
"O‘zbekistonlik taekvondochilar nimalarga qodirligini barchaga ko‘rsatib qo‘ymoqchimiz, bu safar hakamlar juda ko‘p xato qildi" - Rim Gran-prisi sovrindori Shuhrat Salaev bilan intervyu
Taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi Rim shahri mezbonlik qilgan Gran-pri turniriga mezbonlik qildi. Tarixda ilk bor 8 kishilik tarkib bilan vakillarimiz yakunda 1 medal bilan kifoyalandi. SPORTS.uz e’tiboringizga bronza medalini qo‘lga kiritgan -80 kg vazn toifasidagi sportchimiz Shuhrat Salaev bilan intervyuni taqdim etadi:
— Avvalo, medal bilan tabriklayman. Hissiyotlar bilan o‘rtoqlasha olasizmi?
Rahmat. Hissiyotlar a’lo darajada. Bu mening Gran-pri turnirlaridagi ilk medalim edi. Shu bois, uning qiymati juda yuqori bo‘ldi. Keyingi musobaqalarga yanada kuchliroq tayyorlanib, bundan-da yaxshiroq natija ko‘rsatishga harakat qilamiz.
— Ko‘rinib turibdiki, bu turnirga eng kuchli sportchilar kelgan. Buni oldindan hisobga olib, alohida tayyorgarlik ko‘rganmidingiz?
Albatta, bizni Rimda kimlar kutib turganini yaxshi bilardik va shunga yarasha hozirlik ko‘rdik. Bu erda Olimpiada hamda Jahon chempionlari, reytingda yuqori pog‘onalarda turgan sportchilar bahs olib boradi. Shuning uchun ham odatdagidan ko‘proq ter to‘kkandik.
— Bir-biridan murakkab janglar o‘tkazdingiz. Ulardan eng qiyini sifatida qaysi birini ko‘rsata olasiz?
Menimcha, ikkinchi jang eng qiyini bo‘ldi. Chunki raqibim reytingda ikkinchi pog‘onani egallab turgan xorvatiyalik Toni Kanaet edi. Tabiiyki, u juda tez harakat qildi va jiddiy kurash taklif etdi. Aslida, janglarning hech qaysisi oson emas, ammo baribir o‘sha bahs eng qiyini edi.
— O‘sha to‘qnashuv haqida yana bir savol: oxirgi soniyalarda 1 ochko farqi bilan oldinga o‘tib ketdingiz. O‘sha jangni so‘nggi soniyalarda hayolingizdan nimalar o‘tdi?
Dastlabki raunddagi g‘alaba menga ishonch taqdim etdi. To‘g‘ri, juda ko‘p ter to‘kishimga to‘g‘ri keldi, ammo natija shunga arziydi. Odatda, sportchining ruhiy holati bunday holatlarda katta sahnaga chiqadi. Men bilan ham shunday bo‘ldi deb o‘ylayman.
— Yarim final jangi haqida ham gapirib o‘tsangiz. Ilk raunddagi g‘alabadan so‘ng bir xotirjamlikka berildingizmi?
Xotirjamlikka berildim, deya olmayman. Shunchaki raqib ham juda kuchli va ancha tajribali edi. U Tokio-2020da sovrindor bo‘lgan, reytingda ham yuqori pog‘onada joylashgan. Buni bilgan holda, e’tiborliroq bo‘lishga harakat qildim. Biroq yakunda tajriba o‘z so‘zini aytdi.
— O‘zbekiston taekvondo jamoasining bir necha a’zosi medallar uchun da’vogar sifatida ko‘rilayotgandi. Ammo yakunda faqat siz medal oldingiz. Bunga sabab nima bo‘ldi? Yoki bizga qarshi yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishyaptimi?
Xalqaro taekvondo federatsiyasi joriy etgan yangi qonun-qoidalar bizga katta muammolar tug‘dirmoqda. Chunki moslashuv jarayoni vaqt olishi tabiiy. Ammo keyingi musobaqalarga qadar bu kamchilikni to‘liq bartaraf etishimizga ishonaman. Yana bir jihatni aytib o‘tmoqchi edim, Rim Gran-prisida hakamlar juda ko‘p xatoga yo‘l qo‘ydi. Hatto, ba’zida murabbiyim Jasur Boyqo‘zievning e’tirozlarini hisobga ham olishmadi. O‘ylaymanki, keyingi safar bunday bo‘lmaydi.
— Medal olganingiz haqidagi xushxabarni birinchi bo‘lib kimga aytdingiz?
Ota-onamga. Doimgidek, ular meni tabrikladi va yanada kattaroq marralarni zabt etishimni so‘rab duo qilishdi. Muvaffaqiyat siri ham shu, aslida.
— Endigi rejalar qanday? Oldinda qanday nufuzli musobaqalar bor?
Iyun oyi oxirida Janubiy Koreya mamlakati 25-Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi. Aynan o‘sha turnirga bor e’tiborimizni qaratib, yurtimiz delegatsiyasiga medallar shodasini taqdim etishga harakat qilamiz. O‘zbekistonlik taekvondochilar nimalarga qodirligini barchaga ko‘rsatib qo‘ymoqchimiz!
Javohir Azimov suhbatlashdi
Fikrlar