"Neftchi" o‘z uyida mehmon yoxud oxirgi 4 ta o‘yindan beri "Andijon"ga kuchi etmayapti!
Superliganing 5-turi boshlandi. 7 aprelda start olgan o‘yinlar 11 aprelga qadar davom etadi. Bu turda juda qiziqarli va keskin ruhda o‘tishi kutilayotgan o‘yin bor. Buni vodiy derbisi deb atashadi. Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida yon qo‘shnilar – “Andijon” hamda “Neftchi” o‘zaro kim kuchli ekanligini aniqlash uchun maydonga tushishadi.
Ushbu olishuvga ortiqcha ta’rif shart emas. Azaldan vodiy derbisi nomi ostidagi uchrashuvlar o‘ta shiddatkor va yuqori tempda o‘tib kelgan. Bu safargi to‘qnashuvdan yanada ko‘prog‘ini kutsa bo‘ladi. “Neftchi” musobaqa etakchilaridan biri bo‘lib turibdi va hamon mag‘lubiyatsiz odimlayapti. “Andijon” esa ortda qolgan 4 ta uchrashuvning 2 tasida g‘alaba va 2 tasida mag‘lubiyatga uchradi. Aytish kerakki, o‘tgan turda Toshkentda “Olimpik”ni taslim qilgan holda navbatdagi bahsga ko‘tarinki kayfiyatda etib keldi. Aslida bunday derbida klublarning qanday mavqeda va qaysi o‘rinda ekanligi o‘z kuchini yo‘qotadi. Chunki maydonga tushganda ikkala jamoa a’zolari bir-birini ayab o‘tirmaydilar va nomiga yarasha chinakam derbi namoyon bo‘ladi. Shu sababli bunday vaziyatda klublarning turnir jadvalidagi o‘rni ahamiyatsiz bo‘lib qoladi.

Darvoqe, uchrashuv garchi Farg‘onada o‘tkazilsa-da, “Andijon” bu o‘yinda nominal mezbon hisoblanadi. Taqvim bo‘yicha uchrashuv Andijonda o‘tkazilishi kerak edi. Yaxshi bilasizki, “Andijon”ning uy o‘yinlarini o‘tkazadigan “Bobur Arena”da maydon chimini yangilash ishlari olib borilayotgani munosabati bilan “Burgutlar” uy uchrashuvidagi raqiblarini vaqtincha Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida qabul qilmoqda. Shu sababdan bu safargi to‘qnashuvda “Neftchi” o‘z uyida mehmonga aylanadi.
Bevosita mazkur klublar o‘rtasidagi o‘yinlar tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 47 marta o‘zaro kuch sinashishgan. “Andijon”da 10 ta, “Neftchi”da 32 ta g‘alaba bor. 5 ta uchrashuvda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati 43\93 “Neftchi” foydasiga.

Bu jamoalar oxirgi bor 2020 yilning 15 dekabr sanasida Farg‘onada to‘qnash kelishgan. O‘shanda Superliga pley-off yo‘llanmasi uchun maydonga tushishgan va unda mehmon sifatida harakat qilgan “Andijon”ning qo‘li baland kelgan - 1:3.
E’tiborli jihati shundaki, klublarning oxirgi o‘yinlarida asosan “Andijon” jamoasi muvaffaqiyat qozonib kelmoqda.
Gap shundaki, “Andijon” – “Neftchi” jamoalari ishtirokidagi so‘nggi to‘rtta o‘yinda ustunlik asosan “Burgutlar” tomonida bo‘lgan.
Jamoalarning oxirgi 5 ta o‘yindagi natijalari
15.12. 2020 “Neftchi” – “Andijon” – 1:3
19.08.2016. “Neftchi” – “Andijon” – 1:2
09.04.2016. “Andijon” – “Neftchi” – 2:1
21.10.2015. “Neftchi” – “Andijon” – 0:1
30.05.2015. “Andijon” – “Neftchi” – 0:4
Ko‘rib turganingizdek, “Andijon” “Neftchi”ga qarshi oxirgi 4 ta bellashuvda g‘alaba qozongan. Ayniqsa, Farg‘onadagi so‘nggi uchta uchrashuvdan beri faqat uch ochko bilan qaytmoqda.
Shuningdek, “Istiqlol” stadionida anshlag kuzatilishi shubhasiz. Andijondan ham, Farg‘onadan ham minglab ishqibozlar jam bo‘ladilar. O‘z klublarini tinim bilmasdan qo‘llab-quvvatlashlarini hozirdanoq taxmin qilsa bo‘ladi. Qolaversa, Namangandan ham ko‘plab ishqibozlarning kelishi kutilmoqda. Qisqasi, bugun barchaning e’tibori “Istiqlol” stadioniga qaratiladi. Bunday o‘yinni aslo o‘tkazib yubormang!
Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar