
O‘zbekiston Superligasining eng qimmat o‘yinchisi kim?
Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world portali O‘zbekiston Superligasida to‘p tepayotgan futbolchilarning transfer narxlari bo‘yicha ma’lumotlarni yangiladi.
Joriy mavsumda O‘zbekiston chempionati yuqori divizionida 14 ta jamoada jami 360 nafar futbolchi musobaqa qaydnomasidan o‘tkazilgan. Ulardan 18,6 foizi, ya’ni 67 nafari xorij mamlakatlaridan kelgan charm to‘p ustalari hisoblanadi.
Superligamizda jami 23 mamlakat – Serbiyadan o‘n uch, Gruziyadan to‘qqiz, Chernogoriyadan etti, Rossiya va Tojikistondan beshtadan, Xorvatiya va Belarusdan uchtadan, Qirg‘iziston, Bosniya va Gertsegovina, Ukraina, Shimoliy Makedoniya, Braziliya, Gana, Erondan ikkitadan, Ispaniya, Liberiya, Yaponiya, Ruminiya, Latviya, Moldova, Suriya hamda Nigeriyadan bir nafardan futbolchi ishtirok etmoqda.
Chempionatimizning eng qimmatbaho o‘yinchisi – “Navbahor” yarim himoyachisi Odiljon Hamrobekov hisoblanadi. 28 yoshli futbolchi 1,2 million evroga baholanmoqda.
Kuchli uchlikdan joy olgan “Nasaf” vakillari – Sherzod Nasrullaev va Akmal Mozgovoyning narxi ko‘tarilib, bir million evroga etdi.
Chempionatimizdagi to‘rtinchi “millioner” olmaliqliklar sharafini himoya qilayotgan Xurshid G‘iyosov hisoblanadi. Qolgan hech bir futbolchining transfer summasi bir million evroga etmagan.
Shuningdek, narxi eng ko‘p ko‘tarilgan futbolchilar reytingida makedoniyalik Lyupche Doriev qayd etilgan. “So‘g‘diyona” o‘yinchisining transfer summasi 500 mingdan 900 ming evroga oshdi.
O‘zbek futbolchilari orasida “Andijon” himoyachisi Bektemir Abdumannonovning narxi bir baravar oshib, yangi reytingda besh yuz ming evroni tashkil qilmoqda.
Transfer narxi eng ko‘p pasaygan futbolchilar “Paxtakor”ning tajribali yarim himoyachisi Sardor Sobirxo‘jaev va “Surxon”ning liberiyalik hujumchisi Silvanus Nimeli bo‘ldi. Ularning narxi 200 ming evroga arzonlagan.
Fikrlar