
Pro-liga klubi "Zomin" faoliyatini yakunlashi mumkin!? Bunga sabab nima? Jamoa sport direktori bilan maxsus intervyu!
Yurtimizda daraja bo‘yicha Superligadan keyin turuvchi Pro-liga musobaqasi qisqa muddatga tanaffusga chiqdi. Hozirda yuqori o‘rinlar uchun kurash avjida. Turnir har tomonlama muxlislarni shod eta olmoqda. Ammo...
Yaqinda chiqqan xabarlarga ko‘ra, so‘nggi pog‘onadagi "Zomin" klubi homiylar ko‘magiga muhtoj bo‘lib qolgan. Hatto jamoa iqtisodiy qiyinchiliklar sabab faoliyatini to‘xtatishi mumkin. SPORTS.uz sayti muxbiri Shohrux Zoirov "Zomin" jamoasi sport direktori Akmal Rahmatullaev bilan shu masalaga yanada aniqlik kiritish maqsadida bir necha savollarni berib o‘tdi.
Marhamat, quyida jamoaning holati, nega inqiroz yoqasiga kirib qolgani haqida batafsil tanishib chiqishingiz mumkin.
1. Ma’lum bo‘lishicha, "Zomin" jamoasi hozir ancha qiyin davrlarni boshdan kechirmoqda. Klub moliyaviy inqiroz holatiga tushib qolgan. Bunga aynan nima yoki nimalar sabab bo‘ldi? Shu haqda batafsil gapirib bersangiz.
- Ha, jamoamiz moliyaviy tomondan hozir qiyin ahvolda. Shu vaqtga qadar klubning rasmiy homiysi bo‘lmagan. Asosan, tuman va viloyat hokimligi tomonidan tumanimizda sportning futbol turini ommalashtirish bo‘yicha jamoamizga mablag‘ ajratib kelingan. Biz bir necha marotaba tuman va viloyat hokimligiga klubga mablag‘ ajratish bo‘yicha xat bilan murojaat qildik. Ammo hozirgacha natija bo‘lmadi. 2022 yilning dastlabki 3 oyida tumanimizdagi kichik tadbirkor tomonidan jamoamiz moliyalashtirilgan edi. Ammo bundan keyingi oylar uchun tadbirkorning mablag‘lari etmay qoldi.
2. Agar yangi homiy topilmasa, jamoa faoliyatiga yakun yasalishi ham mumkinmi?
- Biz jamoani shunchaki mablag‘ bo‘lmagani uchun faoliyatini tugatmoqchi emasmiz. Jamoa rahbariyati bilan kelishgan holda mavsum so‘nggiga qadar qanday bo‘lmasin, Pro-ligada qolmoqchimiz. To‘g‘ri, o‘tgan yilgi mavsumda biz "Oqtepa" va "Istiqlol"ning Pro-liga musobaqasini oxiriga etkazmay, ma’lum sabablarga ko‘ra yopilganligini ko‘rgandik. Biz bu yo‘ldan ketmoqchi emasmiz. Chungi jamoaning Pro-ligada ishtirok etishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Bizda futbol klublari uchun zarur bo‘lgan baza va stadion bor va eng asosiysi, jamoaning sodiq muxlislari bor. Shuning uchun, biz tuman va viloyat xokimligining homiylik qilishini kutib o‘tirmoqchi emasmiz. O‘zimiz jamoani Pro-ligada saqlab qolish uchun Respublikamizdagi tadbirkorlarga "Zomin" futbol klubi uchun xomiylik qilish bo‘yicha murojaat qildik. Qisqa vaqtlarda homiy topilmasa, jamoamiz muddatidan oldin musobaqani tark etadi.
3. Bilishimizcha, klub uchun ancha sifatli stadion foydalanishga topshirilgan. Bu jihat "Zomin"ning moliyaviy qiyinchilikka tushib qolishida qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?
- "Zomin markaziy o‘yingohi" 2020 yilda foydalanish uchun topshirilgan edi. Lekin o‘yingoh jamoaga tegishli emas. Stadion tumanimizdagi "Bolalar va o‘smirlar sport maktabi" balansida. Biz bu o‘yingohdan faqatgina ijara shartnomasi asosida mashg‘ulotlar va o‘yin kunida foydalanamiz. Qolgan vaqtda BO‘SMning barcha sport turi tarbiyalanuvchilari foydalanishadi.
