
Pekin-2022 qishki Olimpiadasi uchun xokkey bo‘yicha kvalifikatsiya tizimi e’lon qilindi
Xalqaro xokkey federatsiyasi 2022 yili Xitoyning Pekin shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi qishki Olimpiya o‘yinlari uchun erkaklar o‘rtasidagi kvalifikatsiya tizimini tasdiqladi. Unga ko‘ra, tizim uchun so‘nggi ikki Olimpiya o‘yinlarida qo‘llanilgan usul tasdiqlandi.
Erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda jami 12 jamoa ishtirok etadi. Bulardan 8 nafari ayni palladagi jahon reytingiga qarab tanlab olinadigan bo‘ldi. Shunda quyidagi 8 terma jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri Pekin-2022 ishtirokchisiga aylanmoqda: Rossiya, Kanada, Finlyandiya, Shvetsiya, Chexiya, AQSh, Germaniya va Shveytsariya. Shu jumladan, Xitoy mezbon tariqasida to‘qqizinchi jamoa sifatida belgilandi. Qolgan 3 yo‘llanma 4 bosqichdan iborat saralash tizimi orqali o‘ynaladi. Unda xalqaro tashkilotga a’zo davlatlar reytingiga qarab turli bosqichlardan bellashuvlarga kirishadi. Dastlab shu yilning noyabr oyida reytingi past bo‘lgan terma jamoalar uchun saralash bosqichi bo‘lib o‘tadi. Shu tariqa so‘nggi bellashuvlar 2020 yilning 27-30 avgust kunlari belgilangan shaharlarda o‘tadi. So‘nggi bosqich jamoalari quyidagicha ko‘rinishda:
“D” guruhi: Slovakiya (mezbon), Belarus, Avstriya va saralashdan chiqqan jamoa.
“E” guruhi: Latviya (mezbon), Frantsiya, Italiya va saralashdan chiqqan jamoa.
“F” guruhi: Norvegiya (mezbon), Daniya, Koreya Respublikasi va saralashdan chiqqan jamoa.
Yuqoridagi 3 guruhda g‘olib bo‘lgan terma jamoalar Pekin qishki olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Saralash tizimi va boshqa saralash bosqichlari haqida ma’lum olish uchun ushbu havolaga o‘ting.
Fikrlar