Nodirbek Abdusattorov: «Chempionlik sari katta qadam tashladik»
O‘zbekiston 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasining 7-turida Xitoyni ishonchli tarzda mag‘lub etdi. Birinchi doskada Din Lijyenni yenggan Nodirbek Abdusattorov uchrashuvdan so‘ng FIDEga intervyu berdi.
Xitoyga qarshi bahs haqida:
«Albatta, og‘ir kurash bo‘lishini kutgandik. Ammo hammasi ancha tez hal bo‘ldi. Debyutdan so‘ng juda yoqimli pozitsiyaga ega bo‘ldim. Qolgan doskalarda ham vaziyat jamoamiz uchun qulay ekanini ko‘rdim. Menimcha, bugun hech bir doskada muammoga duch kelmadik.
Hindistonga qarshi bahs bilan solishtirganda, bu ancha oson kechgan uchrashuv bo‘ldi. Juda toza o‘yin namoyish etganimizdan xursandman. O‘ylaymanki, bu g‘alaba chempionlik sari katta qadam bo‘ldi».
Hindistonga qarshi bahs vaqtidagi jamoa chati haqida:
«Biz messenjerda jamoa bo‘lib yozishib turdik. Nihal xato qilganida, chatda katta shovqin ko‘tarildi. Hamma yozar, baqirardi — bu aqlbovar qilmas holat edi. Bizga omad kulib boqdi. Menimcha, bu Olimpiadaning hal qiluvchi lahzasi bo‘lishi mumkin».
Abdusattorovning aytishicha, Nihalning xatosiga qadar chatda sukut hukm surgan va jamoa a’zolari faqat partiyalarni kuzatib borgan.
Muxlislar va qo‘riqlash xizmati haqida:
«Juda katta olomon bo‘lishini kutgandim. Matbuot anjumanida ham shaxmatga bo‘lgan bunday ishtiyoqni faqat ikki mamlakat — Hindiston va O‘zbekistonda ko‘rganimni aytgandim.
Bizning OAV va muxlislarimiz jamoa uchun ishqibozlik qilishadi va har bir partiyani kuzatib borishadi. Partiyalardan keyin bizni kutib olishlari futbolchilar uchun ham katta sharaf. Menimcha, bunday natijalar va o‘yin bilan biz bunga to‘liq loyiqmiz».

Fikrlar