4. Shunda jamoa o‘z stadioniga ega emas. Shunaqami?
- Ha, stadion "Zomin" futbol klubi balansida emas. Lekin stadion qurilayotganda faqat futbol klub emas, balki barcha yoshlar sport bilan shug‘ullanishini hisobga olinib, BO‘SM balansiga kiritilgan sabab stadion atrofida sportning 10 turi bo‘yicha bino va inshootlar joylashgan. Shularni inobatga olib, o‘yingoh BO‘SMga berilgan. Ammo "Zomin" futbol klubi va klub tarkibidagi barcha yoshlar jamoalari stadiondan foydalanmoqchi bo‘lganda hech qanaqa muammoga duch kelmaydi.
5. Shu paytga qadar klubni tuman hokimiyati moliyalashtirib kelganini aytdingiz. Hozirgi vaqtda pul bilan ta’minlash masalasi hokimiyat tomonidan rad etildimi yoki boshqa sabablar ham bormi?
- Hokimiyat tomonidan jamoani moliyalashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu bo‘yicha klub raxbarlari alohida shug‘ullanmoqda. Lekin biz klubni tuman va viloyat hokimligiga qaram qilib qo‘ymoqchi emasmiz. Klubimizni tuman va viloyatdagi moliyaviy tomondan salohiyatli tadbirkorlarga biriktirib berilishini so‘rayapmiz. Ya’ni jamoani davlat tashkilotidan hususiy tashkilotga aylantirmoqchimiz. Jamoani hususiy klub qilmoqchimiz.
6. Aslida, klub tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsad nimalardan iborat edi? Nimalarga erishildi va kelajak uchun yana qanday rejalar bor?
- Asosiy maqsad - tumanimizda sportning futbol turini ommalashtirishdir. Lekin yana bir maqsad bor, bu stadionga kelgan 1000 yoki 2000 insonning uyiga bir haftada bir marta bo‘lsa ham zavq olib kirishdir. Agar jamoamiz g‘alaba qazonsa, o‘sha kuni stadionga kelgan minglab insonlarning uyida haqiqiy bayram bo‘ladi. Bu haqiqiy maqsaddir. Jamoa o‘tgan yili 11 ta jamoa ishtirok etgan Birinchi liga musobaqalarida ishtirok etib, guruhda 1-o‘rinni egalladi va bu yildan Pro-liga musobaqasida ishtirok etmoqda. Qayd etish lozim, jamoamiz ilk bora Birinchi liga musobaqasi g‘olibiga aylandi.
Kelajakdagi rejalar aniq. Zomin tumanimizdan Mirjalol Qosimov, Odil Ahmedov, Eldor Shomurodov kabi mahoratli futbolchilarni milliy terma jamoaga tarbiyalab berish va bu orqali O‘zbekiston bayrog‘ini yanada yuqoriga ko‘tarishdir.
7. "Zomin"ning qarzdorliklari, futbolchilarga to‘lanadigan maoshlar borasida ma’lumot berib o‘tsangiz.
- Klubimizning 3 oydan buyon futbolchilar va ishchilar oldida qarzdorligi bor. Futbolchilarning o‘z vaqtida maosh olmasligi jamoaning ketma-ket mag‘lubiyatga uchrashiga asosiy sabablardan biri bo‘lmoqda. Buni Pro-liga musobaqa jadvalida ham ko‘rish mumkin. Shu sabab biz tadbirkorlarga homiy bo‘lish bo‘yicha murojaat qildik.
8. Klub mutasaddilari oldida Jizzaxning bosh jamoasi, hozirda mamlakat chempionligi uchun kurashayotgan "So‘g‘diyona" jamoasidan yordam so‘rash varianti ham mavjudmi?
- "So‘g‘diyona" Superliga va OFK kubogida yaxshi ishtirok etmoqda. Biz bu jamoadan ikkala musobaqada g‘olib bo‘lishini tilab qolamiz. "So‘g‘diyona" bilan biz doimo hamkorlikda ishlab kelganmiz. Hozirda ham jamoamiz tarkibida ulardan 1 nafar futbolchi ijara asosida harakat qilmoqda. Futbolchilar borasida biz doimo "So‘g‘diyona" jamoasidan yordam so‘raganmiz.
- Homiy tadbirkorga biz jamoa orqali o‘zning ishlab chiqarish mahsulotlarini stadionda va futbolchilarning futbolkalari orqali bepul reklama qilib bera olamiz. Sababi PRO-liga musobaqalari Futbol TV va Uzreport TV kanallari orqali jonli olib borilmoqda. Bu asosiy bepul reklamadir. Kelajakda homiyning brendlarini jahonga ham olib chiqishimiz mumkin.
YaNA BIR BOR BARChA TADBIRKORLARNI O‘Z KELAJAKLARINI "ZOMIN" FUTBOL KLUBI ORQALI QURIShGA VA HAMKORLIKDA IShLAShGA ChAQIRIB QOLAMIZ.
Shohrux Zoirov suhbatlashdi.
Fikrlar