"O‘zbekiston futbolni sevuvchi mamlakat, o‘yinchilaringiz aslida jahon chempionati darajasida, ammo o‘sha muammo..." - evropalik murabbiy bilan eksklyuziv suhbat

  • 26 iyul, 2021, 22:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Sports.uz sayti an’anasiga sodiq qolgan holda evropalik ko‘zga ko‘ringan mutaxassislar bilan eksklyuziv suhbatlarni uyushtirishda davom etadi.

Bu safar turkiyalik taniqli murabbiylardan biri Engin Firat saytimiz uchun suhbatlashishga rozi bo‘ldi.

51 yoshli mutaxassis faoliyati davomida Germaniyaning “Ayntraxt”, “Rot Vayss”, Turkiyaning “Fenerbaxche”, “Sivasspor”, “Samsunspor”, “Antalyaspor”, “Karabyukspor”, Janubiy Koreyaning “Inchxon Yunayted”, Eronning “Saypa”, “Sepaxon”, “Fulad”, AQShning “Dallas Siti” kabi klublarida faoliyat ko‘rsatdi.  

Shuningdek, Firat Eron terma jamoasida ham murabbiylik qilgan. Oxirgi ikki yilda esa u Moldova terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlaganini zukko o‘quvchilar bilsa kerak.

Turkiyalik murabbiy Osiyoda ishlagani bois bizning futboldan ham xabardor ekan. U bilan suhbat jarayonida o‘zbek futboli va milliy terma jamoamiz borasida o‘zining xolisona fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

- Janob Firat, avvalambor Sports.uz saytiga suhbatlashishga rozilik bildirganingiz uchun tashakkur. Biz siz haqingizda ko‘p eshitganmiz. Adashmasam, so‘nggi bor Moldova terma jamoasiga bosh murabbiylik qilgandingiz. Ayting-chi, faoliyatingiz qanday o‘tyapti?

- Moldova bilan hammasi joyida edi. Biz bu terma jamoa bilan bir qancha yaxshi o‘yinlarni o‘tkazdik. Asosan dunyo darajasidagi yuqori reytingda turuvchi raqiblarga qarshi o‘ynadik. Masalan, Frantsiyaga qarshi o‘yinni aytishim mumkin. O‘shanda biz faqatgina hakamning xatosi bilan mag‘lubiyatga uchradik. Afsuski, hakamlar o‘yinni buzib qo‘yishdi. Bundan tashqari, Rossiyaga qarshi uchrashuvda 0:0 hisobini qayd etdik. Rossiya ham jahon chempionatida yaxshi natija ko‘rsatgan. Qolaversa, biz yana yuqori saviyadagi jamoalar – Gretsiya, Shvetsiya kabi termalar bilan bellashdik. O‘ylashimcha, biz turnir mobaynida o‘zimizni yaxshi tomondan ko‘rsata oldik. Afsuski, jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kirita olmadik. Shu sababdan Moldova bilan shartnomamni uzaytirmaslikka qaror qildim. Men yanada kuchliroq jamoa bilan shartnoma imzolab, jahon chempionatida ishtirok etishni juda istayman. Ha, menga takliflar bo‘lyapti. Hozircha uydaman. Jahon chempionatiga chiqish potentsialiga ega bo‘lgan jamoada ishlash niyatim bor.

firat2

- Tushunarli. Ayting-chi, o‘zbek futboli haqida nimalarni bilasiz?

- Ochig‘i, O‘zbekiston futboli haqida o‘zimga yarasha etarli ma’lumotlarni bilaman deb hisoblayman. Bu juda ajoyib davlat. O‘zbekiston – bu futbol mamlakati. Yurtingizdagi ko‘plab klublarning nomlarini aytishim mumkin. Eng mashhurlari – “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv”, “Nasaf”. Bular Osiyo Chempionlar ligasidagi o‘yinlari orqali menga yaxshi tanish. “Bunyodkor” klubini Rivaldoning kelishidan so‘ng yanada yaxshiroq taniy boshlaganman. Bilaman, O‘zbekistonda futbolni nihoyatda yaxshi ko‘rishadi. Uy o‘yinlarini ko‘radigan bo‘lsak, muxlislar to‘la stadionlarda o‘tkazadilar. Shu jihatdan ham O‘zbekistonni futbolni sevuvchi mamlakat deb aytsak bo‘ladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda o‘ynagan bir qator futbolchilarni bilaman. Misol uchun Moldova terma jamoasidagi darvozabonlar murabbiyi aynan O‘zbekiston chempionatida harakat qilgan, sobiq posbon. Umuman aytganda, o‘zbek futboli haqida yaxshi tasavvurga egaman. O‘ylaymanki, o‘zbek futboli juda qiziqarli.

firat8

- Ha, yurtimiz futboli haqidagi tushunchangiz ancha keng ekan. Qiziq, faoliyatingiz davomida sizga O‘zbekistondan taklif bo‘lganmi? Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, bizning mamlakatda ishlashga qanchalik qiziqasiz?

