
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida pullar talon-taroj qilingan, Bosh prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atdi
Bosh prokuratura tomonidan Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyati o‘rganilganida, bir qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Oliygohga o‘qishga qabul qilishda qonunchilik talablari buzilib, qabul jarayonlarining shaffofligi ta’minlanmagan.
Xususan:
– ijodiy imtihonlarni o‘tkazish uchun 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 3 kishidan kam bo‘lmagan tarkibda komissiya shakllantirilmagan;
– 21 ta sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan ijodiy imtihonlarda aynan bir shaxs bir vaqtda komissiyalarga raislik qilgan;
– 24 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 189 nafar abiturientning imtihon natijalari bayonnomalarda haqqoniy aks ettirilmagan;
– 26 nafar abiturientning ijodiy imtihon natijalari bayonnomalarda ko‘rsatilmasdan, asossiz baholangan;
– ot sporti, xokkey, figurali uchish, tog‘ chang‘isi bo‘yicha sport inshootlari mavjud bo‘lmasada, 500 nafardan ortiq abiturient shu yo‘nalishlarga o‘qishga qabul qilingan;
– 90 nafar abiturientning ijodiy imtihon ballari oshirib qo‘yilib, talabalikka qabul qilingan.
Oqibatda, ijodiy imtihonlardan eng yuqori ball to‘plab, davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan 30 nafar talaba 1-semestr yakuni bo‘yicha qoniqarsiz baho olgan.
Huddi shu kabi qonun buzilish holatlari Universitetning Farg‘ona filialida ham yo‘l qilgani aniqlangan.
Shuningdek, Universitetda o‘qishga qabul kvotalari ham sun’iy ravishda oshirilib, 3 160 o‘rinli universitetga 13 634 nafar yoki sig‘imga nisbatan 4,5 baravar ko‘p talabalar qabul qilingan.
So‘nggi 2 yilda talaba va o‘qituvchilar tomonidan jami 6 ta korruptsiyaviy va 23 ta boshqa turdagi jinoyatlar sodir etilgan.
Tekshirish davomida o‘tkazilgan tadbirda talabalar D.I. va J.S.lar fuqaro G‘.M.ni o‘qishga kiritish uchun undan 5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Bundan tashqari, 587 nafar o‘qituvchi va xodimlariga 1,2 mlrd. so‘m rag‘batlantirish pullari hamda o‘tilmagan dars soatlari uchun 172 mln. so‘m mablag‘ noqonuniy to‘lanib, talon - toroj qilingan.
Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fikrlar