
"Navbahor"ning O‘zbekiston Kubogida "Dinamo"ga qarshi statistikasi qanday?
O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichi, 3-turidan o‘rin olgan bahsda “Navbahor” safarda “Dinamo” (Samarqand) jamoasi mehmoni bo‘ladi.
Xabaringiz bor, mamlakatimizning eng sovrindor klublari qatoridan joy olgan va Superliga (oliy liga)mizning muntazam ishtirokchisi bo‘lgan “Navbahor” billur sovrinni 3 marta – 1992, 1995 hamda 1998 yillarda qo‘lga kiritgan va 1993 hamda 2022 yillarda final ishtirokchisiga aylanib, hal qiluvchi bahslarda “Paxtakor” (0:3, 1993 yili) va “Nasaf” (1:2, 2022 yil) jamoalariga imkoniyatni boy bergan.
“Dinamo” esa bir marta, 1999/2000 yillar mavsumi O‘zbekiston Kubogi o‘yinlarida finalga chiqib, hal qiluvchi bahsda “Do‘stlik”ka (1:4) imkoniyatni boy bergan.
Mazkur jamoalar O‘zbekiston Kubogi doirasidagi bellashuvlarda o‘zaro 5 marta ro‘baro‘ kelishgan.
Ushbu o‘yinlarning 3 tasida “Navbahor” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 1 ta bahsda samarqandliklar zafar quchishgan, yana bitta uchrashuvda esa durang qayd etilgan. To‘plar nisbatidagi ustunlik ham “Navbahor” tarafida – 12 - 6.
Mazkur jamoalarning O‘zbekiston Kubogi doirasidagi barcha uchrashuvlari natijalari:
1994 yil. 1/4 final
“Dinamo” – “Navbahor” – 0:3
“Navbahor” – “Dinamo” – 4:1
2010 yil. 1/8 final
“Dinamo” – “Navbahor” – 2:1
“Navbahor” – “Dinamo” – 3:3
2022 yil. Guruh bosqichi
“Navbahor” – “Dinamo” – 1:0
Eslatib o‘tamiz, “Dinamo” – “Navbahor” uchrashuvi 28 aprel kuni Jizzaxdagi “So‘g‘diyona” markaziy stadionida soat 18:00 da start oladi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar