Olti karra chempionni uchta klubga ishga joylashmoqchi
“Barselona” davrozasini qariyb o‘n yil asosiy posbon sifatida qo‘riqlab kelgan va olti bor Ispaniya chempioni bo‘lishiga yordam bergan Mark-Andre ter Shtegen endi o‘ziga yangi jamoa topishga majbur bo‘lmoqda.
Germaniyalik murabbiy Xans-Diter Flik o‘z hamyurtidan asosiy darvozabon maqomini olib qo‘ygan. Yozda taklif etilgan Joan Garsiya birinchi raqamni o‘ziniki qilib oldi. Zaxira posboni Voytsex Shchesni ham murabbiylar ishonchini qozongan.
Shu bois, ter Shtegenning agentlari yanvarda unga boshqa jamoa topib bermoqchi. TBR Football nashrining ma’lum qilishicha, mutasaddilar nemis darvozaboni xizmatlarini grand klublarga taklif qilib ko‘rdi.
Ular Mark-Andre ter Shtegenga ish berishni so‘rab, “Chelsi”, “Manchester Yunayted” va “Tottenxem”ga murojaat qildi. Bu uchala klub darvozabon masalasida muammoga duch kelgani ma’lum.
Bundan tashqari, agentlar ro‘yxatida “Nyukasl” va “Vest Xem” kabi klublar ham bor. Agar yuqoridagi uchta grand klub taklifni qabul qilmasa, boshqa variantlar ishga solinadi.
Mark-Andre ter Shtegenning klub bilan hali uch yillik shartnomasi bor, biroq 2026 yilgi jahon chempionatiga borishi uchun muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kerak.
Fikrlar