
O‘runovning o‘rni qaerda? Hozircha, uch variant bor, lekin bu hali hammasi emas...
Oston O‘runovning faoliyati qanday davom etishi o‘zbekistonlik futbol muxlislarini qiziqtirayotgan eng dolzarb mavzulardan ekani tabiiy. O‘tgan chempionatning kashfiyotiga aylangan futbolchi qaysi jamoada o‘zining asl o‘rnini topishi hamon katta so‘roq ostida turibdi.
Shamil Gazizovning bu futbolchiga “egalik huquqi” uning faoliyatini izdan chiqaryapti. Ufalik mutaxassis yurtimizdan topgan topilmasini o‘zi bilan olib yuribdi. To‘g‘ri, bu mutasaddi yordamida Oston Rossiya futboliga kirdi. Gazizov bungacha hatto yurtimizda ko‘pchilik tanimaydigan o‘yinchini bir yilga qolmay yulduzga aylantirdi. Ayniqsa, Gazizov O‘runovni “Spartak”ga olib o‘tgani katta shov-shuv ham bo‘ldi.
Buyog‘iga Oston O‘runov oldida hozircha uchta variant bo‘y ko‘rsatmoqda. Garchi o‘zbek legioneri “Spartak” jamoasiga kerak emasdek ko‘rinsa-da, bosh murabbiy Tedesko unga imkon berishga tayyor ekanini aytgani ko‘pchilikni chalg‘itib qo‘ydi.
Germaniyalik mutaxassis O‘runovning iqtidoriga ishonishi, futbolchining ketma-ket ikki marta jarohat olgani o‘zini ko‘rsatishga xalaqit qilganini, u asosiy tarkibda o‘ynashga qodirligi va buni isbotlashi uchun yana imkon berishini alohida ta’kidladi.
Har holda Ostonni moskvaliklar bilan besh yillik shartnomasi bor.
O‘zbekistonlik futbolchilar uchun omadli jamoalardan hisoblangan “Rubin” qishda O‘runovning kelishidan umidvor bo‘lyapti. Qozonliklar yozda futbolchi transferi uchun “Spartak”dan ko‘proq summa taklif qilgandi. O‘shanda hal qiluvchi faktor rolini Gazizovning qarori o‘ynagan. “Rubin”ning sobiq bosh murabbiyi Dmitriy Kuznetsov Oston jamoaga yordam bera olishini aytmoqda.
- O‘runovni olish qiziq variant. Bir necha oy muqaddam, hamma uning o‘yinidan hayratda etdi. Ayniqsa, dribling va texnikasi, kutilmagan qaror qabul qilishini maqtashardi. Uning yagona kamchiligi shu ustunliklarini qachon va qaerda qo‘llashni bilmasligida. Agar buni o‘rganib olsa, undan zo‘r futbolchi bo‘lmaydi.
Uning o‘yin uslubi “Spartak”ga mos emas. Ularga bunaqa tipdagi futbolchi kerakmas, aslida. “Spartak”ga jamoaviy o‘yin ko‘rsatadigan futbolchi zarur. “Rubin”da esa Oston o‘z o‘yini bilan o‘rnini topib ketadi. Ayniqsa, o‘ziga o‘xshagan kreativ o‘yin ko‘rsatuvchi Xvichi Kvaratsxeliya bilan zo‘r tandem bo‘ladi.
“Rubin” bosh murabbiy Slutskiy Ostonni to‘g‘ri o‘ynashga o‘rgata oladi. Bu orqali O‘runov “Rubin” o‘yiniga mazmun olib kiradi, - dedi Dmitriy Kuznetsov.
O‘runovning oldidagi uchinchi variant “Ufa”dan bo‘layotgan taklif. Ufaliklar o‘tgan mavsumda jamoa etakchisi bo‘lgan o‘zbek futbolchisi yordamida premer-ligada qolish vazifasini uddalamoqchi. Ayni paytda, ufaliklar o‘zining sobiq o‘yinchisini ijaraga olish yoki to‘liq transfer qilish imkoniyatini o‘rganib chiqmoqda. Yanvargacha vaqt bor hali.
Oston O‘runov atrofida vujudga kelgan vaziyatga e’tibor qaratgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov futbolchi qaysi jamoadaligidan qat’i nazar muntazam maydonga tushib, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda.Darhaqiqat, 19 yoshli futbolchimiz mamlakatimizning bosh jamoasida etakchi o‘yinchilardan biriga aylanishi uchun avvalo o‘z klubidagi o‘rnini topishi kerak!
Xo‘sh, O‘runovning o‘rni qaerda? “Spartak”dami, “Rubin”dami yoki “Ufa”da? Balki kutilmagan yangi variantlar chiqib qolar. Chunki hamyurtimizga yozda og‘iz solgan jamoalar orasida Germaniya Bundesligasi vakillari ham bor edi...
O‘runovga yana bir da’vogar paydo bo‘ldi
“Rubin” chorlayotgan O‘runov Gazizov va Tedesko o‘rtasida talash bo‘lyapti
Kutilmagan yangilik. Tedesko O‘runovdan voz kechdi!
Fikrlar
Хатоларини тузатиб факат олга юради
Омад Остон