
"O‘zbekistonning o‘yin amaliyoti va xalqaro tajribasi boyligi bilindi". Terma jamoamizga gol urgan qirg‘izistonlik futbolchi bilan suhbat
Qirg‘iziston terma jamoasi O‘zbekistonga qarshi o‘yinda ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirgani rost. Ular vakillarimizga etarlicha qarshilik ko‘rsatdilar. Buni darvozamizga bir emas, ikkita gol ura olganidan ham bilish mumkin.
Muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan, “Bunyodkor”ning sobiq futbolchisi va yaqinda Vetnam chempionatiga ko‘chib o‘tgan yarim himoyachi Odil Abdurahmonov Qirg‘izistonning ikkinchi goliga mualliflik qildi va o‘zidan yaxshi taassurot qoldirdi.
Ushbu o‘yinchi Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Avvalo, o‘yin haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?
- O‘zbekiston bilan qiyin uchrashuv bo‘lishini oldindan bilardik. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Ba’zi kichik kamchiliklarimiz bo‘ldi. Baribir O‘zbekiston Osiyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan jamoa. Hech bo‘lmaganda durang natija qayd etishni istagandik. Lekin bu – futbol. Hayot davom etadi. Xalqaro saviya va amaliyotni ham o‘z o‘rni bor. O‘zbekiston terma jamoasi bizga qaraganda ko‘proq o‘yin amaliyoti va xalqaro tajribasi boy bo‘lganligi uchun bu hol uchrashuvda ham sezildi. Xudo xohlasa, keyingi o‘yinlarda yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qilamiz.
- Qirg‘iziston yaxshi taassurot qoldirdi. Ishtiyoq kuchli edi. Nima etishmadi, deb o‘ylaysiz?
- Ha, o‘yinga bo‘lgan ishtiyoq kuchli edi. Jamoamiz yoshartirilyapti. Boya aytganimdek, baribir xalqaro tajriba kamlik qildi. Bu o‘z so‘zini aytdi. Shuning hisobiga mag‘lubiyatga uchradik, deb o‘ylayman. Bu narsalar vaqt o‘tishi bilan joyiga tushadi. Qirg‘iziston terma jamoasining ko‘plab g‘alabalari hali oldinda, deb o‘ylayman.
- Gol urishga erishdingiz. O‘sha vaziyatda gol bo‘lishini kutganmidingiz?
- Gol urganim o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Hamma futbolchini ham gol urgisi keladi. Standart vaziyatlar ustida ishlagandik. Bu borada murabbiylarning ko‘rsatmasi bo‘lgan. 2-3 kun mobaynida standart vaziyatlar bilan astoydil shug‘ullanganmiz. Bu esa o‘yinda o‘z natijasini berdi. Shuni hisobiga gol urdim.
- Eron va O‘zbekistonga qarshi o‘ynadinglar. Siz uchun qaysi biri kuchliroq ko‘rindi?
- To‘g‘ri, guruhdagi ikkita eng kuchli terma jamoalar bilan o‘ynadik. Qolgan termalarni ham kuchsiz deb bo‘lmaydi. Qatar, KXDR yoki BAA bo‘ladimi, barchasi o‘ziga yarasha kuchli raqiblar. Biz dastlabki ikkita turda etakchilarga qarshi o‘ynab ancha tajriba orttirdik. Keyingi bellashuvlarda bunday xatolar bo‘lmasligiga va yaxshi natijalar ko‘rsatishga harakat qilamiz. Nisbatan Eron termasini xalqaro maydonda kuchliroq ekanligini bildim. Tajribali o‘yinchilar ko‘p ekan. Eronni biroz kuchliroq deb hisoblayman.
- Stadiondagi anshlag sizlarga qo‘shimcha motivatsiya berdimi yoki bosim o‘tkazdimi?
- Muxlislarni qo‘llab-quvvatlashi har doim kuch beradi. Bosim o‘tkazmaydi. Hamma vaqt ishqibozlar to‘la stadionda to‘p surish qiziqarli. Hech qanaqa bosim bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Aksincha ishqibozlardan kuch olamiz. Futbolni har doim muxlislar uchun o‘ynaymiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar