PFL endi mahallalarda ham futbolni rivojlantiradi

  • 27.12.2018 15:35
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 1
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Mahallalarda futbolni yanada rivojlantirish, yoshlarni jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularda sportga, xususan futbolga bo‘lgan qiziqishni oshirish, aholini bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tishini ta’minlash, ularni sog‘lomlashtirish uchun futbol o‘yinlariga jalb etish ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi hamda O‘zbekiston professional futbol ligasi o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi imzolandi.  Bu haqda PFL rasmiy sayti xabar bermoqda.

Memorandumga asosan mahallalarda futbolni keng ommalashtirish, ayniqsa, uni yosh avlod o‘rtasida targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlar tashkil etish, shuningdek, yoshlarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga yo‘naltirilgan turli futbol musobaqlalarini muntazam ravishda tashkil etish borasida hamkorlikda ish olib borilishi kelishib olindi.

Mahallalarda futbolda yuqori natijalarga erishgan faxriy o‘yinchilar, murabbiylar bilan uchrashuvlar va davra suhbatlarini doimiy tashkil etish, qolaversa taniqli futbolchilarning hayoti va faoliyati haqida turli targ‘ibot vositalari – filmlar, plakat, risola, bukletlarni chop etish va mahalla idoralarida futbolchilar burchagini tashkil qilishga kelishib olindi.

O‘zaro hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad – mahallalarda iqtidorli yoshlarni futbolga jalb qilish, ular o‘rtasida turli musobaqalar tashkil etish bilan bir qatorda, aholini futbol uchrashuvlariga yanada ko‘proq jalb etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tishini ta’minlash va hududlarda jamoalarning o‘yinlar vaqtida o‘z mahalliy ishqibozlari tomonidan munosib qo‘llab-quvvatlanishiga erishish, mahalla yoshlarining darslardan bo‘sh vaqtda futbol uchrashuvlariga muntazam ravishda tashrif buyurishlarini va o‘z mahalliy jamoalarini qizg‘in qo‘llab-quvvatlashlarini ta’minlash sanaladi. 

Memorandum imzolash jarayonida Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi boshqaruvi raisi Shavkat Javlonov ushbu yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik orqali yosh avlodning futbolga mehrini orttirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida stadionlarga muntazam tashriflarini yo‘lga qo‘yish har jihatdan foydali bo‘lishini ta’kidladi. O‘z navbatida O‘zbekiston professional futbol ligasi Bosh direktori Omon G‘ofurov mahalla ahlining nafaqat Superliga, Pro-liga va O‘zbekiston kubogi uchrashuvlari vaqtida oilaviy tarzda, balkim haftaning istalgan kunida klublar stadionlariga va klub muzeylariga tashriflarini tashkil etish orqali o‘zimizning mahalliy klublarimizga bo‘lgan e’tibor va muxlislar qiziqishini orttirishga erishishimiz mumkin ekanini qayd etib o‘tdi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
darwesh
27/12/2018 19:48
Кучада футбол бор пайтда чемпионатимиз кучли эди. Энди факат академиялар