
Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish, ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan ishlar muhokama qilinadi
Ertaga, ya’ni 1 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida matbuot anjumani o‘tkaziladi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbada yozilishicha, anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida 2019 yil 4 sentyabr kuni o‘tkazilgan “2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijadorligi va bu borada amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar to‘g‘risida”gi 36-sonli videoselektor majlisi bayonida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlanadi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, shuningdek 2019 yilda Olimpiya turlari bo‘yicha jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishgan sportchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlarining ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. O‘zbek sport mutasaddilari hamda dovrug‘i dunyoga doston bo‘layotgan Bahodir Jalolov, Shaxobiddin Zoirov, Mirazizbek Mirzaxalilov singari atletlarimiz qatnashadigan matbuot anjumani o‘ylaymizki hech kimni befarq qoldirmaydi. Sport sohasida qalam tebratayotgan barcha jurnalistlarni matbuot anjumanida kutib qolamiz.
Fikrlar