
"Navbahor"ning bugungi mashg‘uloti qanday o‘tdi yoxud Samvel Babayan Oston O‘runov va Sardor Rashidov haqidagi savolga javob berdi
Ayni paytda yangi futbol mavsumiga tayyorgarlik ayni qizigan pallasiga kirdi. Superligadagi barcha – 14 ta klub oldiga qo‘yilgan maqsadiga yarasha kuchaytirilgan tartibda qishki yig‘inni o‘tkazishyapti. Bundan paytda klublar orasida har tomonlama faollik ko‘rsatayotganlari ajralib turadi. Mana shunday jamoalardan biri “Navbahor” desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Namanganliklar tayyorgarlik jarayonini a’lo darajada o‘tkazishayotganidan tashqari selektsiyada ham ancha peshqadamlik qilayotganini aytmoqchimiz. Chunki klub allaqachon o‘ziga kerakli o‘yinchilarni qo‘lga kiritib bo‘lgan va hozirda bosh murabbiy Samvel Babayan jamoa o‘yinini yaxshilash va futbolchilarning o‘zaro bir-birini tushunishi ustida ish olib boryapti.
O‘zbek futbolida o‘ziga yarasha nomlar mavjud bo‘lib, “Navbahor” ham, Babayan ham ushbu iboramizga to‘liq mos tushadilar. Endi esa “Navbahor” bilan Babayanning birlashishi futbolimizda katta bir kuch paydo bo‘layotgandek. O‘zbek futbolida yana o‘z so‘zini aytishni xohlayotgan murabbiyga bunday imkoniyatni taqdim etishda “Navbahor” qo‘l keladigandek ko‘rinyapti. O‘z navbatida klub sovrinlarni yutishda bu ishni eplay oladigan mutaxassisga muxtoj edi va Babayan ular uchun munosib nomzod bo‘lib chiqdi. Bular hozircha mavsum oldidan bildirilayotgan fikrlar xolos, hammasini esa natija “gapiradi”.
Rahbariyat jamoa uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilyapti. Tarkib esa yaxshi nomlar bilan boyitildi va bu jarayon hali ham davom etyapti. Oxirgi kunlarda “Navbahor” bilan bog‘liq yana yangi xabarlarga ko‘zingiz tushgan bo‘lishi aniq. Sardor Rashidov va Oston O‘runovning Namangan jamoasiga o‘tishlari mumkinligi haqida gap-so‘zlar qulog‘ingizga chalingan bo‘lishi tabiiy.
Bugun esa jamoaning mashg‘ulotini, futbolchilarning holatini yaqindan kuzatish maqsadida Namanganga bordik. Sports.uz muxbirining ushbu safardan ko‘zlagan rejasi bor edi va buni amalga oshirish uchun Babayan bilan uchrashdi. Bu haqda quyiroqda to‘xtalamiz. Jamoaning bugungi mashg‘uloti “Navbahor” markaziy stadionining zaxira maydonida o‘tkazildi. Aytilgan manzilga etib borgan chog‘imizda jamoa a’zolari ham endi etib kelishgan ekan.
Bosh murabbiy o‘z odatiga ko‘ra, mashg‘ulotdan oldin futbolchilarga bugungi tayyorgarlikning yo‘l-yo‘riqlari, nimalarga e’tibor qaratilishi xususida gapirdi. So‘ngra, o‘yinchilar “Navbahor”ning jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiyi Aleksandar Stoymirovichning ixtiyoriga o‘tdilar. Serbiyalik murabbiy o‘zining yangi ish uslubi bo‘yicha futbolchilarni 15-20 daqiqa mobaynida jismoniy tayyorgarligini oshirish yuzasidan ter to‘kishiga majbur qildi.
Bu paytda Samvel Babayan o‘yinchilarning ishga bo‘lgan munosabati, ularning xatti-harakatlarini chetdan diqqat bilan kuzatib turdi. Stoymirovichning mashqlari tugagach, jamoa a’zolarini endi bosh murabbiyning o‘zi shug‘ullantirishga kirishdi. Dastlab Babayan bilan Kolosovskiy ikkitadan tarkibga boshchilik qilib, futbolchilarni to‘p bilan ishlashini nazorat qildilar. So‘ngra, bosh murabbiy butun jamoani taktika ustida ishlashga o‘rgatdi. Keyinroq esa himoyalanish hamda hujum qilish ustida ham astoydil mehnat qilishdi. Maydonning bir chetida esa darvozabonlar murabbiyi Anton Mayeranov posbonlarni shug‘ullantirdi.
