
Otabek G‘ulomxo‘jaev: Yigitlarimiz Saudiya Arabistonini guruhda qoldirib ketishni maqsad qilishyapti
Ayni paytda Saudiya Arabistonida U-19 Osiyo chempionati uchun saralash bosqichi musobaqasi o‘tkazilmoqda. Otabek G‘ulomxo‘jaev boshchilik qilayotgan terma jamoamiz esa dastlabki ikkita uchrashuvda g‘alaba qozondi va endi uchinchi turda mezbon – Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushadi. Osiyo chempionatining final bosqichi kelasi yili O‘zbekistonda o‘tkazilishi sababli vakillarimizning ushbu saralash bahslarida qayd etadigan natijalari hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Shunga qaramay, terma jamoamiz uchinchi turda ham g‘alaba qozonishni o‘z oldiga asosiy vazifa qilib qo‘ygan. Hozirda Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan terma jamoamiz ertangi bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Biz esa uchrashuv oldidan terma jamoamiz bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaev bilan bog‘landik va dastlabki ikkita o‘yin hamda bo‘lajak bahs haqida gaplashdik.
- Yoshlar terma jamoamizning dastlabki ikkita o‘yindagi ishonchli g‘alabasi bilan tabriklayman. Avvalo ortda qolgan ikkita uchrashuv haqida to‘xtalib o‘tsangiz?
- Birinchi o‘yinda Hindiston bilan o‘ynadik. Albatta, biz bo‘lajak raqibni etarlicha o‘rganib chiqqandik. Lekin bu men va shogirdlarimning 50-60 foizi uchun ham birinchi rasmiy o‘yin edi. Bungacha bir necha bor chetda o‘ynagan bo‘lsak-da, barchasi o‘rtoqlik maqomidagi bahslar bo‘lgandi. Baribir rasmiy bellashuvda vatan nomidan o‘ynayotganingizda o‘ziga yarasha hayajon bo‘ladi. Umuman olganda, birinchi uchrashuvimiz uchun taassurotlarimiz yomon emas. Yigitlarimiz barcha ko‘rsatmalarimizni a’lo darajada bajarishdi. Osiyo chempionati O‘zbekistonda o‘tadi degani, bu yigitlar xohlagancha o‘ynashadi degani emas. Albatta, terma jamoamizdan natija talab qilinayotgandi. Birinchidan rahbariyat tomonidan, ikkinchidan esa o‘zim tomonimdan ham natija ko‘rsatishimiz muhimligi aytib kelinayotgandi. Futbolchilarimizda ortiqcha bosim yo‘q edi. Faqat yigitlarimizdan mas’uliyatni yanada ko‘proq tushunishlari talab qilindi. O‘yin bo‘yicha gapirsam, Hindiston birinchi bo‘limda himoyaga haddan ortiq ko‘p e’tibor qaratdi. Yigitlarimizdan talab qilingani esa gol urib olganimizdan keyin «ochilib» ketish edi. Hisob 2:0 bo‘lganidan keyin ko‘plab golli imkoniyatlardan foydalana olmadik. Afg‘onlar bilan uchrashuvda ham shunaqa bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda adashmasam, etti marta 100 foizlik vaziyatlardan foydalana olmadik. Albatta, bu omad bilan bog‘liq. Balki bu bir tomondan Saudiya Arabistoniga qarshi bahsdan avval yaxshilikka bo‘lgandir. Saudiyaliklar Hindiston darvozasiga to‘rtta gol urishdi. To‘plar nisbati borasida bizda plyus to‘rt bo‘lsa, ularda plyus beshni tashkil qilyapti. Mana shu gollar hisobi bo‘yicha saudiyaliklar hozircha guruhda birinchi o‘rinda turishibdi. Lekin bu hech nimadan dalolat bermaydi. Shuningdek, biz dastlabki ikkita uchrashuvda asosiy tarkib futbolchilarimizni tushirib, almashtirib o‘ynatdik. Orada pala-partishlikka ham yo‘l qo‘ydik. Qolaversa, himoyadan ham o‘ynagan paytlarimiz bo‘ldi.
