
Legionerlarimizni Evropa Chempionlar ligasidan chiqarib yuborishmoqchi
Yangi mavsumda Evropa Chempionlar ligasida ikki legionerimiz – Shahboz Umarov va Jasurbek Yaxshiboev ishtirok etishi kutilmoqda.
Legionerlarimiz o‘ynayotgan “Ordabasi” klubi o‘tgan yili Qozog‘iston Premer-ligasi g‘olibligiga sazovor bo‘ldi. O‘z tarixida ilk bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan chimkentliklar Evropaning eng nufuzli musobaqasidagi debyutiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ta’kidlash joizki, etmish yildan beri tashkil etib kelinayotgan Evropa qit’asining eng nufuzli musobaqasi – Chempionlar ligasi (avvalgi Chempionlar kubogi) 2024-2025 yilgi mavsumdan boshlab, yangicha formatda o‘tkaziladi.
Dastlabki uchta saralash bosqichi va pley-offdan muvaffaqiyatli o‘tgan jamoalar Chempionlar ligasining umumiy bosqichiga yo‘llanma oladi. Aynan mana shu umumiy bosqich avvalgi formatdagi guruh bosqichi o‘rnini egalladi. Bu gal ushbu raund ishtirokchilari soni to‘rttaga ko‘paytirilib, jami 36 ta jamoani tashkil qiladi.
Yangi mavsumda UEFAga a’zo 55 ta mamlakatdan 53 tasidan futbol jamoalari ishtirok etadi. Bu yil ham musobaqada Lixtenshteyn va Rossiya vakillari yo‘q.
Qur’a natijasiga ko‘ra, “ko‘hna qit’a”ning yangicha formatdagi yangi mavsumida “Ordabasi” tarixiy ilk uchrashuvini Moldovaning “Petrokub” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Dastlabki bosqichning birinchi o‘yini 10 iyul kuni Qozog‘istonda bo‘ladi.
Bu bellashuvni xorvatiyalik hakamlar brigadasi boshqaradi. Bosh hakam vazifasini Patrik Kolarich bajaradi. Unga qanotlarda Luka Paich va Ivan Starchevich yordam beradi. Zaxira hakami Dario Bel bo‘ladi.
“Petrokub” bosh murabbiyi Andrey Martin qozoq klubi bilan bo‘lajak raqobat haqida fikr bildirib, raqiblarini musobaqadan chiqarib yubormoqchi ekanini ta’kidladi.
- Raqib kuchli ekanini aytishim lozim. Lekin biz saralash bosqichida ulardan o‘tamiz. Yagona muammo Qozog‘istonga etib olish. Bu juda olis yo‘l, u shaharga to‘g‘ridan to‘g‘ri reys topib bo‘lmasa ham kerak.
Raqib jamoa juda tajribali, asosan, Qozog‘iston terma jamoasida o‘ynaydigan 30 yoshdan katta bo‘lgan o‘yinchilardan tarkib topgan, - dedi Andrey Martin.
“Ordabasi” futbolchilari orasida Jasurbek Yaxshiboev Evropa Chempionlar ligasi guruh bosqichida ishtirok etish tajribasiga ega. Legionerimiz uch yil muqaddam Moldovaning “Sherif” jamoasi safida qit’aning eng nufuzli musobaqasida qatnashgan. O‘shanda Jasurbek “Santyago Bernabeu” arenasida madridlik muxlislar ko‘z o‘ngida “Real” darvozaboni Tibo Kurtuaga gol urib, o‘z nomini tarixga muhrlagan edi.
Bundan tashqari, Yaxshiboev Moldova chempionati doirasida “Petrokub”ga qarshi ikki marotaba maydonga tushib, bittadan gol va assist muallifi bo‘lgan.
27 yoshli hujumkor futbolchimiz Evropa Chempionlar ligasining saralash raundlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, umumiy bosqichda ishtirok etishni istayotganini ta’kidladi.
Legionerlarimizning yangi transfer narxi qancha?
Azizbek Turg‘unboev jamoasi hammani chaqirdi
Fayzullaevga chetdan qiziqish bor, faqat...
TsSKA asosiy tarkibda shug‘ullanayotgan Rustambekka qanday baho berdi?
Fikrlar