- Ha, albatta o‘zbek klublaridan menga takliflar bo‘ldi. Lekin men bu paytda ushbu takliflarni qabul qila olmasdim. Chunki amalda Moldova bilan shartnomam bor edi. Bundan tashqari, menga bildirilgan takliflarni qabul qilmasligimning asosiy sababi, o‘sha jamoada Osiyo Chempionlar ligasida qatnashish hamda chempionatda favorit bo‘lish potentsialini ko‘rmadim. Shu bois taklifni rad etdim. O‘ylaymanki, murabbiylarning barchasi, ayniqsa, evropaliklar Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadigan klublarni boshqarishni istashadi. Albatta, bir kun kelib O‘zbekistonda faoliyat olib borish baxtiga muyassar bo‘laman. Sportga juda mehr qo‘ygan davlat. E’tibor yaxshi. Shu jihatdan o‘z ishimni bemalol bajara olaman deb o‘ylayman. Kelajakda O‘zbekiston klublarida ularning yaxshi natijalarga erishishiga yordam bera olaman. Shu bilan birga yurtingiz futbolining rivojiga ham o‘z hissamni qo‘shishni xohlayman.

firat3

- Shuningdek, siz bilan terma jamoamiz haqida gaplashmoqchiman. Eshitgan bo‘lsangiz, O‘zbekiston jahon chempionati ikkinchi saralash bosqichidayoq muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Biz har doim saralashning oxirgi bosqichigacha etib borganmiz. Murabbiylikdagi tajribangizdan kelib chiqqan holda ayting-chi, sizningcha, O‘zbekiston nima uchun mundialga chiqa olmayapti?

- Ha, O‘zbekiston milliy terma jamoasining saralash bosqichidagi o‘yinlarini, ayniqsa, Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvini kuzatib bordim. To‘g‘risi, men uchun shok holati bo‘ldi. O‘zbekiston Saudiyaga 3:0 hisobida imkoniyatni boy berdi. Lekin o‘yin bu natijaga yarasha emasdi. O‘zbekistonda futbolchilarning darajasi juda yuqori. Saudiyaning O‘zbekistonni bu qadar osonlik bilan mag‘lub etgani men uchun syurpriz bo‘ldi deb ayta olaman. Bu erda futbolchilaringizning tajribasi, sifati yoki mahorati etishmadi deb o‘ylamayman. Chunki O‘zbekistonda keragidan ortiq yuqori sifatli o‘yinchilar bor. Ular uchinchi bosqich tugul, hattoki, jahon chempionati darajasidagi futbolchilar hisoblanadi. O‘shanda o‘yinni tashqaridan kuzatdim va menga shunday ko‘rindiki, futbolchilarda ruhiy muammo bordek tuyuldi. O‘yinchilaringiz yuqori bosim ostida o‘ynagandek tasavvur uyg‘otdi. O‘z harakatlarida mazmun etishmadi. Balki futbolchilarga yaxshi motivatsiya berilmagandir. Men jamoada aynan ruhiy tarafdan muammo borligini ko‘rdim. Aslida O‘zbekiston milliy termasi sifatli o‘yinchilarga boy bo‘lgan jamoa. Terma jamoangizning uchinchi saralash bosqichiga chiqa olmagani meni shok holatiga tushirib qo‘ydi. O‘zbekistondan bunday natijani kutmagandim.

firat1

- Murabbiylik faoliyatingiz davomida Turkiya, Eron, Janubiy Koreya kabi chempionatlarda ishlagansiz. Ko‘rinib turibdiki, Osiyo futbolini yaxshi bilasiz. Aytaylik, Eron nega har safar mundialga chiqaveradi? Buning sababi nimada? Bu jamoa ko‘pincha bizning asosiy raqobatchimizga aylanadi.

- Bilmadim, Eronga solishtiradigan bo‘lsak, deyarli bir xil darajani ko‘rishimiz mumkin. Unda nega ular ijobiy natijalarga erishyapti, degan savolga men aytishim mumkinki, eronliklar ko‘proq birlashgan va jamoaviy tarzda yaxshiroq shakllangan. Individual olib qaraganda, O‘zbekiston terma jamoasi vakillaridan ustun ko‘rinmaydi. Albatta, hozir Eronda 5-6 nafar juda yaxshi darajadagi hujumkor ko‘rinishdagi sifatli futbolchilar jamlangan. Ammo umumiy ma’noda solishtirganda, Eron O‘zbekistondan katta farq qilmaydi. Terma jamoangizda nima muammo bo‘layotganini yuqorida aytib o‘tdim. Futbolchilarda muvozanat etishmayapti. Balki o‘yinchilaringiz o‘zlarini nimalarga qodirliklarini to‘liq bilishmas. Ularni aslida kuchli ekanligiga ishontira olish kerak. Jamoaning yaxshi natijaga erisha olishga qodirligini singdira bilish lozim. Barcha bilishi kerakki, O‘zbekiston yuqori sifatli, jahon darajasidagi jamoa. Yana qaytaraman: Eron bilan O‘zbekiston o‘rtasida katta farq bor deb o‘ylamayman. Shunchaki, eronliklar jamoaviylik, maydonda borini berishi, bir-birini yaxshi tushunishi evaziga ijobiy natijalarga erishib, jahon chempionatlariga chiqa olyapti. O‘zbekiston yaxshi mutaxassislarni jalb etgan taqdirda Eronda kam bo‘lmasligi kerak.

