
O‘z vaqtida "Zaltsburg" 100 ming evrogacha sotib olishga tayyor edi. Daniya va Ukraina grandlarining taklifini nega qabul qilmadi? Akrom Komilov bilan suhbat
AGMK klubi yangi mavsum uchun qo‘lga kiritgan yangi futbolchilari orasida Akrom Komilov ham bor. “Paxtakor”da to‘p surgan himoyachining olmaliqliklar safiga ko‘chib o‘tishi shubhasiz Mirjalol Qosimov jamoasining o‘yinini, ayniqsa, himoya chizig‘ini kuchaytirishiga xizmat qiladi. Komilov borasida bir qator qiziqarli ma’lumotlar yo‘q emasdi. Bu borada futbolchi sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.
- Akrom, AGMKning “Navbahor” ustidan qozongan g‘alabasi bilan tabriklayman. O‘yinni ko‘rdik, juda qiziqarli kechdi. Bunday yuqori darajadagi uchrashuvdan keyin nimalarni ayta olasiz?
- O‘yinning qiyin o‘tishini bilib turgandik. Chunki “Navbahor” o‘z uyida ham, safarda ham yaxshi harakat qilishi ma’lum edi. Ular yangi mavsumga jiddiy tayyorlanishgan. Biz uchta uchrashuvda to‘rt ochko jamg‘argandik. Kerakli ochkolarni yo‘qotgandik. Bu bahsda yutishimiz zarur edi. Qo‘shimchasiga bizni oldinda Qatarda Osiyo Chempionlar ligasi pley-offida muhim uchrashuv kutayotgandi. Qatarga ketish oldidan g‘alaba qozonib kayfiyatni ko‘tarib olmoqchi edik. Murabbiylarimiz “Navbahor”ning kuchli va kuchsiz tomonlarini ko‘rsatib berishdi, shunga qarab tayyorgarlik ko‘rdik. O‘yinda yigitlarning ishtiyoqi kuchli edi. Uch ochko jamoamiz uchun o‘ta muhim hisoblanardi. Shunga yarasha g‘alaba qozondik va safarga yuqori kayfiyatda yo‘l olamiz.
- To‘g‘ri, AGMKni endi Qatarda “Al-Garafa”ga qarshi o‘ta murakkab bahs kutyapti. Bo‘lajak raqibni qanchalik o‘rgandinglar? O‘yin oldidan nima degan bo‘lardingiz?
- Ochig‘ini aytsam, hali “Al-Garafa”ni o‘rganib chiqqanimiz yo‘q. Chunki ichki chempionatimizda tur o‘yinlari va terma jamoa uchrashuvlari borligi sababli, hali bunga vaqtimiz bo‘lmadi. Oldimizda Superligadagi o‘yinlar bo‘la turib, ularni bir chetga surib qo‘yib, Qatardagi raqibimizni o‘rgana olmasdik. Mana, endi “Al-Garafa”ni kuzatishni boshlaymiz. Bungacha biz chempionatimizda to‘rtta kuchli jamoa bilan o‘ynadik. “Lokomotiv”, “Nasaf”, “Paxtakor” va “Navbahor”. Endi butun e’tiborimizni Qatardagi o‘yinga qaratamiz. Murabbiylarimiz bo‘lajak raqib haqidagi ma’lumotlarni bizga ko‘rsatishadi.
- Faoliyatingiz davomida ilgari bir necha bor chempionlar ligasida o‘ynagansiz va Qatar klublariga qarshi ham to‘p surgansiz. Ularning orasida siz uchun yoqimli va yoqimsiz o‘yinlar bo‘lganmi? “Al-Garafa”ni qanchalik bilasiz?
- Yoqimli yoki yoqimsiz, deb ayta olmayman. Qatar jamoalari bilan uchrashuvlarda ko‘pincha yo yutganmiz, yo durang bo‘lgan. Mag‘lubiyatlar kamroq edi. Lekin aynan “Al-Garafa” bilan hali o‘ynamaganmiz. “Al-Sadd”, “Al-Jaish”, “Al-Duhayl” kabi klublariga qarshi to‘p surganmiz. Qatarning jamoalari bilan bemalol o‘ynasa bo‘ladi. Hammasi Xudodan, agar o‘z o‘yinimizni ko‘rsatadigan bo‘lsak, keyingi bosqichga chiqishimiz mumkin. Imkoniyatlarni 50x50 baholayman. G‘alaba uchun qaysi klubda xohish ko‘proq bo‘lsa, o‘sha jamoa yutadi.
- AGMKga “Paxtakor”dan ko‘chib o‘tdingiz. To‘g‘risi, chempion jamoa safini tark etishingizni kutmaganlar ko‘p edi. Bunday qarorga kelishingizning asosiy sababi nimada?
