OKMK Osiyo chempioni bilan shartnoma imzoladi

  • 05.01.2026 21:36
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol

OKMK Superliganing yangi mavsumiga oʻz tarkibini kuchaytirishdа davom etadi. Bugun klub matbuot xizmati yangi futbolchi bilan shartnoma imzolanganini maʼlum qildi. 

OKMK professional futbol klubi Osiyo chempioni bilan shartnoma imzoladi. Qishki transfer oynasi doirasida klubimiz Oʻzbekiston yoshlar va olimpiya terma jamoalari aʼzosi, 2023 yildgi U-20 Osiyo kubogi chempioni boʻlgan 22 yoshli markaziy yarim himoyachi Behruz Asqarovni oʻz safiga qoʻshib oldi.

Behruz Asqarov professional faoliyati davomida Toshkentning "Paxtakor" hamda Qozogʻistonning "Turon" klublari safida toʻp surib, turli chempionat va xalqaro musobaqalarda muhim tajriba toʻplagan. Markaziy yarim himoyachi sifatida u maydon markazida ishonchli va barqaror harakatlari, oʻyinni tashkil etishdagi faolligi, shuningdek, hujum va himoya oʻrtasidagi muvozanatni samarali taʼminlay olishi bilan ajralib turadi. Shu kungа qadar futbolchi klub miqyosida 55 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol hamda 3 ta golli uzatma muallifiga aylangan.

Shuningdek, futbolchi Oʻzbekiston U-19 (6 ta oʻyin), U-20 (16 ta oʻyin) va U-23 (12 ta oʻyin) terma jamoalari safida munosib ishtirok etib, barqaror va ishonchli oʻyini bilan mutaxassislar hamda muxlislar eʼtiborini qozongan. Behruz Asqarov 2023-yilda oʻtkazilgan U-20 Osiyo kubogida terma jamoamiz tarkibida chempionlikni qoʻlga kiritgan. Yangi mavsumdan boshlab Olmaliqliklar sharafini himoya qiladigan isteʼdodli futbolchi Behruz Asqarov bilan OKMK FK oʻrtasida bir yillik shartnoma imzolandi.

OKMK FK jamoasi Behruz Asqarovga yangi bosqichdagi faoliyatida ulkan zafarlar va omad tilaydi! Ishonamizki, u oʻz isteʼdodi va gollari bilan jamoamiz gʻalabalariga katta hissa qoʻshadi va muxlislarimizni xushnud etadi", -deyiladi Olmaliqliklar xabarida.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!