O‘zbekiston delegatsiyasi zamonaviy beshkurash sportida Tokio-2020 uchun yana bir litsenziyaga ega bo‘ldi
Xitoyning Uxan shahrida davom etayotgan zamonaviy beshkurash bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempionati sportimiz tarixi uchun unutilmas voqeliklarga boy bo‘lishi bilan yodda qolmoqda. Ayollar o‘rtasida kechgan bellashuvlardan so‘ng endi erkaklar terma jamoasida ham hamyurtimiz Aleksandr Savkin kelasi yil Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritdi. Qayd etish joiz, terma jamoamiz ushbu sport turida o‘zbek sporti tarixida ilk bor Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.
Mazkur musobaqada Osiyo va Okeaniya mintaqasining eng kuchli 12 terma jamoasidan ayollar o‘rtasida 26, erkaklar o‘rtasida esa 32 nafar sara beshkurashchilar bahs olib bordi.
Ta’kidlab o‘tish kerakki, o‘zbek sporti tarixida bunday ko‘rsatgich birinchi bor qayd etilmoqda. Kuni kecha esa Alise Faxrutdinova ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan saralash bosqichida uchinchi o‘rinni egallab, Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma ko‘lga kiritgan edi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, sportchilarimiz jamoaviy reytingda beshinchi pog‘onani egallab, Olimpiya o‘yinlarining 2 ta litsenziyasiga sazovor bo‘lishdi. Zamonaviy beshkurash mamlakatimizda endi rivoj topib borayotgan sport turlaridan biri. Boisi ushbu yo‘nalishga avvallari deyarli e’tibor qaratilmas edi, ammo 2018 yil oxirida federatsiya boshqaruvida bo‘lgan o‘zgarishlar bugun o‘z mevasini bermoqda.
Musobaqa yakunida terma jamoalarning kuchli beshligi quyidagi ko‘rinishga keldi:
1. Janubiy Koreya
2. Xitoy
3. Qozog‘iston
4. Yaponiya
5. O‘zbekiston

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasining Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga qo‘lga kiritgan litsenziyalari soni o‘n uchtaga (ettita sport turi) etdi. Milliy olimpiya qo‘mitasi zamonaviy beshkurash federatsiyasini Xitoydagi turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etgani bilan samimiy muborakbod etib qoladi.
Manba: olympic.uz

Fikrlar