- Deyarli uch yil oldin “Bunyodkor”dan yaxshi sport formasida “Paxtakor” jamoasiga o‘tdim. Lekin u erda meni ko‘proq jarohatlar bezovta qildi. Og‘ir jarohatni boshimdan o‘tkazdim. Deyarli bir yarim yil futbolsiz yurdim. Qiyinchiliklar ko‘p bo‘ldi, sport formaga kirib olishim ham og‘ir kechdi. “Paxtakor” jamoasiga rahmat, ular jarohatlangan paytimda meni yolg‘izlatib qo‘ymadi. Qo‘ldan kelganicha menga yordam berishdi. Klubda o‘yin amaliyotimni yo‘qotib qo‘yganim uchun AGMKga o‘tdim. Mirjalol aka Qosimov qo‘ng‘iroq qilib, jamoasini muhim o‘yinlari borligi, vazifa jiddiyligi va sen ancha payt o‘ynamading, bu erda o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib, o‘zingni ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lasan, dedi va men AGMKga o‘tdim. Mirjalol Qosimovni yaxshi bilaman, o‘z ishining ustasi. Mening o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishimni ular ham yaxshi tushunib turishgandi. AGMKga o‘tganim orqaga chekinish emas. Axir Olmaliq jamoasi yaxshi shakllangan, chempionatning etakchilaridan biri sanaladi. Mirjalol Qo‘shoqovich bu yil AGMKni yanada sezilarli darajada kuchaytirdi.
- “Bunyodkor”dan “Paxtakor”ga yo‘l olganingizda shunday fikrga bordik: Komilov “Paxtakor” orqali Evropaga ketmoqchi! Ammo o‘zingiz aytganingizdek, jarohatlar sizga xalaqit qildi va bu rejalaringizni o‘zgartirib yubordimi?
- Sizga rostini aytaman, “Paxtakor”ga o‘tishimdan avval menga Evropa Chempionlar ligasida o‘ynaydigan klublar tomonidan takliflar bo‘lgan. Hattoki, o‘z safiga qo‘shib olishga tayyor jamoa ham bor edi. Men bunday takliflar to‘g‘risida ota-onam bilan yaxshilab maslahatlashdim. Yakunda “Paxtakor”ni tanlashga qaror qildim. Oldimda Evropaning yaxshi klublaridan variantlar bisyor edi.
- Aynan qaysi klublar sizga jiddiy qiziqish bildirgandi?
- Menga ma’lum bo‘lishicha, “Liverpul”ga qarshi o‘ynagan Daniyaning “Mityulland”, Kievning “Dinamo”si va yana boshqa klublar. Bulardan tashqari, Koreya jamoalaridan ham aniq takliflar bo‘ldi. Faqat uydagilar bilan kelishib, o‘zimizda qoldim. Ammo bu chekinish emas. Yana o‘z sport formamga qaytib Evropaga ketish va terma jamoaga qaytish niyatim bor. “Paxtakor”da jarohatlarga uchraganim albatta rejalarimni o‘zgartirib yubordi. Boshida borganimda deyarli asosiy tarkibda o‘ynayotgandim. Dubaydagi yig‘inda ham yaxshi qatnashdim, ammo o‘sha erda jarohatga uchradim. Ikki-uch oy davolanib, sport formamga qaytgan paytimda yana jarohat oldim va bu safargisi jiddiyroq bo‘ldi.
- Evropadan tushgan takliflardan birini qabul qilmaganingizdan keyin afsuslandingizmi?
- Albatta, keyinchalik bunday o‘y-xayollar bo‘ladi. U erlarda rizqim bo‘lmagan ekan, balki undan ham yaxshiroq klubga ketarman. Xudo biladi.
- Adashmasam, yoshlik chog‘ingizda Evropada qaysidir klubnnig mashg‘ulotlarida ham qatnashib qaytgandingiz-a?
- “Bunyodkor”da o‘ynab yurganimda o‘smirlik chog‘imda Avstriyaga borganman. 2012 yili BAAda o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionatida qatnashganmiz. O‘sha musobaqadan so‘ng, Avstriyaga Red Bull jamoasiga borganman. U erda 10 kun ko‘rikda ishtirok etganman. O‘shanda 17-18 yoshda edim. Meni yoshlar jamoasida sinab ko‘rishgan. O‘sha paytda “Bavariya”ning yoshlari bilan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishimiz kerak edi. Klub sport direktori “Red Bull Zaltsburg”ning yoshlar jamoasi murabbiyidan bu o‘yinchini qancha vaqtga maydonga tushirasan deb so‘raganida, 25-30 daqiqa davomida sinab ko‘raman degandi. Bunday qisqa vaqt ichida futbolchining nimasini ko‘rasan, o‘zini ko‘rsatishga ulgurmaydi-ku, deya javob qaytargan, ammo murabbiy shuncha vaqt imkoniyat berishini aytgan. “Zaltsburg”ni U-21 jamoasi ham bor. Chexiyada ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi rejalashtirilgan. U-21 jamoasi murabbiyiga meni sinab ko‘rishlarini aytishgan. Murabbiy menga imkoniyat bergan, o‘zimni ko‘rsatganman. O‘shanda murabbiy iliq fikrlar bildirib, seni olib qolamiz degan. Avstriyaga qaytganimizdan keyin yana sport direktori bilan gaplashganman va menga hattoki 4-raqamni ham berishgan. Bir yil o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynaysan, keyin asta-sekin asosiy tarkibga o‘tkazamiz deya menga ishonch bildirishgan. Klubing bilan gaplashamiz, kelishsak seni albatta olamiz deyishgan. U paytda yosh edim. Esimda, “Zaltsburg” klubidagilar menga, seni ko‘pi bilan 100 ming evrogacha sotib olishimiz mumkin degan. Ularga kerakligim uchun meni sotib olishini aytishgan. Toshkentga qaytganman va bir haftadan keyin nimadir bo‘ldi-yu, Avstriya varianti bekor bo‘lganini bilganman. Yosh bo‘lganim uchun buning sababini so‘ragani qo‘rqqanman.
