
O‘zbekistondan nega Osiyo o‘yinlari mezbonligi olib qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi
Osiyo Olimpiya Kengashi 2025-yilgi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari Bahraynda o‘tkazilishini e’lon qildi.
2 dekabr kuni Ijroiya kengashining onlayn yig‘ilishida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi OOKga xat yo‘llagani ma’lum bo‘ldi. Xatda Toshkentdagi Olimpiya shaharchasining qurilishi o‘z vaqtida yakunlanmasligi sababli 2025 yilning sentyabrida rejalashtirilgan turnirni o‘tkaza olmasliklari aytilgan.
Bahrayn Olimpiya qo‘mitasi sport inshootlari, turar joy va tibbiy xizmatlar jihatidan mazkur musobaqani o‘tkazishga tayyor ekanligini bildirdi. Qo‘mita bosh kotibi Faris Al Kuheji yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari rahbariyat, ayniqsa Bahrayn Olimpiya Qo‘mitasi prezidenti Shayx Xolid bin Hamad Al-Xalifa tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda, shuningdek, Bahrayn oktyabr oyida Xalqaro maktab sport federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan 2024 yilgi Gimnaziyadagi muvaffaqiyatli mezbonlik qilgani, unda 5000 dan ortiq ishtirokchi, jumladan 4000 nafar sportchi qatnashgani ma’lum qilindi.
OOK Ijroiya kengashi 2025 yilgi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarining Bahraynda o‘tkazilishini bir ovozdan ma’qulladi hamda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga barcha sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekistonning kelajakda yirik tadbirlarga mezbonlik qila olishini ta’kidladi.
Fikrlar