“Navbahor” jamoasining mashg‘ulotini chetdan kuzatgan kishi sifatida shuni aytishimiz mumkinki, futbolchilardagi shijoat va harakatchanlik yuqori darajada. Mashqlar esa juda qiziqarli. Barcha futbolchilar o‘z ishiga jiddiy yondashishgan. Ayniqsa, Jamshid Iskanderovning harakatlari alohida e’tirofga sazovor. Baribir uning saviyasi va tajribasi mashg‘ulot chog‘ida ham ko‘zga tashlanib turibdi.
Namanganlik jonkuyar muxlislar esa har doimgidek jamoasining mashg‘ulotini ko‘rish uchun kelishni kanda qilishmaydi. Ularning orasida “Oston kelibdimi”, degan savol yangrayverdi. Aftidan, ishqibozlar O‘runovning qaytishiga ishonishayotgandek. Mashg‘ulot nihoyasiga etganidan keyin Samvel Vyacheslavovich bilan ko‘rishdik. Ammo uni ko‘p ham “ushlab” turmadik. Murabbiy avvalo jamoasining tayyorgarligi xususida shunday dedi:
“Selektsiya ham, yangi mavsumga tayyorgarlik ishlari ham reja asosida ketmoqda. 5 fevral kuni Turkiyaga jo‘nab ketamiz. Tayyorgarlikning keyingi qismini o‘sha erda o‘tkazib, Rossiya premer-ligasi va Qozog‘iston Superligasining ba’zi vakillari bilan nazorat o‘yinlarida kuch sinashmoqchimiz” - dedi Babayan.
Endi hammani qiziqtirayotgan savol: Oston O‘runov va Sardor Rashidovning “Navbahor”ga o‘tayotgani rostmi? Rosti, bu savolga aniq javobni Samvel Vyacheslavovich bera olardi xolos. Chunki selektsiya ishlarini ipidan-ignasigacha o‘zi nazorat qilyapti va shunga yarasha yaxshi saviyadagi ijrochilarni ko‘ndira olyapti. Shu bois balki Babayan O‘runov bilan Rashidovni ham “Navbahor”ga olib kelish payiga tushib qolgandir, degan o‘y-xayol bizdan ham o‘tdi. Bosh murabbiy esa bunga javoban quyidagicha munosabat bildirdi:
“Bugungi kunda ko‘plab jurnalistlar piar-aktsiya uchun nimagadir faqat “Navbahor”ni tanlab olishgan. Fursatdan foydalanib shuni aytishim kerakki, futbolsevar ishqibozlar “Navbahor” haqida rasmiy ma’lumotlarga ega bo‘lishni istasalar, u holda klub saytiga kirishsin. Aynan shu saytda biz rasman tasdiqlangan ma’lumotlarni ishqibozlarga taqdim etishimiz mumkin. Yana qaytaraman: faqat “Navbahor”ning rasmiy saytidagi ma’lumotlarga ishonishsin”.
Hozircha “Navbahor” klubida mana shunaqa gaplar. Vaqt oliy hakam deganlaridek, voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz. Babayan esa O‘runov hamda Rashidov haqidagi savolga qanday javob berganini ko‘rdingiz. Muhimi, klubdagi ichki muhit a’lo darajada. Babayan ularni bir maqsad yo‘lida jipslashtirgani bir qarashdayoq sezilyapti. Shubhasiz, “Navbahor” chempionatda intrigani jonlantira oladi. Maqsad jiddiy, ammo o‘ylagan rejalariga qanchalik erisha olishini oliy hakam – vaqt ko‘rsatadi. Biz esa hozirdanoq bu klub haqida balandparvoz gaplarni gapirishdan o‘zimizni tiyib turamiz. Shunchaki, klub to‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda. Buning ustiga bugun ma’lum vaqt jamoa ichida bo‘lib shunga amin bo‘ldikki, u erdagi muhit havas qilsa arziydigan darajada. Yangi o‘yinchilar esa allaqachon jamoaning bir bo‘lagiga aylanishgan. Darvoqe, mashg‘ulotdan keyin mehmonxonada “Navbahor”ning ikkita yangi etakchisi bilan suhbat uyushtirdik. Unda qiziqarli fikrlar bor. Shunday ekan, Sports.uz sahifalarini kuzatishda davom eting.
Fikrlar