
"Paxtakor"ga nasib etgan ustunlik
Bugun PFL matbuot xizmati Superliga 14-tur bahslari va 11-turning qoldirilgan ikki o‘yinlari bo‘lib o‘tadigan stadionlarni ma’lum qildi.
Unga ko‘ra "So‘g‘diyona" 1 avgust kuni Jizzaxda "Bunyodkor"ni qabul qiladi. Ammo Ulug‘bek Baqqoev shogirdlarining "Paxtakor"ga qarshi Jizzaxdagi uchrashuvi Olmaliqga ko‘chirilganini ko‘rishimiz mumkin. Ushbu holatga tashkilot bosh direktori Diyor Imomxo‘jaev telegramdagi sahifasida izoh berdi.
- 6 iyul kuni test imtihonlari bu yil ham stadion va hiyobonlarda o‘tkazilishi haqida ma’lumot bergandik. Bu biz uchun qator murakkabliklar keltirib chiqarishi tabiiy.
Bugun Superliganing kelayotgan tur uchrashuvlari qaerda o‘tishi masalasi ochiqlandi. Unga ko‘ra, "So‘g‘diyona" "Bunyodkor"ga qarshi uchrashuvni o‘z maydonida, "Paxtakor"ga qarshi o‘yinni esa Olmaliqda o‘tkazishi ko‘rsatib o‘tilgan. Boisi, Jizzaxdagi imtihonlar 1 avgust kuni kichik stadionlarda start oladi, 6 avgustdan boshlab esa asosiy arenaga ko‘chadi. Bu PFL yoki "So‘g‘diyona" futbol klubining tashabbusi emas. Biz markaziy uchrashuv Jizzaxdagi asosiy stadionda o‘tishini istaymiz. Biroq zich taqvim sabab o‘yinni qayta ko‘chira olmaymiz.
Qoldirilgan ikki uchrashuv sanasini belgilashda "Sport" telekanali texnikasi avval Jizzaxga, keyin Samarqandga o‘tishi inobatga olingan. "So‘g‘diyona" ham "Paxtakor"ni o‘zida qabul qilish uchun chin dildan harakat qildi. Test imtihonlari 2 kunga surilsa, biz uchrashuv Jizzaxda o‘tishidan manfaatdormiz. Shuningdek, Olmaliqdagi stadionni ham PFL tanlab bergan emas. Mezbon jamoa sharoitdan kelib chiqib, shunday yo‘l tutyapti, - dedi Diyor Imomxo‘jaev.
Fikrlar