
O‘runov Premer-liga darajasidagi futbolchi!
Rossiyaning eng taniqli murabbiylaridan biri Vadim Evseev https://www.sport-express.ru nashriga intervyu berib, o‘zi birga ishlagan va kuzatgan iste’dodli futbolchilar haqidagi savollarga ham javob berdi.
47 yoshli mutaxassis “Ufa” jamoasini boshqargan davrda Rossiya Premer-ligasiga qadam qo‘ygan Oston O‘runovga ustozlik qilgan. Uning qo‘l ostida iste’dodli futbolchimiz yorqin o‘yin namoyish qilib, Rossiyaning deyarli barcha grand klublari nazariga tushgan.
2021 yildan beri birinchi liga vakili “Shinnik” jamoasini boshqarib kelayotgan Vadim Evseev Rossiya futbolida ham iste’dodlar ko‘pligini ta’kidladi.
- Siz Rossiyaning barcha ligalarida ishlagansiz. Futbolimizning asosiy muammosi nimada ekanini tushuntirib bera olasizmi?
- Yo‘q. Buni birdaniga aytib berib bo‘lmaydi. Har bir liganing o‘ziga yarasha past-balandlari bor.
- Rossiya Premer-ligasida nega iste’dodli yoshlar kam?
- Kammi? Bunga qo‘shilmayman.
- Shundaymi?
- Masalan, “Nijniy Novgorod”dagi Suleymanov. Sizga uni nimasi yoqmayapti? Ettita gol urdi. Agapov hozir TsSKAga o‘tdi. Pinyaev, Zaxaryan va Tyukavin kabi o‘yinchilar haqidagi mish-mishlar bekorga chiqqani yo‘q.
“Dinamo”ni olaylik. Hozir nazorat uchrashuvlarida Sulakvelidze o‘ynayapti. Men uni o‘tgan yili “Shinnik”ga chaqirgandim. “Dinamo” quyi ligaga berishni istamadi. Boshqa istedodlar ham bor.
- Sizning qo‘l ostingizda “Ufa”da Oston O‘runov o‘ynagandi. Hozir u jamoasiz yuribdi. Yaroslavlga chaqirmaysizmi?
- Umuman olganda, O‘runov premer-liga darajasidagi o‘yinchi. U faoliyatini qayta tiklay olishiga ishonaman. Arab mamlakatlariga yoki Qozog‘iston chempionatiga borishi ham mumkin. Unga birinchi liganing nima keragi bor? Oston yosh va intiluvchan yigit.
- “Ufa”dan keyin nega boshqa jamoalarda o‘ynab keta olmadi?
Bu savol menga tegishli emas. Mening qo‘l ostimda zo‘r o‘ynadi, porladi va unga talab bor edi.
- Sizning murabbiyligingizda qo‘lingizdan o‘tgan eng iste’dodli o‘yinchi kim?
- Fomin. Hozir “Dinamo” va Rossiya terma jamoasi o‘yinchisi hisoblanadi. Buni qarangki, uning iste’dodini “Krasnodar” payqamadi, men esa ko‘ra oldim.
Ta’kidlash joizki, Rossiya Premer-ligasida “Ufa”, “Spartak” va “Ural” jamoasi sharafini himoya qilgan Oston O‘runov uchun legioner sifatidagi faoliyati omad keltirmadi. Xorijdagi klublar bilan orani ochiq qilgan universal futbolchimiz hozircha o‘ziga rasman yangi jamoa topgani yo‘q.
Shunga qaramay, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets Oston O‘runovni o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va o‘rtoqlik uchrashuvlariga jalb etib kelmoqda.
Fikrlar