O‘zbek jang san’ati: Chirchiqda Xalqaro seminar tashkil etildi
Xabaringiz bor, milliy sport turimiz bo‘lgan O‘zbek jang san’ati sport 2009 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mazkur cpopt turini yanada ommalashtirish, mashg‘ulotlarni yuqori saviyada tashkil etish, sportchilarning tajriba va mahoratini oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratish, malakali murabbiylar va hakamlar tayyorlashga O‘zbek jang san’ati federatsiyasi tomonidan alohida e’tibor qaratib kelinadi. Shu bois, joriy yilning 19-20 sentyabr kunlari O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya sport universitetida O‘zbek jang san’ati federatsiyasi tomonidan xalqaro amaliy- nazariy seminar tashkil etildi.
O‘zbek jang san’ati sport turi bo‘yicha mazkur xalqaro murabbiylik va hakamlik seminarida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya hamda mamlakatimizning barcha hududlaridan 400 nafarga yaqin murabbiylar ishtirok etishdi.
Seminarni O‘zbek jang san’ati asoschisi, federatsiya raisi Po‘lat Usmonov hamda boshqa mutaxassislar olib borishdi. Ikki kun davomida seminar ishtirokchilari mutaxassislar tomonidan O‘zbek jang san’atining yo‘nalishlarini nazariy- amaliy jihatdan o‘rganib, bilim va tajribasini oshirishdi. Yakuniy nazorat-mashg‘ulotlari o‘tkazilgach, ishtirokchilarga xalqaro hakamlik va murabbiylik sertifikatlari topshirildi.
Ta’kidlash joiz, ushbu seminar o‘z mahoratini oshirish, bilimlarini yangilash va bilan tajriba almashish imkonini berdi. Olingan bilim va ko‘nikmalar murabbiylarga o‘g‘il-qizlarni mashg‘ulotlarga jalb etish orqali yangi-yangi chempionlarni kashf etishga va milliy sport turimiz - O‘zbek jang san’atini dunyo bo‘ylab yanada ommalashishiga xizmat qiladi.
Ilhom RAHMONOV tayyorladi

Fikrlar