda “Navbahor” 6:2 hisobida zafar quchgandi. O‘zaro bahslarda toshkentliklar 59, namanganliklar esa 29 ochkoni qo‘lga kiritishgan.
“Navbahor” – “Lokomotiv” jamoalari o‘rtasida shu kungacha Namanganda o‘tkazilgan 15 ta uchrashuvning 7 tasida “lochinlar” zafar quchishgan, 3ta o‘yinda durang natija qayd etilgan hamda 5ta bahsda “temiryo‘lchilar” g‘alaba qozonishgan.
Ushbu jamoalarning birinchi davrada Toshkentda bo‘lib o‘tgan bahsida “Lokomotiv” Temurxo‘ja Abduxoliqovning goli evaziga 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi.
Fikrlar