
"O‘ylashimcha, menga nisbatan hech qanday adovati yo‘q" - Umarali Rahmonaliev "Rubin"dagi faoliyati, keyingi taqdiri va boshqalar haqida nima deydi?
Iste’dodli futbolchimiz Umarali Rahmonaliev joriy mavsumni Rossiya premer-ligasida “Rubin” safida o‘tkazganidan yaxshi xabardorsiz. Rossiya chempionatida hozir qishki tanaffus e’lon qilingan.
Rahmonaliev joriy yilda “Rubin” tarkibida premer-ligada 9 marotaba maydonga tushdi. Kubok doirasida bo‘lsa, 5 bor qatnashdi.
Oxirgi paytlarda Umaralini ijaraga berishi mumkinligi haqida gap-so‘zlar ham yo‘q emas. Sports.uz jurnalisti Rahmonaliev bilan suhbatda bo‘lib, uning fikrlari bilan qiziqdi.
- Umarali, dastlab joriy yil haqida so‘ramoqchiman. Ushbu mavsum siz uchun qanday o‘tdi? Nimadan ko‘nglingiz to‘ldi va nimadan qoniqmadingiz?
- Assalomu alaykum! Bu yilgi mavsum men uchun ba’zi ma’noda muvaffaqiyatli va xayrli o‘tdi. Ammo o‘zim maqsad qilgandek emas. Lekin Xudoga shukr, biror narsa behikmat bo‘lmaydi.
- Rossiya chempionatida qishki tanaffus. Jamoadagi ishlaringiz qanday ketmoqda?
- Hozir qishki ta’tilga chiqdik. Jamoadagi ishlar esa joyida.
- Jamoa bosh murabbiyi Rashid Rahimov bilan munosabatingiz qanday? Uni sizga ishonchini his qilyapsizmi?
- Rashid Rahimov bilan munosabatlarimiz a’lo darajada. Hozircha kamroq imkoniyat berilyapti. O‘ylashimcha, menga nisbatan hech qanday adovati yo‘q.
- Eshitishimcha, klub sizni ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun ijaraga bermoqchi ekan. Vaziyat shunday tus olyaptimi? Bunga siz ham rozimisiz?
- Buni hozir sizdan eshityapman. Ayni paytda bu xususida hech narsa deya olmayman.
- Umuman olganda, oldingizda qanday takliflar bor?
- Hozir “Rubin” klubi futbolchisiman. Takliflar haqida faqat jamoam orqali bilib olishingiz mumkin.
- Rossiyaga ketib to‘g‘ri qilgan ekanman deb o‘ylayapsizmi? Ya’ni, raqobatda qiynalmayapsizmi?
- Men har doim mashg‘ulotdan mashg‘ulotgacha o‘zimni o‘sayotganimni sezyapman. Hech qachon qilgan ishimdan afsuslanmayman.
- Abbos Fayzullaev Rossiyaga keliboq TsSKAda eng yaxshilardan biriga aylana olyapti. Bunday sermahsullikni kutganmidingiz? Masalan, jamoangizdagilar qanday munosabatda?
- Abbos juda yorqin o‘yin namoyish etmoqda. Menimcha, bu darajada tez o‘sishga erishishini o‘zi ham kutmagan edi. Hayot shunaqaki, bizning rejalarimiz bo‘yicha emas, Yaratganning aytgani bo‘yicha ishlar shu darajada tez bo‘lib ketadi. Jamoamdagilar bunday iqtidorli futbolchini faqatgina olqishlashadi.
- Bilamizki, sizdagi iqtidor ham ulkan va kelajagingiz porloq. Ammo doim ham siz o‘ylagan narsalar amalga oshavermaydi. Masalan, u erda birinchi duch kelgan muammoingiz nima bo‘ldi?
- To‘g‘ri, har doim ham barchasi yaxshi bo‘lavermaydi. Ammo hozircha men hech qanday aytarli qiyinchiliklarga duch kelganim yo‘q.
- Rahmonaliev qachon Rossiya futbolida o‘z so‘zini aytadi?
- Oldimizga ulkan maqsadlar qo‘yganmiz. Xudo xohlasa, erishmaguncha hech narsadan qaytish va mehnat qilishdan to‘xtash yo‘q.
- Jamoadoshingiz va hamyurtingiz Rustam Ashurmatovga qanday ta’rif bergan bo‘lardingiz?
- Rustam aka juda samimiy inson. Rustam akadagi sabr menimcha ko‘plab insonlarda yo‘q. U inson nafaqat futbolda, balki hayotiy masalalarda ham maslahatlarini berib turadi.
- Bilishimcha, sizni "Bunyodkor"da Kante deb chaqirishardi. "Rubin"da sizni nima deb atashadi?
- “Rubin”da meni Umarali va Uma deb chaqirishadi. Ba’zida hazil tariqasida Kante deb ham murojaat qilishadi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar