
O‘runovning transferi nima bo‘ladi?
Rossiya premer-ligasining 26-turida eng kutilmagan natija Moskvada qayd etildi. Chempionlik uchun kurashishi kutilgan “Spartak” o‘z maydonida, klub tashkil etilganining 99 yilligi nishonlanayotgan kuni ligada qolish uchun harakat qilayotgan “Ufa”dan qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi.
Bu ikki jamoa o‘yini printsipial ahamiyatga ega edi. “Spartak” yozda “Ufa” bosh direktori Shamil Gazizovni ishga olib, besh oydan so‘ng bo‘shatib yubordi. “Ufa”dan olingan Oston O‘runov ham ufaliklarga ijara asosida qaytarib berildi.
Ko‘pchilik muxlisu mutaxassislar “Ufa”da etakchilik qobiliyatlarini namoyish etib kelayotgan Oston O‘runov o‘zi huquqiy jihatdan tegishli bo‘lgan “Spartak”ga qarshi qanday o‘ynashini ko‘rmoqchi edi. Biroq, legionerimiz jarohatidan tiklanib ulgurmadi va uchrashuv qaydnomasiga kiritilmadi.
Oston O‘runov yordamisiz qolganiga qaramay, “Ufa” futbolchilari “Spartak”ning bayramini buza oldi. Vladislav Kamilovning dubli va Filip Mrzlyakning bitta aniq zarbasi moskvaliklarni 3:0 hisobida engishga kifoya qildi. Mehmonlar yana bir necha vaziyatni qo‘ldan chiqardi.
Uchrashuvdan so‘ng, “Ufa” bosh direktori Shamil Gazizov savollarga javob qaytarar ekan, Oston O‘runov masalasiga ham to‘xtaldi.
- 3:0 ishonarli hisob, lekin biz yanada ko‘proq gol urishimiz mumkin edi. Biz “Spartak”ga qaraganda yaxshiroq o‘ynadik. Jamoamni tabrikladim, - dedi Shamil Gazizov.
- “Ufa”ning yangi bosh murabbiyi Aleksey Stukalov hamkasbi Domeniko Tedeskoni engdi, degan fikrga qo‘shilasizmi?
- Bugungi bahs bizning futbol o‘ynay olishimizni ko‘rsatdi.
- Ular Chempionlar ligasi yo‘llanmasidan quruq qolishi mumkin. “Spartak”ga nima etishmayapti?
- Boshqa klublarni muhokama qilmayman. Faqat “Ufa” haqida gapiraman.
- Klubingiz premer-ligada qolishiga ishonchingiz komilmi?
- Jamoamga ishonch doim bor. Bu ularga turtki bo‘ladi, deb umid qilaman.
- O‘runovning ijarasini uzaytirishni ustaysizmi?
- Biz mamnuniyat bilan Oston O‘runovni olib qolishni istaymiz. Lekin ko‘p narsa “Spartak” rahbariyatiga bog‘liq bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, Oston O‘runovning “Spartak” bilan 2025 yilning yarmigacha shartnomasi bor. Moskvaliklar hamyurtimizni mavsum oxirigacha “Ufa”ga ijaraga bergan. Ufaliklarda uni yozda 3 million evroga transfer qilish huquq bor. Gazizov bu borada chempionat yakunlgach, bir qarorga kelishini aytgan. Chunki klub premer-ligada qolish uchun kurashmoqda va ko‘p narsa ufaliklar yuqori ligadagi o‘rnini saqlab qolishiga bog‘liq.
Bundan tashqari, “Spartak”da bosh murabbiy o‘zgarishi kutilmoqda. Oston O‘runovga etarli darajada ishonch bildirmagan va imkoniyat bermagan Domeniko Tedesko o‘rniga keladiga mutaxassis hamyurtimizni “Spartak”da olib qolishi ham mumkin. Xullas, Ostonning poytaxt klubidagi taqdiriga yozda aniqlik qiritiladi. Ungacha legionerimiz “Ufa”da to‘p tepib turadi.
Fikrlar