
"Paxtakor" yutadimi yoki "Nasaf"?! Superkubok oldidan Jasur Abduraimov qanday fikrda?
Bugun O‘zbekiston Superkubogi uchun hal qiluvchi uchrashuvda “Paxtakor” va “Nasaf” to‘nqashuviga guvoh bo‘lamiz. Shubhasiz, bugun barchaning e’tiborini mazkur uchrashuvga qaratiladi.
Hammasi faqat bitta o‘yindan iborat. G‘alaba qozongan jamoa Superkubok egasiga aylanadi. Raqiblar esa bir-birini juda yaxshi bilishadi. Bo‘lajak bellashuv oldidan “Paxtakor”ning sobiq murabbiyi Jasur Abduraimovga ayrim savollar bilan murojaat qildik.
- Bu safargi Superkubokda yana “Paxtakor” bilan “Nasaf” o‘ynaydi. Adashmasam, bu Superkubokda ketma-ket 4-o‘yin. 4 yildan beri faqat ikkala jamoa Superkubokda o‘ynayotganiga munosabatingiz qanday?
- Ha, jamoalar Superkubokda to‘rtinchi marotaba o‘ynashyapti. Menimcha, ular bunga munosib. “Paxtakor” chempion bo‘ldi, “Nasaf” Kubokni yutdi va ular o‘z-o‘zidan Superkubokda.
- Umuman olganda, bu safargi Superkubokdan nima kutyapsiz? Oldingilaridan nimasi bilan farq qiladi, deb o‘ylaysiz?
- Yaxshi va aqlli o‘yinni kutyapman. O‘ylashimcha, mana shunday uchrashuvlarda ochiq futbol bo‘lmaydi. Chunki natija eng muhimi. Superkubokni yutishni ikkala klub ham istaydi. “Paxtakor”da hozir o‘tish davri. Ko‘pchilik ketdi, yoshlarga e’tibor qaratilyapti. Lekin bu bitta o‘yindan iborat. “Paxtakor” ham yutishi mumkin. Chunki ular bor imkoniyatini ishga solishadi. “Nasaf”ni asosiy vazifasi chempionlik. Ammo ularda hozircha tajovuzkor o‘yinni ko‘rmayapman. To‘g‘ri, jamoa ajoyib va yaxshi futbolchilarga ega. Balki murabbiy va o‘yinchilarga qandaydir bosim bordir, maqsad chempionlik bo‘lgani uchun. Albatta, “Nasaf”dagi futbolchilar tajribali va sifati yaxshiroq. “Paxtakor”da yoshlar ko‘proq va albatta Cheran ham bor. Yaxshi o‘yin bo‘lishi kerak. Kim birinchi gol ursa, o‘yin ochiladi. Ungacha yopiq o‘yin bo‘ladi. Ikkala jamoa eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishini xohlardim.
- Qanday natijani o‘ylayapsiz yoki penaltilar seriyasi bo‘ladimi?
- Nazarimda, imkoniyatlar 50x50. “Nasaf” ham, “Paxtakor” ham yutishi mumkin. O‘ylashimcha, o‘yin taqdiri penaltilar seriyasigacha bormaydi. Ungacha kimdir yutadi.
- “Paxtakor” oldingidan kuchsizlangan, degan fikrlarga qo‘shilasizmi?
- Ha, qo‘shilaman. Tushunaman, “Paxtakor”da aytib o‘tganimdek, hozir o‘tish davri. 70-80 foiz yoshlar o‘ynashyapti. Murabbiylar qanday taktika qo‘llashini ko‘ramiz. Garchi tarkibi yoshargan bo‘lsa ham “Paxtakor” akademiyasidan iqtidorli o‘yinchilar chiqyapti. Faqat bunday paytda yoshlarda barqarorlik kuzatilmaydi. Masalan, bitta uchrashuvda yaxshi o‘yin ko‘rsatishsa, ikkita o‘yinda buning aksi bo‘lishi mumkin. Biroq bitta uchrashuvga yaxshilab “nastroy” qilib yutsa bo‘ladi. O‘zingiz bilasiz, uch yil oldingi “Paxtakor” bilan hozirgi “Paxtakor”ni farqi katta.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar