
O‘zbekistonning yarim final o‘yini muxlislarsiz o‘tadimi? Bunda OFK nima yo‘qotadi?
Ayni kunlarda yurtimiz 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogiga mezbonlik qilmoqda. Chorak finallar yakunlanib, yarim finallar ostonasidamiz.
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi guruhdan keyin noqulay raqibga duch keldi va juda-juda qiyin kechgan bahsda iroda namoyish etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Chorak final biz uchun jiddiy sinovga aylandi. Iroq “har tomonlama” bizni sinovdan o‘tkazdi. Futbolchilar ularning hiyla nayranglariga munosib tarzda, mardonavor javob berdi.
Voqealar 12-daqiqadan boshlandi. Abduvohid Ne’matov o‘z jarima maydoni ichida to‘pni tezroq sheriklariga etkazib bermoqchi bo‘lganida raqib futbolchisi unga to‘sqinlik qildi. Uning provakatsiyasiga uchgan posbon tirsagi bilan raqibni urib yubordi. Shunda VAR katta sahnaga chiqdi. Natijada vakilimiz hakam tomonidan chetlatildi.
Shundan so‘ng stadion junbushga keldi. Muxlislar e’tirozlarini iroq vakillariga tosh otish bilan ko‘rsatishdi. Afsuski, maydonga otilgan jismlar o‘zbekistonlik fotograf va xorijlik videooperatorga shikast etkazdi.
O‘yin ancha vaqt to‘xtatib turildi. Futbolchilar ishqibozlarni tinchlantirishga urindi. Biroz vaqt o‘tgach uchrashuv davom ettirildi. Bir kishi kam bo‘lib qolganimiz etmaganidek, darvozamiz tomon penalti belgilandi. Jarima zarbasi golga aylandi.
Undan keyingi vaziyatlar barchaga ma’lum, hali ham hammaning ko‘z o‘ngida. Futbolchilarimiz yurt, vatan, bayroq, murabbiyi, ota-onalari, muxlislar uchun kurashdi. Iroda namoyish etdi. Bir kishi kam bo‘lib 120 daqiqa jang qilgan jamoa bo‘ldi. Penaltilar seriyasida ham harakter ko‘rsatib, Iroqni maydonda tiz cho‘ktirdi!
Shuni ham qayd etish kerakki, maydonga tosh otgan muxlislar iroqliklarni ancha sarosimaga solib qo‘ygani ham bor gap. Bu bilan ularning bunday ishini oqlamoqchi emasmiz. Ammo muxlislar o‘yinda burilish yasadi. Aslida burilish Iroq tomonidan bo‘lishi kerak edi. Odatda muxlislar 12-futbolchi futbolchi deyiladi, lekin shu kuni bizga kamlik qilgan futbolchining o‘rnini bosa olishdi.
Uchrashuvdan so‘ng Abduvohid Ne’matovning nechta o‘yinga chetlatilishi va O‘zbekiston U-23 terma jamoasi ishtirokidagi yarim final bellashuvi muxlislarsiz o‘tkazilishi mumkinligi borasida vahimali xabarlar yangray boshladi. Osiyo futbol konfederatsiyasi hali bu haqda rasmiy ma’lumot tarqatmadi. Ammo shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamasligi rost.
Stadionda ro‘y bergan holatlar shunga qarab ketmoqda. OFK tez orada bunga aniqlik kiritadi. Ammo bir qarorga kelishdan oldin OFK mutasaddilari yaxshilab o‘ylashi kerak. Nega? Chunki FIFA halol futbol tarafdori. Iroqda esa buning aksi namoyon.
Qolaversa, qit’amizda muxlislik borasida maqtanarli ko‘rsatkichlar yo‘q. Evropa va Janubiy Amerika qit’asidagi kabi o‘yinlar, musobaqalar, turnirlar boshqa davlatlarda o‘tkazilsa, stadionlarni to‘ldiradigan darajada muxlislar kelmaydi. Shuning uchun OFK Osiyo Kubogi yarim finalini muxlislarsiz o‘tkazsa, qit’ada futbol targ‘iboti yo‘lida ortga qadam tashlagan bo‘ladi.
Aslini olganda bunda OFKning o‘zi ham aybdordek. Chunki musobaqani o‘tkazish talabiga javob beradigan arenani yaxshilab o‘rganishi lozim edi, O‘FA ham. Bir necha yil avval “Paxtakor” – “Navbahor” bahsida ham shunga o‘xshash holat kuzatilgandi. O‘shanda ma’lum bo‘lgandi, “Paxtakor” o‘yingohida muxlislar tribunalari ta’mirtalab holga kelgani. Stadionga javob beradiganlar, O‘FA bundan xulosa chiqarmagani ko‘rinib turibdi.
Endi olimpiyachilar ishtirokidagi bellashuvda muxlislarning kiritilmaslik xavfi bor. Ammo OFK bungi yuqorida aytganimizdek, har tomonlama o‘ylab qaror chiqarishi lozim. Chetlatish juda oson. Ammo muxlislarni ortga qaytarish juda qiyin.
Qit’amizning yuqori tashkiloti bunday pallada mezbon O‘FA va stadion ma’muriyatiga tartibni saqlay olmagani uchun jarima qo‘llashi mumkin. Tomoshabinlarsiz futbol boshqacha futbol. Bu OFK futboli imijiga ham ta’sir qilishi shubhasiz. Aynan muxlislar to‘la arenalarda futbol jozibasini yo‘qotmaydi. Boz ustiga mezbonlar muxlislari uchrashuvga qo‘yilmasa, musobaqa o‘tayotganini sezish juda qiyin. Zero, mezbonlar chempionat kayfiyatini belgilaydi, futbol muxlislar uchun o‘ynaladi!
Bekzod ISAEV
Fikrlar