
O‘zbekistonga qaytgan Sardor Rashidov Abramovga kerak emasmi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasini oldindan rejalashtirib qo‘yilgan o‘rtoqlik uchrashuvlari – Suriya hamda Iroqqa qarshi bellashuvlari uchun navbatdagi yig‘in boshlanganligini yaxshi bilasiz. Bosh murabbiy Vadim Abramov esa ushbu yig‘inga o‘zi tarkibda ko‘rishni xohlagan futbolchilarni chaqirdi. Bu safar ularning orasida legionerlarimiz ham bor. Muxlislar esa har doim tarkib e’lon qilinganida kim boru, kim yo‘qligiga qiziqishadi. Shunga ko‘ra, tarkib masalasi bo‘yicha ham turli mulohazalar paydo bo‘lishi muqarrar. Sezib turgan bo‘lsangiz, shu xususida biroz to‘xtalish qilmoqchimiz.
Gap Sardor Rashidov haqida ketmoqda. Biz uning nimalarga qodirligi, qanday imkoniyatlarga egaligi to‘g‘risida ilgari aytilgan gaplarni yana takrorlamoqchi emasmiz. Shundoq ham Rashidovning qanday futbolchiligini hamma biladi. Yaqinda ushbu o‘yinchimiz haqida sports.uz saytida maqola chop etgandik va o‘shanda “Al Sadd” bosh murabbiyi Xavining unga qo‘ng‘iroq qilib jamoasiga taklif qilgani xususida xabar bergandik. Avvalo mana shu vaziyatga oydinlik kiritib o‘tmoqchimiz. Chunki oradan shuncha payt o‘tdi, muxlislar orasida nega hech qanday yangilik yo‘q, degan savollar ham bo‘lishi tabiiy. Aslida hozir ham uning hamyurtimiz haqidagi taklifi o‘z kuchida turibdi. Faqat hamma gap “Al Sadd” rahbarlarida qolgan. Garchi transfer oynasi yopilgan bo‘lsa ham Sardor “Qatar SK” bilan xayrlashgan va hozir erkin agent maqomida. Bu esa uni istalgan paytda boshqa klubga ko‘chib o‘tish imkonini beradi. Uning oldida bir qator takliflar turibdi va muzokaralar davom etyapti.
Qizig‘i shundaki, Sardor yaqinda O‘zbekistonga qaytdi. Chunki anchadan beri ota-onasi va yaqinlarini ko‘rmagandi. Lekin Vadim Abramov uning yurtimizda ekanidan xabardormikin? Yonida yurgan tayyor futbolchini nima uchun termaga jalb qilmayotgani turli savollarni keltirib chiqarmoqda.
Kuni kecha “Bunyodkor” – “Paxtakor” o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Vadim Karlenovich terma jamoa o‘yinchilari haqida to‘xtalar ekan, jumladan Rashidov masalasida ham gapirib o‘tdi. Ya’ni, raqobat kuchliligi va uning o‘rnida boshqa nomzodlar borligi sababli Sardorni chaqira olmayotganini urg‘ulagan.
Futbolchining oxirgi marta qachon terma jamoada o‘ynaganini eslay olasizmi? Nega har safar Abramov Rashidovni chetlab o‘tyapti? Bunga jiddiy sabab bormikin? Yoki terma jamoamiz ustozi Sardorni o‘z rejalariga kiritmayaptimi? Axir bizga Rashidovga o‘xshagan o‘yinchilar kerak-ku! Vaholanki, uning o‘zi har doim terma jamoada to‘p surishga tayyorligini bildirib kelmoqda. Bu borada unda hech qanday muammo yo‘q. Qatarda Sardor Rashidovning statusi baland. Shu bois u erdagilar ham legionerimizning terma jamoaga chaqirilmayotganidan ko‘pincha hayron qolishlari bizga ma’lum. Shunchaki, yurtimizga qaytgan tayyor futbolchidan nima sababdan foydalanmayotgani g‘alati. Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Fikrlar