
Odil Ahmedov “Navbahor” jamoasining etakchi mavqega qaytishi uchun bor kuch-g‘ayrati va tajribasini sarflashga tayyor ekanligini bildirdi
Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkatjon Abdurazzoqov futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedovni qabul qildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqot avvalida viloyat rahbari Odil Ahmedovga otasi Olimjon Ahmedovning bevaqt vafoti munosabati bilan yana bir bor hamdardlik bildirdi.
Suhbat davomida Namanganda futbol, xususan, bolalar futbolini yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. “Navbahor” futbol klubining yangi strategiyasi muhokama qilindi.
— Asosiy e’tibor mahoratli yoshlarga qaratiladi. Biz namanganlik iqtidorli, yosh futbolchilarni qo‘llab-quvvatlaymiz, investitsiyani mahalliy futbolchilarni etishtirib chiqarish uchun yo‘naltiramiz, — dedi viloyat hokimi.
Odil Ahmedov muloqot chog‘ida Namanganda futbol rivoji, “Navbahor” jamoasining etakchi mavqega qaytishi uchun bor kuch-g‘ayrati va tajribasini sarflashga tayyor ekanligini bildirdi.
Fikrlar