
Oyning chiroyli goli - muxlislar Norchaevni tanladi, ammo Alijonov yakunda g‘alaba qozondi. Bunga nima sabab?
O‘zbekiston Superligasi borgan sari o‘zining avj pallasiga kirib bormoqda. Chempionat tobora qizib borayotganidan muxlislar o‘rtasida ham ko‘plab bahs-munozaralar yuzaga kelyapti. Oxirgi aktual mavzulardan biri avgust oyining eng chiroyli golini aniqlash borasida bo‘lib o‘tdi.
Ushbu suratda O‘zPFL matbuot xizmati telegram kanalida muxlislar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Unga ko‘ra, oyning eng chiroyli goli aniqlangan va 49 foiz ovoz to‘plagan Husain Norchaev g‘alaba qozongan. Jamshid Iskanderovda 30 foiz, Hojiakbar Alijonovda 10 foiz, qolganlarda 6, 3 hamda 2 foizdan ovoz mavjud.
Muxlislar noroziligiga uchragan sabab - yakunda nega foizlarda ustunlik qilib turgan Norchaevning emas, Alijonovning goli eng chiroyli golga munosib ko‘rilgani bo‘ldi. Biz hozir shu masalaga batafsil javob berishga harakat qilamiz.
So‘rovnomada rostan Norchaevning goli ko‘proq ovoz to‘plagan. Bunga hech qanday shak-shubha yo‘q. Ammo bu hal qiluvchi nuqta sanalmaydi. Muxlislardan tashqari O‘zPFL klub murabbiylari va sardorlaridan ham ovoz yig‘adi. Ulardan tashqari chempionatni yoritib boruvchi OAV vakillari ham bu jarayonda ishtirok etadi. Tomoshabinlar ovozi umumiy qilib bittaga hisoblanadi. Shuningdek, har bir OAV bitta, murabbiy va futbolchilar ham shunchadan ovoz berish huquqiga ega. OAV, klub vakillari 1, 2 va 3-o‘rinlarni belgilab ovoz beradi. 3-o‘ringa 1, 2-o‘ringa 2 hamda 1-o‘ringa 3 ball beriladi.
Muxlislar tanlagan o‘rinlari nisbatan ikki barobar qadrliroq. 3-o‘ringa 2, 2-o‘ringa 4 va 1-o‘ringa 6 ball beriladi. Yanada aniqroq tushuntirish uchun Hojiakbarning qanday qilib 55 ochko olganini izohlaymiz.
Masalan, Alijonov umumiy 55 ochko yig‘ishga erishgan. Iskanderovda 50, Haqnazarida 34 ochko mavjud.
Hojiakbarning golini birinchi o‘ringa qo‘yganlar 13 tani tashkil etadi. Birinchi o‘rin ovozlari soni uchga ko‘paytiriladi. Shunda raqamlar 39 ga teng bo‘ladi. Ikkinchi o‘ringa qo‘yilgani uchun raqamlar ikkiga ko‘paytiriladi. 4 ta tomon "Paxtakor" himoyachisini shu o‘ringa munosib ko‘rgan. Demak, 4*2=8. Uchinchi o‘rin uchun 1 ochko. 6*1=6. Muxlislar tomonidan uning goli 3-o‘ringa munosib ko‘rilgan. Bu degani yana ikki ochko qo‘shildi. Shu tariqa, 39+8+6+2=55. Boshqa futbolchilarning ochkosi ham shu tarzda hisoblanadi.
O‘z o‘rnida haqli savol tug‘iladi, bu qanchalik to‘g‘ri? Umuman olganda, tomoshabinlarning fikri ustuvor bo‘lishi lozim. Bunga hech qanday e’tiroz yo‘q. Ammo OAV, klub vakillari ham ulardan kam darajada "tosh bosmasligi" yanada to‘g‘ri qaror, deb hisoblayman. Birinchilikni iloji boricha mukammal tarzda ommaga yoritib borishga intilayotgan, "oltin ko‘prik" vazifasini bajaruvchi nashr va telekanallar ham e’tibordan chetda qolmasligi adolatdan bo‘ladi, albatta.
Futbol tomoshabinlar uchun o‘ynaladi. Shu sabab, ularning ovozi ikki barobar qiymatliroq. Murabbiy va sardorlar ham o‘z fikrini bildirishga haqli. Ular O‘zPFL orqali bu huquqidan foydalanadi. Shunday ekan, barchasi o‘z o‘rnida. Shunchaki, biz buni tushuntirib berishga harakat qildik.
Shohrux Zoirov.
Fikrlar
Сардор ва мурабий у.нми. Мухлислар Норчаевни танладими унда улар хакли.