
Otabek G‘ulomxo‘jaev - "Paxtakor"ga qarshi "avtobus" qo‘yilgani, pley-off qachon bo‘lishi va "Neftchi"ni o‘rganishni boshlagani haqida gapirdi
“Andijon” klubi Superligada 13-o‘rinni egallab pley-offda ishtirok etadigan bo‘ldi. Kecha “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradi. Lekin “Buxoro” ham yutqazgani sababli andijonliklarda imkoniyat saqlanib qoldi. Pley-offda esa pro-liganing ikkinchi o‘rin egasi bilan bellashishi oldindan ma’lum. Bu esa “Neftchi”. To‘g‘ri, “Turon”ga qarshi bahsdan keyingi tartibsizliklar sababli ko‘pchilikda har xil gaplar yuribdi. Ammo hali O‘FA hamda PFL bu borada qaror chiqargani yo‘q, tez orada barchasi ma’lum bo‘ladi. Lekin ayni paytdagi holatga qarasak, ikkinchi o‘rinda “Neftchi” turibdi. “Andijon” bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaev “Paxtakor”ga qarshi bellashuvdan so‘ng, o‘sha o‘yindagi mag‘lubiyat, Kubok va pley-off haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
“Paxtakor” bilan o‘yindan avval pley-off haqida o‘ylaganmidi?
- “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yindan keyin ham pley-off haqida o‘ylamayotganim haqida aytganman. Negaki, hech bir murabbiy jamoasini maydonga yutqazish uchun olib chiqmaydi. Kuchli raqib bilan bahsda himoyada tartibli o‘yin ko‘rsatib, qarshi hujumlardan payt poylashga harakat qiladi. “Paxtakor”ga qarshi o‘yinda ikkita golni 32 va 33-daqiqalarda o‘tkazdik. Ungacha himoyada “avtobus”ni qo‘yib qo‘ygandik. Faqat o‘zimizning oddiy xatolar evaziga gollar o‘tkazdik. O‘zimizda ham gol uradigan imkoniyatlar bo‘ldi. Endi pley-offga to‘g‘ri keldik. Kechagi uchrashuvning oxirlarida yordamchim yonimga kelib, “Buxoro” ham, “Surxon” ham yutqazayotganida aytganidan keyin juda alam qildi. Agar “Paxtakor”ni yutganimizda bemalol Superligada qolardik. Hali ham Xudo bizga imkoniyat berib turibdi.
Kubok haqida
- Oldimizda O‘zbekiston Kubogi bahslari turibdi. Mana shu o‘yinlar orqali pley-offga tayyorlanamiz. Darhol aytaman: bizga Kubok keraksiz emas, kerak. Baribir Andijon sha’ni turibdi. Har qanday holatda ham munosib o‘ynaymiz. Raqib “Nasaf” bo‘lsa ham hurmat qilgan holda g‘alaba uchun kurashamiz. “Paxtakor” bilan o‘yin tugashi bilanoq “Nasaf”ga qarshi tayyorgarlik boshlangan. Garchi pley-offda ishtirok etishimizni bilsak-da, oldimizda turgan o‘yin – “Nasaf” bilan uchrashuv.
“Neftchi”ga qarshi vodiy derbisi to‘g‘risida
- Derbilar har doim hissiyotlarga boy o‘tadi. Lekin biz bilan o‘yinda “Turon”ga qarshi uchrashuvda yuz bergan tartibsizlik bo‘lmaydi. “Neftchi” ham, “Andijon” ham faqat g‘alabani ko‘zlab tushadi. Muxlislar esa o‘z jamoalarini olqishlashadi. Oldingi noxush o‘yindan esa hamma o‘ziga xulosa chiqargan deb o‘ylayman. Ammo doim vodiy klublari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar haqiqiy jangga aylanadi. Biroq muxlislik madaniyatini unutmaslik lozim. Yigitlarimiz maydonda bor kuchlarini tashlashadi. O‘ylaymanki, yaxshi o‘yin bo‘ladi. Mana, endi “Neftchi”ni kuzatishni boshlaymiz. To‘g‘risi, bungacha kuzatmagandik, ma’lumotlarimiz ham kam edi. Mana, endi raqibni o‘rganishga kirishyapmiz.
Pley-off qachon bo‘lishi mumkin?
- Pley-off qachon bo‘ladi? Menimcha, hammasi “Nasaf” bilan o‘yinimizdan keyin ma’lum bo‘ladi. O‘zbekiston Kubogida qancha ko‘p uzoqqa borsak, pley-off bilan bellashuvning muddati shuncha cho‘zilishi mumkin. Agar Kubokda to‘xtasak, keyin shuning orasida bizga biror sanani belgilab o‘yin qo‘yib berishsa kerak. Vodiy derbisini vodiydan tashqarida o‘tkazilishi ham ehtimoldan holi emas. Har qalay shunday o‘ylayapman. “Neftchi” – “Turon” o‘yinidan so‘ng, bu safargi uchrashuvni boshqa betaraf maydonda o‘tkazilishi ham mumkin. O‘FA bilan PFLning har qanday qarorini qo‘llab-quvvatlaymiz. Qaerda bo‘lsa ham o‘ynaymiz.
Fikrlar