
O‘zbekiston va Rossiya to‘qnashuvida oltita gol bo‘ldi
Rossiya-U21 terma jamoasi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Buxoroda o‘tkazmoqda. Rossiyaliklar yig‘in davomida o‘zbekistonlik tengqurlari bilan ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi belgilangan.
Rossiya yoshlar terma jamoasi murabbiylar shtabi yurtimizdagi yig‘inga 23 nafar iste’dodli futbolchilarni jalb qilgan.
O‘zbekiston futbol federatsiyasi ham bu o‘rtoqlik uchrashuviga jiddiy e’tibor qaratdi. Mamlakatimiz yoshlar terma jamoasi murabbiy Farhod Nishonov rossiyalik jurnalistlar bilan suhbatda terma jamoa Buxoroda tashkil etiladigan ikkita o‘rtoqlik o‘yini uchun Slovakiyadagi xalqaro turnirda qatnashmaslikka qaror qilinganini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Rossiya yoshlar terma jamoalari “Buxoro Arena” stadionida saf tortdi. O‘rtoqlik maqomidagi uchrashuvlar gollarga boy bo‘ldi.
Bellashuvni Rustam Lutfullin boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqardi.
O‘yin keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tdi va stadionga kelgan muxlislar shu kuni jami oltita golga guvoh bo‘ldi.
Hisobni ochish mehmonlarga nasib qildi. 9-daqiqada 17 yoshli Kirill Glebov mezbonlar darvozasini ishg‘ol qilib, rossiyaliklarni oldinga olib chiqdi.
Birinchi bo‘lim o‘rtalarida Rossiya yoshlari o‘z jarima maydonchasi ichida qoidani buzdi. Belgilangan penaltini Muhammadali O‘rinboev aniq amalga oshirib, vaziyatni tenglashtirdi.
Ikkinchi bo‘lim yanada qiziqarli kechdi. Taym boshlanishi bilan Matvey Kislyak jamoadoshni Mixail Ryadno uzatgan to‘pni darvozaga aniq joyladi.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida o‘yinda ustunlikka erishdi. Iste’dodli futbolchimiz Abdug‘ofur Haydarov 62-daqiqada hisobni tenglashtiradigan gol muallifi bo‘ldi. Oradan uch daqiqa o‘tib, Nurlan Ibrohimovni aniq pas bilan qulay pozitsiyaga chiqardi.
Uch daqiqa ichida ikkita to‘p kiritgan yoshlarimiz hisobda oldinga chiqib oldi.
O‘yin oxiriga borib, rossiyaliklar mag‘lubiyatdan qutilib qoldi. Ilya Ishkov 82-daqiqada jamoasining uchinchi golini kiritdi.
Muxlislarga yoqadigan o‘yin 3:3 hisobida durang natija bilan yakunlandi.
Uchrashuvdan keyin Rossiya yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ivan Shabarov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- O‘zbekiston bilan durang – biz istagan natija emas. Standart vaziyatlar bizning nozik nuqtamiz ekani bilinib qoldi, - dedi Ivan Shabarov.
Endi har ikki terma jamoa yana bir marta o‘zaro kuch sinashadi. Ikkinchi o‘rtoqlik o‘yini 11 sentyabrga belgilangan.
Fikrlar