
"Paxtakor"ning keyingi rejalari qanday?
5 yil Superligada ketma-ket chempion bo‘lgan "Paxtakor" bu mavsum 6-o‘rin bilan cheklandi. Rahbariyat esa murabbiylar shtabida o‘zgarishlar qildi. Jamoa ustozi Maksim Shatskixning lavozimi o‘zgardi va uning o‘rniga portugaliyalik mutaxassis Pedro Moreyro olib kelindi. Ayni paytda jamoada katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda, ya’ni kelasi mavsum chempionlik uchun kurashadigan tarkib yig‘ilmoqda.
E’lon qilingan transferlar
"Paxtakor" birinchi navbatda iroqlik yarim himoyachi Resan Bashar transferini e’lon qildi. Sobiq Iroq terma jamoasining sardori faoliyatining asosiy qismini Iroq va Qatar chempionatlarida o‘tkazgan. Shuningdek, 2017-2021 yillari Eronning "Persepolis" klubida o‘ynagan. Hujumkor xavbek qanotlarda ham harakat qila oladi va maydonda hujumlarni tashkil qilish bilan shug‘ullanadi. 28 yoshli futbolchidan keyin "sherlar" sobiq a’zosini ortga qaytardi.
Igor Sergeev 2021 yilda jamoani tark etgandi, oradan deyarli 4 yil o‘tib, u o‘z uyiga qaytib keldi. "Paxtakor" akademiyasidan chiqqan strayker so‘nggi yillarni Qozog‘iston va Taylandda o‘tkazdi. U "Patxum"da 11, "Tobol"da 27, "Aktobe"da esa 7 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Afsuski, hujumchi Osiyo kubogida jiddiy jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqandi. U "Patxum"da jamoaviy mashg‘ulotlarda ishtirok etdi, lekin maydonga tushirilmadi.
Keyingi qadam...
"Sherlar" o‘z tarkibiga yana beshta legionerni qo‘shib olishni rejalashtirgan. Ayni paytda muzokaralar bo‘lib o‘tmoqda va Evropada trans ferlar oynasida yanvar oyida ochilishi hisobiga xaridlar katta ehtimol bilan kelasi oyda amalga oshadi.
"Paxtakor" bitta hujumchi olish niyatida. Shuningdek, o‘ng qanot straykeri bilan shartnoma imzolash rejada bor. Bundan tashqari, Toshkent jamoasi tayanch yarim himoyachisini tarkibga qo‘shib olishga harakat qilmoqda. Oldinroq bu pozitsiyaga Odil Hamrobekov ("Bunyodokr"ga o‘tdi), Benjamen Teydi ("Navbahor"ga o‘tdi) nomzodlari ko‘rilyotgani haqida xabarlar chiqqandi, lekin klub tomoni bu insaydlarni inkor qilib, boshqa legioner bilan muzokaralar bo‘layotganini ta’kidladi.
Tarkibga yana bitta himoyachi qo‘shiladi. Shu bilan birga, tajribali braziliyalik darvozabon Jonatan ham "Paxtakor"ga o‘tishg yaqin turibdi...
Yangi shartnomalar
"Paxtakor" yaqindagina Muhammadqodir Hamraliev va Hojiakbar Alijonov bilan shartnoma muddatini uzaytirganini e’lon qildi. Rahbariyat bu bilan cheklanib qolmoqchi emas. Ayni paytda ta’tilda bo‘lib turgan Sardor Sobirho‘jaevni ham klub tarkibda saqlab qolishni istaydi va kelasi oy bunga harakat qilib ko‘radi.
"Bunyodkor" bilan 2027 yilning so‘nggiga qadar amal qiladigan shartnomasi bor Mahmud Muhammadjonovni "Paxtakor" olib qolmoqchi. "Sherlar" uning ijara muddatini uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib boryapti. Agarda tomonlar kelishib olsa, u yana bir yil jamoada qoladi, yoki boshqa variantlar ko‘rib chiqiladi.
Doston Hamdamovning "Andijon"ga o‘tishi haqida mish-mishlar chiqdi, lekin u ham klub safida qoladi. Dekabr oyining so‘nggida rasmiy xabar e’lon qilinishi kutilmoqda.
Fikrlar