firat4

- Eronni mundiallarga chiqishida shubhasiz sobiq murabbiy Karlos Keyrushning ham katta hissasi bo‘lgan. Agar ushbu mutaxassis O‘zbekistonda ish boshlasa, bizni jahon chempionatiga olib boradi deb o‘ylaysizmi? Umuman, bizga qanday murabbiy kerak?

- Bilmadim, murabbiy almashtirish O‘zbekistonga qanchalik foyda berarkin?! Balki Keyrush...Nafaqat Keyrush, umuman Osiyo futbolida tajribasi bor, dunyo futbolida o‘z bilimiga ega bo‘lgan har qanday mutaxassis O‘zbekistonni jahon chempionatiga olib chiqa oladi. Chunki sizlarda juda ko‘plab sifatli o‘yinchilar bor. Bu erda hech qanaqasiga futbolchilardagi daraja rol o‘ynamayapti. Tashqaridan qaraganda ham ko‘rinib turibdiki, jamoaning ichida ruhiy muammolar borligi ko‘zga tashlanyapti. O‘zbekistonda jahon chempionatiga chiqish uchun potentsial etarli. Barchasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, murabbiy tomonidan yaxshi ish olib borilsa, terma jamoangiz bemalol mundialga chiqa oladi.

- O‘zbek klublariga qarshi hech to‘qnash kelganmisiz?

- To‘g‘risi, eslay olmayman. Faoliyatim davomida o‘zbek jamoalariga qarshi o‘ynamaganman. Bu savolga javob berishim ancha qiyin.

firat7

- O‘zbek murabbiylari va futbolchilaridan kimlarni yaxshiroq bilasiz?

- Juda ko‘p futbolchilaringizni bilaman. Ulardan biri Italiyada yaxshi mavsumni o‘tkazgan markaziy hujumchi Eldor Shomurodov. U jamoasida juda foydali o‘yin o‘tkaza oldi. Sifatli va yaxshi darajadagi hujumchi ekanini namoyish qildi. Tanqid qilish uchun sabab bo‘layotgan Odil Ahmedov. Qaysi tarafdan? Aslida tanqid unga emas. Ahmedov jamoadagi asosiy mas’uliyatni o‘ziga olayotgan futbolchiga aylanib qolyapti. Ya’ni, uning atrofida yosh futbolchilar ko‘p. Ammo Odil Ahmedovchalik ular jamoani oldinga boshlash mas’uliyatini elkalariga olgilari kelmayapti. Mana shu narsani o‘zlaringizdan so‘rashingiz va shu muammoni bartaraf qilishinglar kerak. Futbolchilar katta va muhim o‘yinlarda barcha mas’uliyatni bitta futbolchiga tashlab qo‘yishi mutlaqo noto‘g‘ri. Mas’uliyat butun boshli jamoaga teng taqsimlanishi va jamoa buni teng holatda his qilishi muhim. Gap yana o‘sha muammo – ruhiy masalaga qarab ketyapti. Futbolchilar faqat jismoniy yoki taktik tomondan emas, balki ruhiy taraflama ham o‘yinlarga tayyor bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, sizlarda yana Masharipov, Alijonov kabi yaxshi darajadagi futbolchilarni sanab berishim mumkin. Aytyapman-ku, O‘zbekistonda birortasini saviya jihatidan past deb bo‘lmaydi. Hammasi yuqori darajada. Faqat ularni to‘g‘ri yo‘nalishda, bir jamoa ostida birlashtirish – mana shu asosiy masala. Ana shunda Osiyo va jahon miqyosida ham kerakli natijalarga erishish mumkin bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Durbek Hakimov
27/07/2021 01:03
Яхши мураббий, телефонини Эрматовга беринг
Baxil Alihuja
27/07/2021 10:54
Жуда яхши тренер! Куриниши хам жуда зиёли, хакикатда хам юизни уйинчиларда рухий муаммо булгани учун ландавур уйинчиларимиз хар доимгидек иштонга килиб куйишди. Яна бир катта муаммо, бу рахбариятда! Бизнинг спортда жуда улкан коррупция бор, мана шу коррупция туфайли уйинчиларимизни латтадан фарки ЙУК! патхалим журналистларимиз "Танкидга лойик эмас" деган Ахмедов энг катта танкидга ЛОЙИК! Умримда бу даражада ландавур сардорни курмаганман!