
O‘zbekistonlik legionerlardan qoniqmagan va Gilermening "Lokomotiv"ga kelishiga sababchi bo‘lgan Hakim Fuzaylov sports.uz uchun yana nimalar dedi?
O‘zbek muxislariga yaxshi tanish bo‘lgan tojikistonlik mutaxassis Hakim Fuzaylov ayni paytda o‘z yurtida “Xo‘jand” klubini boshqarmoqda va kuni kecha yakuniga etgan birinchilikda uning jamoasi kumush medalni qo‘lga kiritdi. O‘z vaqtida u bir qator klublarimizni boshqargan.
Bundan tashqari, Rossiyaning “Lokomotiv” hamda “Terek” klublarida ham ishlagan. Ushbu mutaxassis sports.uz muxbirining bir qator savollariga javob berish uchun vaqt ajratdi.
- Hakim Qayumovich, boshqaruvingizdagi “Xo‘jand” klubi Tojikiston chempionatida ikkinchi o‘rinni band etdi. Kutilganidek, “Istiqlol” yana mamlakat chempioni bo‘ldi. Ayting-chi, tojik birinchiligini zerikarli, deb hisoblash mumkinmi?
- Ha, chempionat koronavirus epidemiyasi tufayli juda murakkab kechdi. Gapingizda jon bor, chempionatimiz saviyasini o‘ta yuqori, deyish amrimahol.
- Qo‘l ostingizda o‘zbek futbolchilari – Ma’mur Ikromov, Siroj Hamroev va Sanjar Rixsiboev to‘p surdi. Ammo, eshitishimcha, ular sizning ishonchingizni qozona olmaganlar. Shu to‘g‘rimi?
- Umuman olganda, yigitlaringiz chakki emas. Biroq legioner maqomidagi futbolchi mahalliy ijrochilardan mahorat bobida bir bosh baland bo‘lishi kerak. Baxtga qarshi ular shunday ekanliklarini ko‘rsata olmadilar.
- Agar sir bo‘lmasa ayting-chi, ixtiyoringizdagi jamoada o‘zbekistonlik qaysi o‘yinchilarni ko‘rishni xohlagan bo‘lardingiz?
- Agar “Xo‘jand”da qoladigan bo‘lsam, albatta, tarkibni kuchaytirish uchun legionerlarni taklif qilaman. Xususan, O‘zbekistondan ham o‘yinchilarni olib kelishga harakat qilishim aniq. Ammo taklif qiladigan legionerlarimiz tojik futbolchilaridan har tomonlama ustun bo‘lishi darkor.
- O‘z vaqtida Tojikiston milliy terma jamoasini boshqargansiz. Endilikda esa bu rolni o‘zbekistonlik mutaxassis Usmon Toshev ijro etmoqda. Sizningcha, Toshev qo‘l ostida Tojikiston terma jamoasi qanday natijalarni qayd eta olishi mumkin?
- Hozir aniq bir gap aytish mushkul. Chunki terma jamoa a’zolari kamdan-kam hollarda to‘planishyapti va buning sababini o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Shuningdek, terma jamoamiz juda kam o‘yin o‘tkazdi. Shu sababdan ham Toshevga oson bo‘lmasligi aniq.
- Siz murabbiylik faoliyatingiz davomida qachonlardir o‘zbek klublari – “Buxoro”, “Dinamo”, “Andijon” va “Lokomotiv”ni boshqargansiz. O‘sha jamoalarda olib borgan ishingizga qanday baho bergan bo‘lardingiz? Qaysi klublarda sizga ishlash yoqqan va qaysilarida esa aksincha?..
- O‘zbekistonda ishlab yurgan kezlarimdagi faoliyatimni ancha muvaffaqiyatli chiqqan, deyishim mumkin. Har bir klubda bir-biridan mutlaqo farq qiladigan turli vazifalarni va maqsadlarni bajarganman. Qaerda ishlamayin, menga hammasini to‘g‘ri amalga oshirishim uchun etarli bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni muhayyo qilib berganlarini alohida ta’kidlamog‘im joiz. Shu boisdan ham o‘zim ishlagan klublarni, jumladan o‘zbek futboli qanday rivojlanib borayotganini kuzatib kelyapman. Yurtingizda futbol ancha taraqqiy etayotgani meni quvontiradi.
- U holda chetdan kuzatayotgan mutaxassis sifatida o‘zbek futbolining bugungi saviyasini qanday baholaysiz?
- Nazarimda, o‘zbek futboli bugungi kunda to‘g‘ri yo‘nalishdan ketmoqda. Buni shundan ham bilib olish mumkinki, o‘zbek futbolchilari milliy birinchilikda hamda chetga chiqib o‘ynayotganlar futbolingiz taraqqiyoti to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini isbotlab berishmoqda. O‘ylaymanki, yaqin yillarda O‘zbekiston terma jamoasi o‘zi uchun armon bo‘lib kelayotgan jahon chempionatining final bosqichi yo‘llanmasini albatta qo‘lga kiritadi. Har qanday holatda ham men sizlarga shuni tilab qolaman.
- Shuningdek, siz Moskvaning “Lokomotiv” hamda Grozniyning “Terek” klublarida selektsioner murabbiy sifatida ham faoliyat yuritgansiz. Shu vaqt davomida qaysi futbolchilarni kashf eta olgansiz?
- Oradan ancha yillar o‘tdi. Hozir nomdor bo‘lganlardan faqat darvozabon Gilerme bilan Maykonni eslay olishim mumkin. Ulardan tashqari yana bir qator futbolchilarni o‘zim ishlagan klublarga jalb etishda qatnashganman. Oradan ancha vaqt o‘tib ketgani bois hammasining ism-shariflarini birma-bir sanab o‘ta olmayman.
- Ayting-chi, shu paytgacha sizga o‘zbek klublaridan yana ish taklif qilishganmi?
- Ish taklifi bilan chiqqan klublar bo‘lgan, lekin muzokaralar avval boshidanoq nihoyasiga etgani bois o‘sha jamoalarni nomma-nom sanab berishni istamagan bo‘lardim. Bu ikkala tomon uchun ham noqulaylik tug‘dirmasdan qolmaydi.
- Sizning nazaringizda o‘zbekistonlik murabbiylar orasida eng kuchli uch nafar mutaxassis kim?
- Aytishim mumkinki, sizlarda yaxshi saviyadagi murabbiylar etarlicha topiladi. Boshqalar ranjimasligi uchun ularning orasidan uchtasini ajratib ko‘rsatishni istamayman.
Fikrlar