
"Paxtakor"da qanday yangiliklar? Xyuistra qoladimi, Cheran-chi? Ja’far Irismetov tarkibdagi o‘zgarishlar haqida gapirdi
Chempionlikni o‘zida saqlab kelayotgan “Paxtakor” klubi atrofida ham oxirgi paytlarda turli gap-so‘zlar tarqalyapti. Klub sport direktori Ja’far Irismetov Sports.uz uchun “Paxtakor”ga taalluqli barchani qiziqtirayotgan masalalarga oydinlik kiritdi.
Eng yaxshilar haqida
- Xudoga shukr, uchinchi marta chempion bo‘ldik. Oxirgi uch yil ichida bir marta Kubokda yutqazib qo‘ydik. Lekin yaxshigina shakllangan “Nasaf”ga mag‘lub bo‘ldik. Eng yaxshilarni aniqlashda nomzodlar orasida “Paxtakor” murabbiyi ham bo‘lishi tabiiy. Albatta, barcha nomzodlar munosib. Ammo “Paxtakor” baribir 1-o‘rinni oldi. Dragan Cheran esa uchinchi yil tengi yo‘q futbolchiga aylanib, to‘purarlikka erishyapti. Menimcha, u eng yaxshi o‘yinchi nomiga munosib. Boshqa kimni ko‘rsatsa bo‘ladi? To‘g‘ri, Eldor Shomurodov, Jaloliddin Masharipovga o‘xshagan kuchi o‘yinchilarimiz bor. Lekin O‘zbekiston ichida Cheran, Odil Hamrobekov kabilar o‘zini ko‘rsatdi. Odilni jamoa uchun qilayotgan mehnatini hamma ko‘ryapti. U ham O‘zbekistondagi eng zo‘r futbolchilardan biri. Qolaversa, Farruh Sayfiev ham yaxshi o‘ynadi. Keyin Cheranni marosimga kelishdan bosh tortgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu noto‘g‘ri gap, buni aniq ayta olaman. Legioner bo‘lgani sababli 11 oy uyiga bormagan, yaqinlarini ko‘rmagan. Bola-chaqasi bilan vataniga ketgan. Pandemiya paytida uni bir kunga kelib-ketishi menimcha qiyin. To‘g‘ri, kelsa yaxshi bo‘lardi. Ammo insoniylik nuqtai nazaridan uni ham tushunsa bo‘ladi. Serbiya ham yaqin joyda emas. O‘zi ham jon deb kelgan bo‘lardi, lekin...
Bosh murabbiy masalasi
- Xyuistra bilan gaplashyapmiz. Xudo xohlasa, ijobiy hal bo‘ladi deb o‘ylayman. “Paxtakor”da shuncha yil ishladi, klubni ichidan biladi. O‘ylashimcha, Piter bilan kelisha olsak kerak, deb o‘ylayman. Rahbariyat tarafidan unga ishonch bildirilgan. To‘g‘ri, bizga boshqa murabbiylarni ko‘p taklif qilishdi. Agar Xyuistra bilan bir to‘xtamga kela olmasak, shunda boshqalarni ko‘rib chiqsak bo‘ladi. Biroq rahbariyat Piterga ishonch bilan qarayapti.
Dragan Cheran qoladimi?
- Cheran borasida bizga hech kim rasmiy taklif bilan chiqqani yo‘q. Dragan bilan ancha yildan beri birgamiz. Bu futbolchini jamoaning yuragi desa ham bo‘ladi. Qisqa vaqt ichida bunday natijaga erishish hamma legionerga ham nasib qilmayapti. Cheran O‘zbekistonning eng zo‘r legioneri. Buni hamma tan olsa kerak. Aytganimdek, hozircha Dragan borasida hech kimdan taklif olganimiz yo‘q. O‘ylashimcha, uning o‘zini ham “Paxtakor”dan ketgisi yo‘q. Uni yana bir yillik shartnomasi bor. Futbolchining xohishi ham muhim. Bu legionerni “Paxtakor”ga ancha foydasi tegdi. Yaxshi natijalar qayd etdi. U kelasi yili ham bizning jamoada qoladi.
Anzur Ismoilov ketgani rostmi?
- Anzurni “Paxtakor” bilan xayrlashdi, degan gaplar chiqib ketdi. Hali bunday emas. Biz u bilan muzokaralar olib boryapmiz. Kelisha olsak, ajoyib bo‘lardi. Chunki Ismoilovni “Paxtakor”da qolishini juda xohlayapmiz. Anzur bilan yana yaqin orada gaplashib, hal qilamiz. Ko‘p narsa futbolchining o‘ziga ham bog‘liq. Uning o‘zida ham jamoada qolish niyati bor. To‘g‘ri, hozircha yangi shartnoma tuzilmagan, ammo bitimi hali tugamagan ham. 31 dekabrda tugaydi. Shuning uchun hali bizni vaqtimiz bor deb hisoblayman.
