
Paralimpiya. Ilk bor golbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi
Yurtimizda paralimpiya sport turlari geografiyasini yanada kengaytirish, ayniqsa jamoaviy sport turlarini rivojlantirish O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasining asosiy maqsadidan biri hisoblanadi. Bu borada belgilangan chora-tadbirlar asosida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Qo‘mita matbuot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 21-23 oktyabr kunlari xira va zaif ko‘ruvchi hamda ko‘zi ojiz sportchilar o‘rtasidagi golbol bo‘yicha ilk bor O‘zbekiston chempionati tashkil etildi. Musobaqada yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 10 ta jamoa g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Qizg‘in va murosasiz kurashlarga boy o‘tgan musobaqa yakunida g‘oliblik Toshkent shahri jamoasiga nasib etdi. Kuchli uchlikdan esa Toshkent hamda Qashqadaryo viloyati jamoalari joy oldi.
Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston ko‘zi ojizlar sporti federatsiyasi rahbariyati ishtirok etdi. G‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar esa tashkilotchilar tomonidan medal, maxsus diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu mamlakat chempionatida o‘z iqtidorini namoyon eta olgan hamda kuchlilar safidan joy olgan sportchilar kelajakda golbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga kiritiladi va xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qiladi.
















.jpg)





Fikrlar