
Neymar yoki Lautaro Martines? "Barselona" nega braziliyalikni emas, argentinalikni sotib olishi kerakligiga 3 ta sabab
Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan moliyaviy inqiroz hozircha “ko‘k-anor ranglilar” rahbariyatining jamoaga jahon darajasidagi hujumchilarni olib kelish borasidagi fikrini o‘zgartirganicha yo‘q.
Jamoaning asosiy markaziy hujumchisi - Luis Suares 33 yoshga to‘lgani sababli, “Barselona”dagilar uning o‘rniga munosib futbolchi qidirish ishlarini olib borishmoqda. Bu borada ularda 2 ta asosiy nomzod bor. Bular PSJ forvardi Neymar va “Inter” forvardi Lautaro Martinesdir. Kataloniyaliklar COVID-19 virusi yuzaga keltirgan Evropa futbolidagi kuchli inqiroz sabab ikkala super hujumchini bir vaqtning o‘zida sotib olishlari qiyin. Shu bois ular 2 ta futbolchi o‘rtasida tanlovni amalga oshirishlariga to‘g‘ri keladi. Biz esa “Barselona” nega Neymarni emas, Martinesni tanlashi kerakligi borasida 3 ta faktni keltirib o‘tamiz.
Birinchidan, “Barsa” markaziy hujumchiga muhtoj. 22 yoshli argentinalik futbolchi esa aynan mana shu pozitsiyada to‘p suradi. “Ko‘k-anor ranglilar”ning uzoq yillik forvardi Luis Suares ham o‘z o‘rnini boshqa futbolchiga topshirish vaqti kelganini ham ta’kidlamoqda. Deyarli barcha ekspertlar, hatto urugvaylik futbolchining o‘zi ham Lautaroning o‘yini aynan “Barselona”ga mos tushadi deb hisoblaydi. Bundan tashqari, Martines joriy mavsum 31 ta o‘yinda 16 ta gol va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Bu esa uning o‘tgan mavsumdagi natijasidan (9+1, 35 ta) ancha yaxshi deganidir. Uning ishlari “minusga” emas “plyus”ga qarab ketayotganini shundan ham bilib olish mumkin.
Ikkinchidan, argentinalik futbolchining moliyaviy tomoni (transferi+maoshi) ham “Barsa”ga ma’qul tushadi. U “Inter”ni 111 mln evro evaziga tark etishi mumkin. Boisi, uning “neradzurrilar” bilan imzolagan shartnomasida aynan 111 mln evro tovon puli ko‘rsatilgan. Parijliklar esa Neymarni iqtisodiy inqirozga qaramasdan 150 million evrodan kamiga qo‘yib yuborishmoqchi emas. Ayniqsa, bundan avval Neymarni sotib olish masalasidagi muzokaralar bir necha bor barbod bo‘lgach, kataloniyaliklarning o‘zlari ham PSJ bilan muzokaralar o‘tkazish naqadar qiyinligini yaxshi bilishadi.
Futbolchilarning maoshlari esa bu alohida mavzu. Lautaro “Inter”dan yiliga bor yo‘g‘i 2 million evro maosh oladi. Agar u “Barselona”ga o‘tishga rozi bo‘lsa, uning “Kamp Nou”dagi maoshi 7 million eroga etishi mumkin. Neymar esa qatarlik shayxlardan yiliga 36 million evro pul olmoqda. Tabiiyki, “ko‘k-anor ranglilar” unga bunday maosh to‘lay olishmaydi. Ayniqsa, hozirgidek inqirozli paytda. Shu o‘rinda yaqinda “Barselona” futbol va basketbol klublari a’zolarining maoshlarini 70% ga qisqartirib tashlaganini ham eslatib o‘tish lozim. Neymar Parijga ketgunicha “Barsa”dan 25 mln evro maosh olgan va u “Kamp Nou”ga qaytgan taqdirda ham shundan kam maoshga rozi bo‘lmasligi aniq. Biroq, kataloniyaliklar katta ehtimol bilan hozir unga o‘sha 25 mln evro maoshni ham to‘lay olishmaydi. U “Barselona”ga qaytishni istasa, hozir PSJda olayotgan maoshining yarmi qicharishiga rozi bo‘lishi kerak. Bunga nafaqat uning o‘zi, balki otasi ham ko‘nmasligi aniq.
Uchinchidan, Lautaro Messi bilan nafaqat terma jamoada, balki klubda ham birga o‘ynamoqchi. Aynan futbolchining xohishi “Barsa”ning “Inter” bilan o‘tkazayotgan muzokaralarida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Messining o‘zi ham hamyurtining “Kamp Nou”ga ko‘chib o‘tishi tarafdori. Leo o‘z intervyularidan birida shunday degan edi: “Lautaro Luis Suaresga juda o‘xshaydi. U o‘z tanasini juda yaxshi boshqara oladi va to‘p bilan ajoyib muomala qila oladi. Shubhasiz, u kabi futbolchilar istalgan jamoaga juda tez moslashib ketishadi”.
Albatta, Messi xuddi shu gaplarni Neymarga nisbatan ham aytishi mumkin. Lekin, uning transferi hozirda imkonsiz ekanini Leo juda yaxshi tushunadi.
Yuqoridagi fikrlar shunchaki muallifning qarashlari edi xolos. “Barselona” qaysi hujumchini sotib olishini esa tez orada bilib olamiz. Bizni kuzatishda davom eting.
Fikrlar