O‘runovni Rossiya futboliga olib kirgan murabbiy ishdan ketadi
Rossiya premer-ligasida ishtirok etayotgan “Ufa” bosh murabbiyi Vadim Evseev o‘z lavozimini tark etishi kutilmoqda.
O‘tgan chempionatda chiroyli o‘yinlari bilan muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozongan ufaliklar yangi mavsumda ishonchli oqlay olmayapti. Bunga jamoaning mavsumlar oralig‘ida etakchi futbolchilarini boshqa jamoalarga transfer qilgani sabab bo‘lmoqda. “Ufa” rahbariyati Oston O‘runov, Daniil Fomin kabi etakchilar o‘rniga mahoratli futbolchilar topa olmadi. Bu kamchiliklar, eng avvalo, natijalarda o‘z aksini topmoqda. Evropa miqyosidagi musobaqalarga yo‘llanma olish uchun kurashishi kutilgan “Ufa” premer-liga jadvalida olti ochko bilan 15-o‘ringa tushib qolgan.
Vadim Evseevning o‘zi ham ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasidagi postida ketishiga ishora qildi.
- Hayot daryoga o‘xshaydi. Ertami, kechmi o‘z o‘zanidan chiqadi. Odam ham bir joyda turavermaydi, - deb yozadi bosh murabbiy.
Vadim Evseev hamyurtimiz Oston O‘runovning Rossiya futbolidagi birinchi murabbiyi hisoblanadi. Ushbu mutaxassisning ishonchi tufayli O‘runov “Ufa”ning asosiy tarkibida o‘z iste’dodini to‘liq namoyon eta oldi va grand klublar e’tiboriga tushdi. Natijada Oston “Spartak” safiga qo‘shildi.

Fikrlar