- Albatta, 3-turda Saudiyaga qarshi o‘yin markaziy to‘qnashuv sanaladi. Mazkur o‘yinga tayyorgarlik qanday olib borilmoqda?
- Ikkinchi o‘yindan keyin tiklanish mashqlarini bajardik. Bugun ham asosiy urg‘uni yana shunga o‘xshash mashqlarga qaratamiz va yigitlarimizning tonusini joyiga keltirib olyapmiz. Qisman taktikaga ham e’tibor berdik. Shuningdek, nazariy mashqlarda ham ko‘proq Saudiyaning kuchli va kuchsiz tomonlarini yigitlarimizga tushuntirib o‘tyapmiz. Saudiyaga qarshi uchrashuvning ahamiyati katta. Mezbonlar faqat g‘alaba uchun o‘ynashadi. Ular o‘z yurtida o‘ynashyapti va yutishni istashadi. Kamida durang uchun to‘p surishadi. Agar bizga yutqazsa, 6 ochko bilan guruhda 2-o‘rin bilan qolib ketishlarining ham ehtimoli katta. Xudo xohlasa, biz 1-o‘rinni olib, ular 2-pog‘onani olishsa, boshqa guruhlardagi 2-o‘rindagi termalarga qarasak, ularning to‘plar nisbati 10 ta va hatto 20 ta farqni tashkil qilyapti. Bundan tashqari, 2-o‘rindagi termalarning ochkolari 6 emas, 7 ta bo‘lishlari ham mumkin. O‘ylashimcha, Saudiya bunday holatlarni ham nazorat qilishyapti. Ular avvalo g‘alaba uchun kurashishadi, ammo durang uchun ham rozi bo‘lishadi. Chunki agar durang bo‘lishsa, ular baribir guruhda bitta to‘p farqi evaziga 1-o‘rinni olishadi. Kecha biz ham hammasini hisoblab o‘tirganmiz. Lekin biz ham maksimal darajada bor kuchimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Tabiiyki, maydonga g‘alaba uchun tushamiz. Bunga esa o‘ziga yarasha sabablar ham bor. Bundan ikki yil oldin Dilshod aka Nuraliev boshchiligidagi o‘smirlar terma jamoamiz safida hozirgi jamoamizdan 40-50 foiz futbolchi o‘sha paytda ham bo‘lishgan. O‘shanda terma jamoamiz Saudiyadan alamli tarzda qaytib ketishgandi. Bu esa yigitlarimizning xayollarida turibdi. O‘yinchilarimizning o‘zlari ham Saudiya Arabistoniga yarimta ham imkoniyat qoldirmasdan maksimal darajada to‘p surishga harakat qilishlarni aytishyapti. Ular Saudiyani 6 ochkosi bilan guruhda qoldirib yuborishni maqsad qilishyapti. Jamoamizda hech qanaqa bosim yo‘q. Futbolchilar mas’uliyatni to‘liq his qilib, vatan sha’ni uchun o‘ynashga tayyor. Nasib qilsa, guruhdagi oxirgi uchrashuvda ham eng yaxshi o‘yinlarimizdan birini ko‘rsatishga harakat qilamiz. Bitta havotirga soladigani shuki, balki bu murabbiy sifatida aytadigan gapim kulguli tuyulishi mumkin, ammo hakamlar o‘yinni buzib qo‘yishmasa bo‘ldi. Negaki, saudiyaliklarning Afg‘onistonga qarshi uchrashuvida hakamlarning xatolari yaqqol ko‘rindi. O‘sha o‘yinda afg‘onlar munosib kurashishdi. Mezbonlar esa qiynalib zo‘rg‘a 1:0 hisobida yutishdi. O‘yin taqdirini penaltidan urilgan gol hal qildi. Bilasizmi, o‘sha vaziyatda umuman penalti yo‘q edi. Xullas, afg‘onlar bilan uchrashuvda hakam Saudiyaning «qulog‘idan» tortib ketdi. O‘yinning borishi va sifatini hakam buzib qo‘yib, yigitlarimizning kayfiyatini tushirib qo‘ymasa, biz o‘yinga tayyormiz va arablardan qo‘rqadigan joyimiz yo‘q.