- O‘sha paytda “Zaltsburg”da hozirgi paytdagi qaysi taniqli futbolchilar bor edi?
- Sadio Mane bor edi. Yana ko‘plab yaxshi o‘yinchilari to‘p surardi. “Zaltsburg” chempionlar ligasida o‘ynaydigan jamoa edi. Shuning uchun tarkibi kuchli edi. Mane keyinchalik “Sautgempton”ga ketgan. U erda yoshlar jamoasi bilan asosiy tarkibning mashg‘ulotlari alohida bo‘lardi. Lekin bitta joyda shug‘ullanardik.
- Biz ham Evropa maydonlarida o‘zbekistonlik futbolchilar ko‘payishini juda istaymiz...
- Ishoning, o‘zbek futbolchilari 22 yoshgacha Evropa saviyasi darajasida bo‘lishadi. Bizni arzon narxga bo‘lsa ham Evropa klublariga sotishsa, bu terma jamoa manfaati uchun foyda, bunday holatda klub manfaati ustun bo‘lmasligi kerak. Arzon narxga sotishsa va u erda futbolchi o‘zini ko‘rsatsa, o‘zbek o‘yinchilariga talab ortishni boshlaydi. Shu sababli o‘yinchini vaqtida xorijga ketishiga imkoniyat berish kerak. Nimaga boshqa terma jamoalar o‘syapti? Ularning ko‘plab o‘yinchilari Evropada o‘ynashyapti. Esimda, “Zaltsburg”ga borgan paytimda qatarlik ikkita o‘yinchi bor edi. Ulardan sizlar qanday kelgansizlar deb so‘raganman. Qatarda “Aspire” akademiyasi bor. Uning tarbiyalanuvchilarini tekinga Evropa klublariga jo‘natishadi. Maqsad, o‘sha yoshlarni rivojlantirish. Masalan, o‘zimizdagi yosh o‘yinchilarga qarasak, 1995-96 yillardagi futbolchilarni olaylik, biz ikkita jahon chempionati va to‘rtta Osiyo chempionatini ko‘rdik. Ikkala musobaqada ham yaxshi qatnashganmiz. Kuchli raqiblar bilan tengma-teng o‘ynaganmiz. Misol uchun jahon chempionatiga chiqish kerak deyishadi, ammo bu qiyin ish. Aytaylik, Eron, Yaponiya, Janubiy Koreyaning ko‘plab futbolchilari Evropaning kuchli chempionatlarida to‘p surishadi. Bizdagi bir-ikkita Evropada to‘p surayotgan o‘yinchilarimiz hisobiga ular bilan tenglasha olmaymiz. Harakat qilamiz-u, ammo vaziyatga ham real qarash kerak. Evropada katta darajadagi o‘yinlarda o‘ynab yurgan futbolchilar bilan O‘zbekiston chempionati yoki Osiyo klublarida o‘ynayotgan o‘yinchilarni solishtirish kerak emas. Bizda ham 10 dan ortiq futbolchilarimiz Evropaning kuchli chempionatlarida o‘ynab yurib terma jamoaga kelishsa, ana shunda jahon chempionatini talab qilish kerak. Buni muxlislarimiz ham to‘g‘ri tushunishlarini istardim. Evropada o‘ynayotgan futbolchilarimiz kam, aksariyati Osiyoda va o‘zimizning chempionatdan. Bunday pallada yuqori saviyada to‘p surish oson emas. Negadir hozirgi yoshlarimiz orasida ko‘zga tashlanayotganlari kam. Bizdan keyingi avlod vakillari Osiyo chempionati guruh bosqichi, hattoki saralashidan ham o‘ta olishmayapti. Chunki hozirgilar alohida-alohida bo‘lib yurishadi. Har kim ko‘rpani o‘ziga tortishadi. Bizning tengqurlar orasida bunday bo‘lmagan, hammasi jamoaviy edi. Shuning uchun ikkita Osiyo chempionatini yutdik, ikki marta jahon chempionatiga chiqdik.
Fikrlar