
Noo‘rin paytda e’lon qilingan jarima, Qashqadaryo hokimining motivatsiyasi va hakamlik haqida Berdiev bilan intervyu
OFK kubogi uchun sun’iy maydonda tayyorgarlik ko‘rayotgan «Nasaf» jamoasi oldiga qo‘yilgan maqsadlar ulkan. Qarshi klubidan muxlislar xalqaro musobaqada faqat oltin medal kutmoqda. Xo‘sh, bosh murabbiy katta turnir oldidan qanday fikrda? Jamoaning kayfiyati qanday? Shu va boshqa savollar bilan Ro‘ziqul Berdievni suhbatga tortdik.
- «Nasaf» mashg‘ulotlarni to‘liq tarkibda boshladi. Yigitlarning kayfiyati qanday?
- To‘g‘ri ta’kidladingiz. Bizda hozir jarohat olganlar yo‘q. Oybek Bozorov nihoyat, mashg‘ulotlarga qaytdi. U juda ko‘p o‘yinni o‘tkazib yuborgan edi. Oybek qaytganidan juda ham xursandmiz. Kayfiyat a’lo darajada. Klub rahbariyati tomonidan ham iliq so‘zlar aytildi. Viloyat hokimi ham bizni kuzatib qo‘yish uchun chiqdi. Bu yigitlarga katta motivatsiya berdi desam, adashmagan bo‘laman. Muxlislarimiz ham bizni vokzalgacha kuzatib qo‘ygani xursand qildi.
- Jamoa futbolchilarining aksariyati ro‘zador ekan
- Deyarli barcha futbolchilarimiz ro‘za tutgan. Bu bizning mashg‘ulotlarimizga umuman xalal bermaydi. Ular bu orqali yanada irodali bo‘ladi.
- Turkman klubi musobaqaga tashrif buyurmaydigan bo‘ldi. Bu «Nasaf»ning foydasiga ishlaydimi yoki zarariga?
- Biz 3 o‘yinga reja qilgan edik. Hozir hammasini boshidan hisoblab chiqish kerak. Agar ertaroq ma’lum qilinganida, ichki birinchilikda yana bir uchrashuvni o‘tkazgan bo‘lar edik. O‘ylashimcha, barcha jamoalar qatnashganida yaxshiroq bo‘lar edi.
- «Nasaf» jamoasini tark etayotgan futbolchilarni o‘rnini qanday qilib bu tariqa oson to‘ldirasiz? Bu sirni bir uchini bo‘lsada oshkor qila olasizmi?
- Bunda hech qanday sir yo‘q. Hozirgi tarkibdagi yigitlar yana qo‘shadi. Bunga ishonchim komil. Ularning salohiyati yuqori. Asosiysi, bizning futbol maktabimizning ochilishi klub suyagini tashkil etishga sabab bo‘lgan. Shu maktabda iqtidorli yoshlar bor. Biz shunchaki, ularni ko‘tarishimiz kerak. Shuningdek, mashg‘ulotlar o‘tkazishimiz uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan. Klub olib boradigan siyosat ham yoshlarga qaratilgan. Moliyaviy tarafdan baquvvat emasligimiz uchun bor imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanyapmiz.
- Yosh futbolchilar bilan ishlash yoqimlimi?
- Bu katta futbolchi bilan ishlashdan ko‘ra yoqimliroq. Sababi, ular siz berayotgan ko‘rsatmalarni amalda ko‘rsatib beradi. Buni ko‘rgach, sizning ishga bo‘lgan e’tiboringiz yanada ortadi. Akademiyadagi bolalarga e’tibor qaratish orqali futbolimizga naf keltirish yoqimli.
- Tajribali futbolchilarning bor bo‘lishi muhim bahslarda qo‘l keladi. Aytingchi, «Nasaf»ga liderlarning yo‘qligi muhim bahslarda pand berib qo‘ymaydimi? Misol uchun, «Paxtakor» bilan mavsum boshidagi to‘qnashuvda tajribasizlik katta sahnaga chiqqandek tuyuldi?!
