
Nega hamma "Paxtakor" murabbiyi ketishi kerakligi haqida gapirmoqda?
Superligada intriga avjida. Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etgan jamoalar yana kurashga qo‘shildi. Ko‘pchilik "sherlar"ning OChLdagi muvaffaqiyatsizligi tufayli murabbiy iste’foga chiqarilishi kerakligini, chempionatni boshqa - mahalliy murabbiy bilan yakunlasa ham bo‘lishini aytmoqda.
Lekin bu echim bo‘lishiga ishonish juda qiyin. Poytaxtliklarning mag‘lubiyatlari murabbiy sababli emas. Agar jamoa vaziyatlar yarata olmaganda, oldinga o‘tishda qiynalganda shunday fikrni ilgari surish mumkin edi. Biroq vaziyatlar ham yaratildi, imkoniyatlar ham bo‘ldi. Faqat futbolchilarning o‘zlari gol ura olmadi. Murabbiyning o‘zi maydonga tushib gol urmaydiku.
Yaqindagi "Paxtakor"ning sobiq futbolchisi Jaloliddin Masharipov SPORTS.uz saytiga bergan intervyusida O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionati saralashidagi muvaffaqiyatsizligida faqat murabbiy aybdor emasligini aytgandi. Chunki maydonda futbolchilar harakat qilishi, golni ular urishi kerakligini aytganda, u haq edi. Taktika va futbolchilarning maydondagi joylashuvi haqida murabbiy o‘ylaydi. Qolganini maydonda futbolchilar bajaradi.
Superligaga kelsak, raqobat yuqori. Turnir jadvalida oxirgi yillarda yo‘qolib borayotgan intriga ko‘rinyapti. Boshqa jamoalar kuchaymoqda. "Paxtakor" ochkolarni boy bermoqda. Chempionning ham yo‘qotishlarga uchrashuvi oddiy hol aslida. Boshqalarning kuchayishi fonida "sherlar"ning qoqilishi fojeaga aylanmoqda...
Bu mavsumdagi chempionatimizdan ko‘p narsa kutilyapti, kamida 7-8 tur avval chempion nomi aniq bo‘lmasligini. Ammo aksariyat insonlar "Paxtakor" ochko yo‘qotmasligi, mag‘lubiyatga uchramasligi kerak, deb hisoblaydi. E’tiborlisi, jurnalistlar ham shunday fikrda. Huddi "Paxtakor" ochko yo‘qotsa, hazm qila olmaydigandek. "Sherlar" ochko yo‘qotsa, yomonmi?
Murabbiyga vaqt kerak. Arveladze kelganda ham shunday edi. U ham tanqid ostida qolgandi. Lekin rahbariyat ishondi va imkoniyat berdi. Yakunda natijani ko‘rib turibsiz. Slavche Voyneskini hozir lavozimidan ozod qilinsa, yangi kelgan murabbiy o‘zini namoyon qilishi qiyin bo‘ladi. Chunki tarkibni bu mutaxassis yig‘gan. Arveladzedan qolgan o‘yin uslubini yo‘q qilib yubormagandir, balki o‘zining bilimlarini amalda qo‘llab ko‘rishi kerak. Yangi kelgan murabbiyning ishiga baho berish qiyin bo‘ladi. Chunki yangi murabbiyning salohiyatini ko‘radigan OChL yangi mavsumi 2023 yilning kuz oylarida boshlanadi. Faqatgina Superliga bahslari orqali imkoniyatlarini bilib olish mushkul. Shuning uchun Slavchega hozircha vaqt kerak. Kamida birinchi davra oxirigacha.
Bekzod ISAEV
Fikrlar