Hojimat Erkinovga Rossiyadan chorlovlar bormi?
- “Paxtakor” Hojimat Erkinov bilan shartnoma tuzishni rejalashtirgan. Ushbu o‘yinchi bo‘yicha Rossiya klublaridan bizga hech qanday taklif tushgani yo‘q. Boshqa o‘yinchilar bo‘yicha ham xuddi shunday holat. Erkinov o‘zimizni akademiyadan chiqqan. Futbolchini jamoamizda ko‘rishni juda xohlayapmiz va klub bilan yana bir yillik shartnomasi qolgan. Hojimatni agentlari bilan gaplashyapmiz. Shartnomasini yangilash yuzasidan muzokara olib bormoqdamiz. Erkinov o‘zimizni o‘yinchimiz, yosh va kelajagi porloq. U biz bilan shartnomasini yangilaydi degan umiddamiz.
Boyan Matich to‘g‘risida
- Eren Derdiyok bilan shartnomani bekor qilganimizdan keyin bizga zudlik bilan boshqa hujumchi kerak bo‘lib qolgandi. Shuning uchun Boyan Matichni ham ko‘p kuzatishga vaqt bo‘lmadi. Uni bosh murabbiyning tashabbusi bilan taklif qildik. Matich yaxshi futbol maktabini ko‘rgan. Lekin bizning uslubimizga to‘g‘ri kelmadi. Hujumchi baribir gollari bilan natija ko‘rsatadi. Boyanni tanqid qilmoqchi emasman. Maydonda bo‘lganida bir daqiqaga ham tinmaydi. Baribir hujumchi gol urishi kerak deb hisoblayman. Biz Boyan Matich bilan xayrlashdik. Hozirgi kunda boshqa hujumchini jalb qilish haqida o‘ylayapmiz. Bizda bu borada muammo borligi sababli albatta yaxshi hujumchi kerak.
Sergeev qaytadimi?
- Igor Sergeev har doim bizga qiziq bo‘lgan. U birinchi nishonimiz. Menimcha, Sergeevga ko‘p takliflar bor. Buning uchun Qozog‘iston bilan shartnoma bo‘yicha raqobatlashish kerak bo‘ladi. Rahbariyat bilan maslahatlashamiz va Igorga taklif bera olsak, albatta bu ishni qilamiz. U har doim bizga kerak bo‘lgan. O‘zi ham “Paxtakor”dan chiqqan. Sergeevni O‘zbekistondagi eng zo‘r hujumchilardan biri deb hisoblayman. Mehnatkash, yaxshi yigit. O‘zimizdan kimni olishimiz mumkin? Bu borada kam, bir-ikkita yaxshi hujumchilar bor, ularga taklif bilan chiqishga harakat qilamiz. Xorijdagi hujumchilarga ham qarayapmiz. Aslida chempionatimizda yaxshi hujumchilar bo‘lsa, albatta ularni o‘ynatganimiz afzalroq. Ammo bunday o‘yinchilar ko‘p emas. Unutmaslik kerakki, jamoamiz Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynaydi. Shuning uchun top-hujumchi kerak. Ayrim o‘yinchilar bilan aloqaga chiqdik. Kelisha olsak, yaqin orada ko‘rasizlar. Agar Superligadan o‘xshamasa, chetdan qidiramiz. Bu yil Xusayn Norchaev “ochildi”. Agar barqaror o‘ynay olsa, terma jamoamiz uchun yaxshi hujumchi etishib chiqadi.
“Paxtakor” kimlar bilan kelishuvga erishdi?
- “Paxtakor” chempionlikdan boshqa maqsadni qo‘ymaydi. Osiyo Chempionlar ligasida ham jamoa oldiga maksimal vazifa qo‘yiladi. Rahbariyat tomonidan akademiyadagi yoshlarga e’tiborni oshirish vazifasi ham aytilgan. Ko‘p yoshlarimiz O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi a’zolaridir. Iqtidorli o‘yinchilarimizga ham imkoniyat beramiz. Boshqa klublardan u qadar ko‘p futbolchilarni jalb qilmaymiz. Faqat 3-4 ta pozitsiyada muammolar bor va etakchi o‘yinchilarni olishga harakat qilamiz. Hali kim bilandir kelishuvga erishganimiz yo‘q. To‘g‘ri, muzokaralar ketyapti.
Shartnomasi tugaganlar
- Hozircha bitta Matich bilan xayrlashganmiz. Anzur Ismoilov, Sardor Sobirxo‘jaev va Egor Krimetsning shartnomalari tugagan. Ularni olib qolish niyatimiz bor. Muzokaralar davom etyapti. Qolishsa xursand bo‘lardik. Krimets bu mavsumda deyarli o‘ynamadi. Jarohati unga xalaqit berdi. Jamoamizda qolib tiklansa yaxshi bo‘lardi. Bu borada Egorni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Fikrlar