- 14 noyabr kuni JCh-2022 saralash bosqichi doirasida Toshkentda O‘zbekiston milliy terma jamoamiz Saudiya Arabistonini qabul qiladi. Ertaga esa ushbu termalarning yoshlar jamoalari o‘zaro kuch sinashishadi. 14 noyabr kuni bo‘ladigan muhim bahs oldidan ertaga o‘tkaziladigan uchrashuvning qanday ahamiyati bor deb o‘ylaysiz? Ya’ni, ikkala bellashuvning bir-biriga bog‘liqlik tomonlari bormi?
- Bu vaziyatda hech qanaqa bog‘liqlik joyi yo‘q. O‘z uyimizda Osiyo chempionati final bosqichi o‘tkazilishi bois biz mezbonmiz. Biz faqat vatan sha’ni, yigitlar o‘z g‘ururi uchun o‘ynashadi. Maqsad bitta – g‘alaba qozonish. Milliy terma jamoamiz oldida esa uchinchi bosqichga chiqish vazifasi turibdi. Bizning o‘yinimiz bilan bog‘liq tomonini ko‘rmayapman. Balki ertaga biz g‘alaba qozonsak, bu holat milliy terma jamoamizga yanada qo‘shimcha dalda bo‘lishi mumkin. Ammo o‘ylaymanki, bu uchrashuvga qaraganda, Toshkentda bo‘ladigan o‘yinning ahamiyati muhimroq. Fursatdan foydalangan holda milliy terma jamoamizga omad tilab qolaman.
- Tarkibdagi hamma o‘yinchilar sog‘-salomatmi? Sizni qiynayotgan muammo yo‘qmi?
- Tarkib borasida hech qanday muammolarga duch kelmadik. Hammasi joyida. Faqatgina kichik jarohatlar bor. Ertangi o‘yingacha ular ham to‘liq tiklanib olishadi.
- Musobaqa tashkilotchiligi va Saudiyaning e’tibori qanday bo‘lyapti?
- Nolisak noshukrchilik bo‘ladi. O‘z vaqtida Temur Olimxo‘jaevga yordamchi murabbiy bo‘lib yurgan paytimda ham Osiyo chempionatini ko‘rgandim. Baribir bunday musobaqalarda saviya yuqoriroq bo‘ladi. Albatta, ish bor joyda xato va kamchiliklar uchrab turadi. Saudiyada ayrim paytlarda kichik asabbuzarliklarga yo‘l qo‘yishlari mumkin. Masalan, 5 kilometrlik joyga 20 kilometrlik yo‘l bilan boshqa tomondan aylantirib olib borishadi. O‘tgan kuni mashg‘ulotga borsak, stadion yopiq ekan. Oradan 10-15 daqiqa o‘tganidan keyingina stadionni ochib berishdi. Xullas, tashkilotchilik tomonidan kichik bo‘lsa-da, asabga tegadigan holatlar uchrab turibdi. Lekin biz bunday holatlarga, ularning ruhiy «hujumi»ga e’tibor ham qilmayapmiz. Asabimizni buzmasdan o‘z maqsadimiz yo‘lida ishlashda davom etyapmiz. Lekin mehmonxona, ovqatlanish va boshqa tomonlama hammasi yuqori darajada. Kayfiyatimiz esa doim yuqori. Ularga esa agar sizlar Osiyo chempionatiga chiqsanglar, bizning qanday sharoit va imkoniyatlar yaratishimizni, qo‘limiz ko‘ksimizda bo‘ladi va mehmondo‘st ekanligimizni ko‘rasizlar dedim. Lekin ular hali Osiyo chempionati final bosqichiga chiqishgani yo‘q.
Fikrlar