"Neftchi" klubi o‘z qarorgohiga qaytdi!
Xabaringiz bor, "Neftchi" jamoasining qarorgohida ta’mirlash ishlari olib borilayotgan edi va bu jarayon o‘z nihoyasiga etdi.Bugun mazkur binoning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Hayrullo Bozorov, klub prezidenti, Farg‘ona shahar hokimi Vasiljon Nazarov, klub bosh direktori Mansurjon Toshmatov, jamoa faxriylari, futbolchilar va muxlislari ishtirok etishdi.
Tabdir avvalida jamoaning yuksalishi va rivoji uchun qilingan ishlar xayrli bo‘lishini, mavsum davomida yuksak marralarga intilib, klubning rivoji va g‘alabali natijalari davomli bo‘lishini niyat qilgan holda qur’on-tilovat o‘qilib, ehson qilindi. Shundan so‘ng Hayrullo Hayitbaevich so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini samimiy qutladi.Jamoaga bir vaqtlar turli sabablarga ko‘ra olib qo‘yilgan avtobus qaytarib berilishini aytdi. Barcha imkoniyatlardan oqilona foydalanib, "Neftchi" g‘olibona yurishini davom ettirishi va yuksak marralarga erishib, muxlislarini har tomonlama xushnud etishi lozimligini ta’kidladi. Shundan so‘ng so‘zga chiqqan "Neftchi" bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorchiligini bildirib, mavsumni chempion sifatida yakunlashga va’da berdi.

"Neftchi" faxriysi Lev Viktorovich Vaxtin esa tarihiy binoni qayta tiklashga amaliy yordam bergan barcha mutassadilarga va klubga bo‘lgan yuksak e’tibor uchun viloyat rahbariyatiga samimiy rahmatlar aytdi. So‘z olgan fan klub etakchilari ham yangi ta’mirdan chiqarilgan qarorgoh zamonaviy tus olganligi nafaqat futbolchi va murabbiylarni, balki muxlislarni ham behad quvontirganini etirof etib, keng ko‘lamli ishlarda sidqidildan mehnat qilgan barcha korxona va tashkilot mutaxassislariga tashakkur bildirishdi.
Shundan so‘ng tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar qarorgohda yaratilgan barcha sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar. Undan tashqari, “Neftchi” sport kompleksi futbol maydoni va suv xavzasi ko‘zdan kechirilib, ushbu sport inshootlarini ham ta’mirdan chiqarish uchun topshiriq va rejalar belgilandi.

Ma’luot uchun: Yangilangan qarorgoh binosi 60 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, jami 35 xonadan iborat. Qarorgohda oshxona, 10x4m suv havzasi va parxonalari mavjud. Mazkur bino va inshootlar 1965 yilda qurilgan bo‘lib, “Neftchi” PFKning qarorgohi hisoblanadi. 2021 yildan ta’mirlash ishlari boshlanib, joriy yilning 28 aprel kuni ob’ekt foydalanishga topshirildi.
Manba: "Neftchi" PFK matbuot xizmati.

Fikrlar