
"Neftchi" klubining muxlislar bilan uchrashuvi o‘tkazildi
O‘z oldiga doimgidek katta maqsdalarni qo‘ygan "Neftchi" klubi 14 mart kuni o‘z maydonidagi dastlabki rasmiy uchrashuvda maydonga tushadi. Ushbu bahs oldidan jamoa a’zolarining muxlislar bilan uchrashuvi uyushtirildi.
Farg‘onadagi "Islom Karimov" nomidagi san’at saroyida "Neftchi" futbol klubining yangi mavsumga taqdimot marosimi tantanali ravishda o‘tkazildi.
Tantana boshlanishidan oldin futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari va fan klub a’zolari "Neftchi" jamoasini rang barang shiorlar va quvonchli hayqiriqlar ostida kutib oldilar. Majlislar zalida o‘tkazilgan marosimda "Neftchi"ning klub rahbarlari, murabbiylar, viloyat hokimligi va sportga aloqador tashkilotlarning mas’ul xodimlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar. Ularning gulduros qarsaklari ostida viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasining prezidenti Hayrullo Hayitbaevich Bozorov so‘zga chiqib, jamoa a’zolarini yangi mavsum boshlanishi bilan qizg‘in tabriklab, ularga o‘tgan yillardagidan ko‘ra yuqori natijalarga erishish, har bir uchrashuvda muxlislarni quvontirish, buning uchun esa sport mahoratlari va kuch-qudratlarini birgalikda namoyish etish kabi tilaklarini izhor etdi.
"Muxlislilar ya’ni sizlar bilan biz hamisha jamoa bilan birga bo‘lishimiz, uni har jihatdan qo‘llab quvvatlashimiz, ko‘nglini ko‘tarishimiz va shu tariqa ko‘zlangan yuksak marraga albatta erishishimiz mumkin. Men bugun, —dedi hokim," Olg‘a Neftchi, biz birgalikda qudratli kuchmiz", deb o‘z so‘zimni yakunlamoqchiman".
Hokim tabrigidan so‘ng tantanaga yig‘ilganlar mashhur san’atkorlar ishtirokida tashkil etilgan konsert dasturini miriqib tomosha qildilar. Kontsertda Yaxyo Mo‘minov, Otabek Muhammadzohid, Ilhom Ibrohimov, Qilichbek Madaliev singari o‘zbek qo‘shiqchiligini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shgan dongdor san’atkorlarning chiqishlarini zalda to‘planganlar gulduros qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlab turdilar.
Fikrlar