
“Neftchi” so‘nggi bor qachon “Paxtakor”ni Toshkentda mag‘lub etgan? O‘yin oldidan eng muhim ma’lumotlar bilan tanishing
Xabaringiz bor, bugun Toshkentda futbolimiz klassikosi bo‘lib o‘tadi. “Paxtakor” o‘z uyida mag‘lubiyat nima ekanligini bilmay kelayotgan “Neftchi” bilan kurash olib boradi. Bahs oldidan jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar tarixiga nazar solamiz.
Shu kunga qadar jamoalar 57 marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Ularning 27 tasida “Paxtakor” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 21 bahsda farg‘onaliklarning qo‘li baland kelgan. Yana 10 ta o‘yinda tomonlar murosa ko‘chasini tanlagan. To‘plar nisbati 95:69, “sherlar” foydasiga. To‘qnashuv tarixidagi eng yirik g‘alaba “Paxtakor” jamoasiga tegishli bo‘lib, o‘shanda toshkentliklar raqib darvozasiga javobsiz 6 bor to‘p kiritgan. “Neftchi” esa 4:0 natijasidagi yirik g‘alabasi bilan maqtana oladi. Jamoalar tarixidagi eng yirik durang 2010 yilda bo‘lib o‘tgan bahsda qayd etilgan. O‘sha kuni tabloda 3:3 hisobi porlagan. Joriy mavsum boshida (2-turda) Farg‘onada bo‘lgan so‘nggi o‘yinda “Neftchi” 2:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kirtgani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagani aniq. “Neftchi” so‘nggi bor Toshkentda 2016 yilning 12 avgust sanasida g‘alaba qozongan.
Ayni damda, turnir jadvali quyidagicha ko‘rinish olgan.
Raqiblariga nisbatan kamroq o‘yin o‘tkazganiga qaramay, “Paxtakor” birinchi pog‘onani qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega. “Neftchi” ortda qolgan 14 o‘yin davomida mag‘lub bo‘lgani yo‘q. 7 g‘alaba va 7 durang ularning kuchli uchlikda bo‘lishini ta’minlamoqda. “Paxtakor” esa 13 o‘yinda 10 g‘alaba, 1 mag‘lubiyat va 2 durang bilan ikkinchi pog‘onada bormoqda. Shunga qaramay, “sherlar”ni zaxirada yana bir o‘yini mavjud. “Sherlar” “yo‘lbarslar”ni mag‘lub eta olsa, kecha durang o‘ynab muhim ochkodan mahrum bo‘lgan “Navbahor”ni quvib o‘tib, birinchi pog‘onaga ko‘tarilish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Taxminiy tarkib:
“Paxtakor”: Quvvatov, Alijonov, Azmiddinov, Cheran, Hamraliev, Hamrobekov, Xolmatov, Sobirxo‘jaev, Sayfiev, Turg‘unboev, Banashak.
“Neftchi”: Nazarov, Adhamzoda, Jo‘raboev, G‘ofurov, G‘ulomov, G‘ofurov M, Hoshimov, Muhiddinov, Nikabadze, To‘raev, Ubaydullaev.
Bahs bugun soat 20:00 da start oladi. O‘yinni Sport telekanali jonli efirda namoyish etadi. Bahsni matnli translyatsiyasi esa SPORTS.uz saytida olib boriladi. O‘yinni biz bilan kuzating!
Fikrlar