- Oldingi yillardan ham misol keltirishim mumkin. Bundan avvalgi avlodimiz klubni tark etganida, biz 6-7 o‘rinlarga qadar tushib ketdik. Bir yil yangi jamoa bilan ishlab, 2-pog‘onani zabt etdik. Hozir yana bir avlodni olib chiqdik. Bularga ham tajriba kerak. Shu sababli, «Paxtakor» va AGMK bilan yutib turgan paytimizda gol o‘tkazib yuboryapmiz. O‘ylaymanki, bu futbolchilarim uchun ulkan maktab bo‘lyapti. Bir yilda yaxshi jamoa shakllantirish mumkin. Mavsum so‘ngiga qadar yigitlar yangi darajaga ko‘tariladi. Bunga qadar aytganingizdek, tajriba yo‘qligi pand berib qo‘yishi mumkin. Bu tabiiy hol. Misol uchun «Bunyodkor» bilan o‘yinni olaylik. Qulay vaziyatlarni yoshlar golga aylantirgani yo‘q. Ular vaziyatdan foydalangani uchun g‘olib chiqishdi.
- O‘sha uchrashuvdagi hakamlik haqida qanday fikrdasiz?
- Hamma ko‘rdi bu o‘yinni. O‘ylaymanki, biz penalti tepishimiz kerak bo‘lgan vaziyat to‘p raqib qo‘liga tekkan edi. Negadir VARda Norchaevning yiqilgani ko‘rildi. Vaholanki, to‘p «Bunyodkor» futbolchisidan borib qo‘lga tekkandi. Ikkinchi gol paytida ofsayd bor ekanligi ko‘rinib qoldi. Bunga ko‘pchilik amin bo‘ldi, ammo VARning xulosasi o‘zgacha chiqdi.
- Nima deb o‘ylaysiz, nega «Nasaf» bilan ko‘p shunday voqealar sodir bo‘lyapti?
- To‘g‘ri aytdingiz, oxirgi paytlarda ko‘p jabr ko‘ryapmiz. Buni kimdir atayin qilyapti, demayman, ammo biz shu holatga tushib qolyapmiz. Buni rad eta olmayman. Bunday o‘yinlar yosh jamoaga ta’sir qiladi, lekin biz o‘zimizga kelishimiz kerak. Oldimizda mas’uliyatli o‘yinlar kutib turibdi.
- Hozirgi shogirdlaringiz «Paxtakor»ga ketaman desa, nima deb javob berasiz?
- Ularni «Paxtakor»ga bermoqchi emasmiz! (kuladi). Menimcha, bu yigitlar shartnomasi tugagach, kelajagini o‘zi hal etishi shart. Futbolchilarga yaxshiroq maosh taklif qilinsa, ularni qo‘yib yubormaslik noto‘g‘ri bo‘ladi.
- Futbolchilaringiz nima uchun «Nasaf»ga bog‘lanib qoladi? Sharof Muhitdinov 3 oy klub yangi shartnoma berishini kutib turganini aytgan edi
- Birinchi navbatda muhitga bog‘liq. Biz ularni bir oila qilib tarbiyalaymiz. Oiladagi mehrni olganlar boshqa jamoaga borishni istamay qoladi. Afsuski, moliyaviy sabablar ko‘ra, ularning aksariyati ketishga qaror qiladi. Shunday bo‘lsada, shogirdlarimning hech biri boshqa jamoada «Nasaf» haqida salbiy fikr bildirmaydi. Ishonasizmi, agar Dragan Cheranga yaxshi taklif bersak, u bizga qaytib kelishga tayyor. Uni talabini bajarishimiz juda ham qiyin, lekin imkon bo‘lganda jon, deb olgan bo‘lar edik.
- Nima deb o‘ylaysiz, ulkan musobaqa oldidan O‘FA e’lon qilgan jarima qay darajada o‘rinli bo‘ldi? 50 million jarimani turnir yakunida rasman e’lon qilish yaxshiroq emasmidi?
- To‘g‘risi, bu qaror hammamizni hayron qoldirdi. Hech kim kutmagan edi. Bu inson O‘FA va klubimiz tomonidan jazolandi. Gapingizga qo‘shilaman, muhim xalqaro o‘yinlar oldidan bu juda ham o‘rinsiz bo‘ldi. Shunga qaramay, biz bor e’tiborimizni oldindagi o‘yinlarga qaratamiz. Oldimizdagi uchrashuvlar hammasidan muhim. Mashg‘ulotlar orqali muammo va bosimni engib o‘tamiz. Muxlislarimiz bizdan ajoyib o‘yin kutmoqda. Ularni uyaltirib qo‘ymasligimiz shart!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev suhbatlashdi
Fikrlar