O'zbekiston kriket federatsiyasida yangi tayinlov!

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston kriket federatsiyasi rahbariyati tarkibida yangi tayinlov amalga oshirildi. Joriy yilning 2 oktyabr kuni federatsiya raisi Aziz Mixlievning qarori bilan falsafa fanlari doktori (DSc), professor Isomiddinov Yunusjon Yusubboyevich O‘zbekiston kriket federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga tayinlandi.

Yangi tayinlangan vitse-prezident ko‘p yillik kasbiy faoliyati davomida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat boshqaruvi organlari, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimlarida faoliyat yuritib, davlat va jamoat boshqaruvi sohalarida salmoqli tajriba to‘plagan.

Professor Yunusjon Isomiddinovning ilmiy-pedagogik faoliyati, boshqaruv sohasidagi tajribasi va turli tizimlardagi amaliy ko‘nikmalari federatsiyaning kelgusidagi faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.

Yangi rahbariyat a’zosining asosiy vazifalaridan biri mamlakatimizda kriket sportini yanada ommalashtirish, yoshlar va o‘smirlarni ushbu sport turiga keng jalb etish, hududlarda kriket infratuzilmasini rivojlantirish hamda sportchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston kriketining xalqaro sport maydonidagi ishtirokini kengaytirish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash va milliy terma jamoalar salohiyatini oshirish yo‘nalishlarida ham tizimli ishlar davom ettirilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston kriket federatsiyasi professor Yunusjon Isomiddinovni yangi lavozim bilan muborakbod etadi va unga mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaydi.

Ushbu tayinlov federatsiya faoliyatini yanada takomillashtirish, boshqaruv salohiyatini kuchaytirish va mamlakatimizda kriket sportini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

O‘zbekiston kriket federatsiyasi matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!